Superliga-2026. Mavsum davomida kuzatib borish kerak bo'lgan yosh iqtidor egalari
27 fev 14:38
Yangiliklar
Superliga-2026. Mavsum davomida kuzatib borish kerak bo'lgan yosh iqtidor egalari
Ular nafaqat o'z jamoalarida muhim figuraga aylandi, balki muxlislar va mutaxassislarning ham etiborini o'ziga torta oldi. Endi esa yangi mavsum arafasida ushbu iqtidor egalari oldida yanada katta sinov turibdi. Bugun Superliga start oladi. Shu munosabat bilan o'tgan mavsum ligada porlagan va bu mavsumda ham o'z klubiga ulkan umidlar baxsh etayotgan yosh futbolchilarga to'xtalib o'tmoqchimiz.
Behruz Karimov
Surxon jamoasining 2007 yilda tug'ilgan futbolchisi Behruz Karimov o'tgan yilgi mavsum ajoyib o'yinlari bilan ko'pchilikning yodida qoldi. Poziciyasi bo'yicha himoyachi hisoblanuvchi Karimov hujum guruhini ham faol ravishda qo'llab-quvvatladi.
U o'tgan yilgi mavsum davomida jamoasining 14 ta o'yinida ishtirok etdi. 11 ta bahsni asosiy tarkibda boshladi va himoyachi bo'lishiga qaramay, 4 ta gol urdi.

Shuningdek, futbolchining o'yini O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi — Fabio Kannavaroning ham nazaridan chetda qolmadi. Terma jamoaning qishda tashkil etilgan yig'iniga Behruzjon Karimov birinchi marta jalb etildi. Ushbu yig'in doirasida Xitoy termasiga qarshi o'tgan nazorat o'yinida futbolchi milliy jamoadagi debyut golini kiritishni ham uddaladi.
Amir To'raqulov
"Bunyodkor" jamoasining 21 yoshli hujumchisi Amir To'raqulov o'tgan mavsum jamoadagi o'rnini yanada mustahkamlab oldi. Futbolchi mavsum davomida "qaldirg'ochlar"ning 25 ta o'yinida maydonga tushirildi. Amir ushbu o'yinlarning 16 tasini asosiy tarkibda boshladi. Hujumchi mavsum davomida 3 ta gol kiritdi va bitta golli uzatma amalga oshirdi.

Futbolchining "Nasaf" va "Qo'qon-1912" jamoalariga urgan gollari jamoasiga durang natijani keltirdi. 19-turda "Buxoro" darvozasiga kiritgan to'pi esa uchrashuv taqdirini hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'ldi.
Sardor Bahromov
O'tgan yilgi mavsum o'rtasida "Nasaf" jamoasi jiddiy yo'qotishga uchradi. Jamoaning etakchi futbolchisi Akmal Mozgovoy klubni tark etdi. Shundan so'ng, Ro'ziqul Berdiev ushbu tayanch yarimhimoya chizig'ida 20 yoshli Sardor Bahromovni o'ynatishni boshladi.

Takidlash kerakki, Sardor uchun dastlabki mavsum juda omadli bo'ldi. Futbolchi jamoada muqim o'rin egallash bilan bir qatorda Osiyo Elit Chempionlar Ligasida "Al Hilol" va "Al Vahda" klublari darvozasiga ajoyib gollarni ham kiritdi.
Bahromovning yuqori saviyadagi o'yini O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaroning etiboriga ham tushdi va italiyalik mutaxassis futbolchini milliy jamoaning 2 ta yig'iniga jalb etdi.
Firdavs Abdurahmonov
"Dinamo" jamoasi uchun 2025 yilgi mavsum kutilganidan ham yaxshiroq o'tdi. Bunda jamoadagi tajribali futbolchilar bilan bir qatorda yosh iqtidorlarning ham hissasi katta bo'ldi. Mana shunday yosh futbolchilardan biri Firdavs Abdurahmonov edi.

2005 yilda tug'ilgan Firdavs o'tgan mavsum jamoasining 23 ta o'yinida ishtirok etdi. Ushbu o'yinlarda futbolchi 6 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma amalga oshirdi. Uning "Andijon" va "Xorazm" klublari darvozasiga kiritgan gollari o'yin taqdirini hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'ldi.
Yakunda Firdavs Abdurahmonov ham O'zbekiston milliy terma jamoasining yanvar-fevral oylarida tashkil etilgan yig'iniga jalb etildi.
Lazizbek Mirzaev
2023 yil o'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionatida o'zini butun dunyoga namoyish eta olgan Laziz Mirzaev 2026 yilgi mavsumni Superliga klubida o'tkazadi.
Laziz o'tgan mavsum Ispaniyaning "Leganes" yoshlar jamoasida to'p tepgan va yil boshida "G'azalkent" klubi tomonidan transfer qilingan edi. Shundan so'ng, Toshkent viloyati jamoasi uni "Lokomotiv" klubiga ijaraga berdi va Mirzaev yana o'zining jonajon jamoasiga qaytdi.

O'zbekiston Superligasi yosh iqtidorlarga boy. Yuqorida nomlari qayd etilgan futbolchilarning porlashini taxmin qilish osondir. Biroq ligamizda shunday talant egalari borki, ular hali o'z mahoratlarini bizga to'laligicha ko'rsatishga ulgurishmagan va mana shunday yosh iqtidorlarni kashf etish bizning eng asosiy maqsadlarimizdan biridir.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
ЕЧЛ. "Реал Мадрид" Вальверденинг хет-триги эвазига "Манчестер Сити"ни мағлуб этди
ЕЧЛ. "Барселона" меҳмонда "Ньюкасл" билан дуранг ўйнади
Суперлига. "Насаф" сўнгги дақиқаларда урилган гол эвазига "Динамо" билан дуранг ўйнади
ЕЧЛ. "Реал Мадрид" — "Манчестер Сити" 3:0
Fikrlar