So’nggi yangiliklar

02:03Ла Лига. "Атлетико" "Реал Сосьедад"га қарши ўйинда 84-дақиқада гол ўтказиб, ғалабани қўлдан бой берди  2 02:00А Серия. "Фиорентина" 3та пенальти голга айланмаган ўйинда "Милан"ни мағлуб этди, ҳакам 2та қизил карточка кўрсатди, Де Хеа эса учрашув қаҳрамонига айланди!  3 01:55Лига 1. ПСЖ меҳмонда "Ницца"ни ютолмади  0 00:34Ўзбекистон кубогининг янги эгаларига аталган карикатура  0 23:24Хендерсон АПЛга қайтиши мумкин  0 23:09РПЛ. ЦСКА Москва дербисида "Динамо"ни мағлуб этди, Файзуллаевдан навбатдаги гол  6 23:06А Серия. "Рома" "Монца" билан дуранг ўйнади, Шомуродов 86-дақиқада захирадан туширилди  13 22:57БАА чемпионати. "Ал Ваҳда" меҳмонда "Ал Айн"ни мағлуб этди, Эркинов захирада қолдирилди  2 22:50Футзал бўйича ЖЧ. Украинлар Тошкентдаги "жанг"да ғалаба қозонишди, Бразилия чемпион!  1 22:34Бундеслига. "Бавария" 6та тўп киритилган ўйинда 90+4 дақиқада тўп ўтказиб, ғалабани қўлдан чиқарди  7 22:26АПЛ. "Брайтон" "Тоттенхэм"га қарши ўйинда 0:2ни 3:2га ўзгартирган ҳолда камбэк қайд этди  3 22:03Лига 1. "Ланс" меҳмонда "Страсбур" билан жанговар дуранг ўйнади, Ҳусанов баҳсда доимгидек тўлиқ ҳаракат қилди  8 21:45Футзал бўйича ЖЧ-2024. Бразилия Аргентинани мағлуб этиб, олти карра жаҳон чемпионига айланди  6 21:17Ла Лига. Левандовскининг 25 дақиқа ичида қайд этган хет-триги "Барселона"га меҳмонда "Алавес" устидан ғалабани тақдим этди  16 21:13Эрон чемпионати. "Фулад" меҳмонда "Тракторсози"ни мағлуб этди, Юсупов тўлиқ ҳаракат қилди  4

Olamda o'zgarish bor... Yangiliklar

Olamda o'zgarish bor...

Ha, Pro-Ligaga bugun ikkinchi bor qura tashlanadi. O'zbekiston Kubogida juftliklar o'zgaradi. Kim uchundir yaxshi mavzu, chunki hamma joyda ham bunday holat bo'lavermaydi.

Agar hammasi yaxshilikka xizmat qilsa-chi? PFL rahbariyati chempionatdagi, O'FA esa terma jamoalar miqyosidagi yangi qarashlarga qarshi emas, hozircha. SHuning fonida Superliga ham, Pro-Liga ham, O'zbekiston Kubogi ham o'zgardi. Bu holatga qarshi chiqqanlar ham yo'q emas oramizda. Ammo aytish kerakki, eski principlar bilan o'tayotgan liga o'yinlari bilan biror narsaga erishib qolmadik. Mexanizm ish bermayotgan bo'lsa, nega endi unga yangilik kiritish mumkin emas?

Men qo'shilaman, APL va La Liga chempionatlarining formati eng ideal ko'rinish. Va ishonamanki, vaqti kelib O'zbekiston Superligasi ham shu bosqichga etib keladi. Bizda Superliga talabiga javob beradigan 16 ta klubning o'zi yo'q. Borlari ham davlatga qaram, yirik kompaniyalar hukumat talabi bilan pul ajratmasa, ahvoli voy. Superliga klublari sonining 12 taga qisqartirilganida shu jihat yotibdi.

Aytaylik, siz 16 ta yaxshi klub sanab berishingiz ham mumkin. Unda boshqacha savol bersa bo'ladi? Xo'p, 16 ta klubning hammasi Superligada o'ynasa, Pro-Ligada elita talabidagi klub qoladimi? Qolmagan bo'lsa, rasmiyatchilik uchun o'tkaziladigan liganing nima keragi bor? Hozirgi holatda esa “Mashal”, “SHo'rtan”, “Andijon”, “Dinamo”, “Surxon” kabi Superliga talabgorlari bor. Ularning fonida Pro-Ligada ham raqobat vujudga keladi.

Va yana bir jihat bor. Superliganing hozirgi formati bo'yicha, chempionlik uchun kurash masalasiga oltilikka kira olmagan klublar tasir o'tkaza olmaydi. Kim chempion bo'lmoqchi, “Paxtakor”mi yoki “Lokomotiv”? Marhamat, o'zaro o'yinlar orqali buni hal qilsin, yoki Qarshida “Nasaf”ni, Toshkentda “Bunyodkor”ni engib, shunga erishsin. Evaziga muxlislar uchun markaziy va principial o'yinlar ko'payadi. Oltilikka kira olmagan klublar esa o'zining g'amini eydi, ular quyi ligaga surgun bo'lmaslik harakatiga tushadi. Tushib ketish ehtimoli bor klublarning 3 ta ekani esa, raqobatni biroz bo'lsa-da kuchaytiradi.

Pro-Ligada nega 2 ta zona bor?

Pro-Liga talabidagi klublar ko'p. Hammasini eshitsangiz, tog'ni talqon qilaman deb turibdi. Biroq quyi liga klublari mavsum boshida boshqacha, yakunida umuman boshqacha gapirishi ham sir emas. Mayli, o'ynasin Pro-Ligada. Biroq minimum talablarga javob bergani holatida ishtirok etsin.

Pro B zonasi vakillari joriy mavsum qanday natija ko'rsatayotganidan qatiy nazar, PFL talablarini yil choraklarida bajarib bormasa, liga bilan xayrlashadi. Endi PFL yanvar oyida stadionlarga borib, ahvolingni yaxshila demaydi. CHunki klub bunga ulgurmaydi, PFL ham buni yaxshi tushunadi. Endi hammasi bosqichma-bosqich bo'ladi. Aytaylik, iyun yakuniga qadar suv bilan bog'liq obektlar taxt holatga kelishi kerak (hammom, hojatxona va hokazo). Oktyabrga qadar esa echinish xonalari, uqalash xonalari, hakamlar xonasi tayyor bo'lishi lozim. Bunda mavjudlari shunchaki tamirdan chiqarilishi bilan ish bitmaydi. Kamida 20 nafar futbolchi dush qabul qiladigan joyda, 1—2 dona shunday xonaning bo'lishi etarli emas. Yana 2 yildan keyin mamlakatning etakchi klublari mana shu stadionlarga bemalol keladigan darajada tartib o'rnatilishi shart. Qilingan ishlarning hammasi keyinchalik klubning o'ziga qoladi.

Agar yanvar oyidayoq borib, stadioningni yaxshila deyilsa, klub qo'lidagi pulni tribunaga, hammomiga, maydoniga, echinish xonalariga, xullas, turli ishlarga bo'lib tashlashga majbur. Oqibatda biz kosmeticheskiy remont deb aytadiganimiz holatgina vujudga keladi. Yaxshisi, o'sha klublarga 2—3 yil vaqt berib, ishlarini bosqichma-bosqich nazorat qilish mumkin. Kimda ish ketayotgan bo'lsa, Pro-Liga eshiklari ochiq. Iyur oyida hali hech narsa qilinmagan bo'lsa, o'sha klub bilan xayrlashiladi.

SHuningdek, kelasi yildan boshlab maydonlar borasida PFL ish olib boradi. Dodamning zamonidan qolgan ajriq bilan mavsumni o'tkazish davri o'tdi. Pro-Liga klublari ham o'z maydonlarini talab darajasiga keltirish ustida bosh qotiradi. Kerak bo'lsa bankdan kredit olib bajaradi bu ishni. “Paxtakor” va “Nasaf” kabi klublar O'zbekiston sharoitida qanday ishlayotgani, xorij firmalari bizning sharoitga nimani taklif qilishi mumkinligi borasida PFLning o'zi ham izlanadi, tavsiya qiladi.

Ko'rinishidan B zona vakillarining Superligaga yo'l olishi Pro A vakillarinikidan osonroq, to'g'rimi? CHunki ular kuchsiz klublar raqobati orqali pley-offga etib keladi. Mana shu erda shoshilish kerak emas. Agar talabgor klub 1 yil ichida unga qo'yilayotgan talablarga ulgursa, uning uchun eshiklar ochiq. Ulgurmasa, natijasi qanday bo'lsa ham, Superligaga o'ta olmaydi. Davogarlar shuni unutmasliklari shart. Hozir 1 yilning o'zida Superliga talabidagi klubga asos solamagan deyayotganlar bor. Marhamat, ularga nazariy jihatdan imkoniyat tortiq qilindi. Ulgurilmasa hech qisi yo'q, kelasi yil ham bor. Pro A esa PFL quyi ligadan istayotgan raqobatni yuzaga keltirishi kerak. Kutilayotgan jihat hozircha shu.

O'zbekiston Kubogi

Bungacha har bir klub finalgacha bo'lgan yo'lni taxminan bilgan. Buni yutsam unga tushaman, uni yutsam bunga raqib bo'laman degan xayol ularni ortga qadam tashlashga undagan. Aytaylik, vodiyning yaxshi bir klubi bor. Kubok setkasiga qarasa, Muborakka borishi kerak, amallab o'tsa, Farg'onaga keladi, keyin Toshkentning bir grandi bilan to'qnash keladi va oxirida Qarshi kutib turibdi. O'sha vodiy klubi o'zining imkonyatini bilgani holida, Muborak, Farg'ona, Toshkent, Qarshi safarlariga ketadigan yo'l harajatlari-yu, mehmonxona chiqimlaridan qochib, kubok degan so'z ustiga chiziq tortib qo'ya qolardi. Vaholanki, kubok g'olibi OCHLda ishtirok etadi.

Endi esa o'sha narsa yo'qotildi. Kimdir kulishi mumkin finalga “Norin” etib keladimi, deb. Bo'lishi mumkin, agar siz faqatgina shu jihat haqida o'ylab, uni hangoma qilayotgan bo'lsangiz. Hozirgi holatda esa “Qo'qon-1912”, “Navbahor”, “Buxoro”, AGMK kabi klublarda ham motivaciya paydo bo'ladi. Ulardan biri OCHL yo'llanmasini qo'lga kiritgudek bo'lsa, yana bir pog'ona o'sadi, chunki endi PFLgina emas, OFK talablariga ham javob berishi kerak bo'ladi, yomonmi?

Format Angliya Liga Kubogidan olindi. Hozirning o'zidayoq uning bo'yicha yangi takliflar bor. 2019 yilgi mavsum avvalida o'sha takliflar ham ko'rib chiqiladi nasib bo'lsa.

Agar shularni ham tarozini bir pallasiga qo'ysak, quraning ikkinchi bor tashlanayotgani balki u qadar qo'rqinchli ko'rinmas-a? Biz yaxshisi nomimizni yomonotliq qilib, ikkinchi bor qura tashlaylik. U 2 soatda o'tadi, ketadi. Pro-Liga ham, kubok ham start olib ulgurmagandi. Muhimi biz yana 1 yilni yo'qotmaylik-da, otni hozirdanoq qamchilik qolaylik. Yuqoridagilarning hammasi eng to'g'ri va eng zo'r yo'l demoqchi emasmiz. Bazida Xudoning o'ziga ham tavakkal qilib turilganidek, yaxshisidan umidvormiz. O'zgarishlar balki yutug'imiz bo'lib xizmat qilsa, yuzimiz yorug' bo'ladi. Hozircha esa hammamizga yangi formatlar muborak bo'lsin!

Muallif :
Reyting: +46   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика