"Nasaf"ning o'yini Samarqandda, "So'g'diyona"ning uchrashuvi esa mezbon maqomida Toshkentda o'tkaziladi

Sherzod Nurmatov
10 mar 2026, 18:08
Bu haqda PFL matbuot xizmati ma'lum qildi.

Superliga 4-turi doirasidagi "Nasaf" – "Surxon" uchrashuvi Samaraqand shahridagi "Dinamo" stadionida bo'lib o'tadi. 

Xabaringiz bor, "Nasaf" uy uchrashuvlarini G'uzordagi "Markaziy" stadionida o'tkazib kelayotgandi. Ammo G'uzor shahridagi "Markaziy" stadioni hozirda Superliga uchrashuvlarini o'tkazish uchun talab darajasida emas. Shu bois, "Nasaf" klubi Superliga 4-turidagi uy uchrashuvini o'tkazish uchun "Dinamo" stadioni bilan shartnoma imzolab, Ligani xabardor qilgan. Uchrashuv taqvim bo'yicha 20 mart kuni bo'lib o'tadi.

Shuningdek, Jizzaxning "So'g'diyona" klubi "Paxtakor"ga qarshi 4-tur bahsini Toshkentda "Paxtakor" stadionida o'tkazishni so'rab Ligaga rasmiy so'rov yuborgan. Ma'lumot uchun, Jizzaxning "So'g'diyona" klubi uy uchrashuvlarini Zomindagi stadionda o'tkazishni rejalashtirgan edi. Ammo hozir stadionda uchrashuvlarni Superliga o'yinlarini o'tkazish uchun talab darajasiga keltirish maqsadida amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bois, "So'g'diyona" – "Paxtakor" bahsi taqvimda avval belgilanganidek sanada, 20 mart kuni o'tkaziladi. Uchrashuvda "So'g'diyona" klubi rasman mezbon maqomida harakat qiladi. Shuningdek, jamoalarning ikkinchi davradagi uchrashuvi ham taqvim bo'yicha "Paxtakor" stadionida o'tkaziladi va unga Paxtakor taqvimda belgilanganidek mezbonlik qiladi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: pfl.uz