"Menga Argentinadan 4000 ta o'lim tahdidi keldi!" - Sneyder Vinisius va Prestianni mojarosi haqida

Aslanov Jasurbek
25 fev 2026, 14:57
Madridning "Real" klubi sobiq yarim himoyachisi Uesli Sneyder Chempionlar Ligasidagi Vinisius Junior va Janluka Prestianni o'rtasidagi irqchilik mojarosiga bildirgan munosabatidan so'ng jiddiy tahdidlarga uchraganini ma'lum qildi.

Voqeaning asl sababi:

Eslatib o'tamiz, o'tgan hafta "Real" va "Benfika" o'rtasidagi dastlabki bahsda (1:0) Vinisius hakamga Prestianni og'zini futbolka bilan yopgan holda uni "maymun" deb haqorat qilganini aytgan edi. Bu voqeadan so'ng Sneyder agar Prestiannining aybi isbotlansa, uni jamoadan haydash kerakligini va Vinisius bunday narsani o'ylab topmasligini takidlagandi.

4000 ta tahdid va Sneyderning javobi:

Niderlandiyalik sobiq yulduz "Ziggo Sport" efirida ushbu fikrlari uchun qanday bosimga uchraganini so'zlab berdi:

"Agar Prestianni haqiqatan ham shunday degan bo'lsa, u hech qachon buni tan olmaydi. Bu dahshatli holat. O'tgan hafta o'z fikrimni ochiq bildirganim uchungina menga Argentinadan 4000 ta o'lim tahdidi keldi.

Har kim o'z fikriga ega bo'lish huquqiga ega. Menga tahdid qilayotganlarning ham o'z qarashlari bor. Mening esa ko'rayotgan voqealarimga asoslangan o'z poziciyam bor".

UEFA va "Benfika"ning qarori haqida:

Shuningdek, Sneyder UEFA tomonidan argentinalik futbolchining vaqtincha chetlatilganiga ham to'xtalib o'tdi:

"O'ylaymanki, "Benfika" rahbariyati shundoq ham: "Keling, yaxshisi bu yigitni javob o'yiniga olib bormaymiz", deb o'ylagan. UEFA ham aynan uni himoya qilishni va keyin surishtiruvni davom ettirishni ko'zlagan. Lekin ular bu borada uzoqqa bora olishmaydi. Hamma narsa Prestianniga qarshi ishlamoqda, ammo buni yuz foiz isbotlaydigan aniq dalil keltirishning iloji yo'q".

Lissabon klubi atrofidagi bu mojaro nafaqat futbolchilar, balki ekspertlar uchun ham xavfli tus olmoqda.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: HLN