So’nggi yangiliklar

07:25ОЧЛ-2. "Насаф" жамоаси сафарда "Шабаб Ал-Аҳли" клубига мағлуб бўлди. Азмун уч дақиқа ичида иккита гол урди.  0 03:05АПЛ. "Арсенал" бурчак зарбаларидан урилган голлар эвазига "Манчестер Юнайтед"ни мағлуб қилди  11 02:59ЛаЛига. Мбаппе пенальтидан гол ура олмаган ўйинда "Реал" мағлуб бўлди  27 02:30АПЛ. "Манчестер Сити"да ниҳоят ғалаба, "Ньюкасл" — "Ливерпуль" ўйинида 6та гол ва "Челси"дан йирик ғалаба  17 01:57Турк футболчисига МЮ, "Ливерпуль", "Арсенал" ва ПСЖ қизиқмоқда  0 01:32Жаҳонгир Ортиқхўжаев, "Пахтакор" янги бош мураббийи ва Максим Шацких иштирокидаги матбуот анжуманидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  1 00:37Куртуа "Реал" билан шартномани узайтирмоқчи. Дарвозабоннинг вакиллари Саудия Арабистонидан қизиқиш ҳақида билишмайди  1 00:04АПЛ. "Арсенал" - "Манчестер Юнайтед" баҳси асосий таркиблари маълум!  15 23:56"Атлетик" — "Реал". Беллингем, Мбаппе ва Родриго асосий таркибда  20 23:15Озарбайжон кубоги. "Сумқайит" кейинги босқичга чиқди, Жалолиддинов 120 дақиқа ҳаракат қилди  0 22:54ОЧЛ-2. "Насаф" навбатдаги мағлубиятини қабул қилиб олиб, мусобақани тарк этди  122 22:34"Байер" Вирцнинг нархини белгилади  3 21:40АПЛ тўртта топ клуби Испания терма жамоаси юлдузига қизиқмоқда  1 20:47"Боруссия Д" қишда Маленни қўйиб юборишга тайёр  0 20:18"Шабаб Ал Аҳли" — "Насаф". Таркиблар маълум  8

"Lokomotiv"dagi muhit menga yoqdi, bir yilda 10tacha qo'lqop almashtiraman, dadam tufayli darvozabon bo'lganman" - Abdumavlon Abdujalilov bilan suhbat Yangiliklar

"Lokomotiv"dagi muhit menga yoqdi, bir yilda 10tacha qo'lqop almashtiraman, dadam tufayli darvozabon bo'lganman" - Abdumavlon Abdujalilov bilan suhbat

"Lokomotiv" yangi mavsum oldidan o'z safini bir nechta futbolchi bilan to'ldirib oldi.

SHulardan biri - istedodli darvozabon Abdumavlon Abdujalilov. Xabaringiz bor, Abdumavlon "temiryo'lchilar" safiga "Bunyodkor"dan ko'chib o'tdi. Uning yangi jamoa tarkibida shug'ullanishni boshlaganiga bir oydan oshdi. Bu orada o'ziga yarasha taassurotlar olgan bo'lishi tabiiy. SHu bois yosh posbondan intervyu oldik. 


- Abdumavlon, "Lokomotiv"ga o'tish qanday yuz berdi?

- "Lokomotiv" o'tgan yil O'zbekiston Kubogida oxirgi uchrashuvini o'tkazganidan so'ng klub rahbariyatidan taklif tushdi. Menga Evropadan yangi murabbiy kelayotgani hamda jamoa oldiga yuqori maqsadlar qo'yilishini aytishdi. "Lokomotiv" darvozabonlar murabbiyi Daniel CHabrera bilan ko'rishib gaplashdim, u menga o'yinim maqul kelgani, "temiryo'lchilar" safiga o'tsam bundan xursand bo'lishini aytdi. SHundan so'ng "Bunyodkor" murabbiylari bilan maslahatlashdim. Bilasiz, o'sha payt "Bunyodkor"da muammolar ko'p bo'lib, futbolchilar bilan shartnoma haqida gaplashadigan rahbar yo'q edi. Uydagilardan maslahat olganimda "Lokomotiv"ga o'tsam hammasi yaxshi bo'lishini aytishdi. Natijada erkin agent sifatida "Bunyodkor"ni tark etib, "temiryo'lchilar" bilan shartnoma imzoladim.

 

- Bu o'rinda "Lokomotiv"ning o'tgan yil 9-o'rinni olgani ham o'ylantirmadimi? 

-  Yo'q. CHunki futbolda yuqori ko'tarilish bilan birga pastga tushish ham uchrab turadi. "Loko" bungacha ketma-ket uch yil chempionlikni qo'lga kiritdi. Lekin o'tgan yil omadsiz kelib, 9-o'rinni egalladi. Hamma yaxshi biladiki, "Lokomotiv" - kuchli klub va o'zbek futbolida o'z o'rniga ega. O'tgan mavsum karantin ham o'z tasirini ko'rsatdi, jamoaning birinchi davrada omadi kelmadi. Ammo ikkinchi davrada ko'rdikki, "Loko" o'ziga qaytdi.


- Uydagilar yangi jamoaga o'tishingizga qanday munosabat bildirdi?

- Dadam professional futbol o'ynamagan bo'lsalar ham, yoshlar va o'smirlar jamoasida to'p tepganlar. SHu bois birinchi murabbiyim ham dadam hisoblanadi. O'yinim borasida dadamdan ko'p fikr olib turaman. "Lokomotiv"ga kelishdan oldin maslahat so'raganimda, to'g'ri variantni tanlaganimni aytdilar.


- "Bunyodkor" shartnomani uzaytirishga harakat qilib ko'rdimi? 

- O'sha payt vaziyat qaltis edi. CHunki biz bilan shartnoma tuzadigan odamning o'zi yo'q edi. Nafaqat men, balki Islom Qobilov bilan Sanjar Qodirqulovda ham shunga o'xshash vaziyat yuzaga keldi. Biz nima qilishni bilmay qolgandik. Bu sharoitda yaxshi klubdan taklif tushsa tezda qabul qilish haqida o'ylaysiz. SHu bois oldinga qadam tashlash uchun "Lokomotiv"ni tanladim. O'tgan yil Ulug'bek aka Mirzaev bilan gaplashib, shartnomani uzaytirngandim, lekin bu yil uchun hech kim biz bilan gaplashmadi.


- "Lokomotiv"da sizni qanday kutib olishdi?

- Jamoadagi muhit juda yaxshi ekan. "Bunyodkor"da ham kollektiv zo'r edi, bu erda ham shunday. Futbolimizda hamma bir-birini taniydi. Meni iliq qabul qilishdi.


- Jamoaga to'liq kirishib ketdingizmi? 

- Ishonch bilan kirishib ketdim deya olaman. To'g'risi, menga yangi jamoani bilib olish uchun 20 kun etarli bo'ldi. Bu erda  hamma bir-biri bilan yaxshi munosabatda. Guruh-guruh bo'lib yurish yo'q, shu ham meni xursand qildi.


- Keling, endi qisqa savollar bilan biroz sinab ko'rsak. Sizningcha, "Lokomotiv"da eng hazilkash futbolchi kim?

- Marat Bikmaev. 


- Eng jiddiy?

- SHuhrat Muhammadiev bilan SHerzod Fayziev bo'lsa kerak.


- Eng kamgap?

- Kim bo'lishi mumkin? Menimcha, Dilshod Komilov. 


- Eng sergap?

- Hozircha mening bilishim bo'yicha, Xurshid Muxtorov. 


- Eng yaqin do'stingiz?

- To'g'risi, xarakterimga ko'ra yaqin do'st orttirishim juda qiyin. CHunki do'st bu - sizning ikkinchi yarmingiz degani. Do'stga hamma gapni ishonib aytasiz, u sirdoshingiz bo'ladi. "Lokomotiv"ga kelib hali do'st orttirmadim, balki tez orada shunday bo'lib qolar. 


- Hozir ispaniyalik murabbiy Daniel CHabrera qo'l ostida shug'ullanyapsiz. Uning ish uslubi haqida nima deya olasiz? 

- CHabrera bilan ishimiz yaxshi ketyapti. Uning mashg'ulotlaridan o'zim uchun kutilmagan yangilik oldim ayta olmayman. Biz bunday mashqlarni akademiyada o'qib yurgan kezlarim ko'p marta bajarganmiz. Lekin shunisi aniqki, Daniel CHabreraning mashg'ulotlarida o'yinda bo'ladigan holatlar ustida ishlash ko'proq bo'lyapti. Hozirgi futbolda darvozabonlarning o'rni juda yuqori. CHunki darvozabon bitta xato qilsa ham darhol ko'zga tashlanadi. Maydondagi o'yinchilar uch-to'rtta xato qilishi, lekin bu unchalik etiborga olinmasligi mumkin. Ammo darvozabonlar haqida bunday deb bo'lmaydi. Ispaniyalik murabbiy bir qarashda bizga oddiy narsalarni o'rgatayotgandek ko'rinadi, biroq shuni unutmangki, o'yinda mana shu oddiy holatlar kuzatiladi. Yoshlikda bir muddat shularni o'rganib, keyin bajarmay qo'ygan bo'lishimiz mumkin. Endi esa har kuni shunday mashqlarni takrorlayapmiz. Avvallari darvzabonlar uchun oyoqda o'ynash unchalik muhim emasdi, lekin hozir futbol o'zgarib darvozabondan ham oyoqda o'ynash bo'yicha futbolchidek harakat qilish talab qilinyapti. Ispaniyalik murabbiy bizga shularni ham astoydil o'rgatmoqda.


- Yani, bevosita o'yinga boshliq mashg'ulotlar, shundaymi?

- Ha, xuddi shunday. Maydonga chiqib faqat mashg'ulot qilishimiz kerak bo'lgani uchun shug'ullanayotganimiz yo'q, balki murabbiyning har o'yinga tayyorgarlik dasturi bor va shu dastur asosida shug'ullanib kelyapmiz. 


- O'zaro tushunish qanday ketyapti? 

- Bu o'rinda ingliz tilini o'rganganim qo'l kelyapti. Har holda murabbiyning mendan nima xohlayotganini tushunyapman.


- Turkiya yig'ini haqida fikrlaringiz? 

- Oldin qishki yig'in deganda ko'pchilik og'ir mashg'ulotlar va jismoniy yuklamalarni tushunardi. Lekin bu yig'inda ko'rdikki, fizikaga ishlaydigan o'ta murakkab mashg'ulotlar bo'lmadi. Aslida zamonaviy futbolning talabi ham shu, jamoalar mavsumga tayyorgarlik chog'ida o'yin uslubini shakllantirish ustida ish olib borishyapti. SHu bois taktika birinchi planga chiqdi. Biz faqat koordinaciyani ushlab turish uchun har kuni ertalab zalda mashq qildik. Jamoada portugaliyalik murabbiy ish boshlagach, etiborni avvalo barcha futbolchilar bilan yaqindan tanishishga hamda o'yin uslubini shakllantirishga qaratib kelmoqda. Turkiya yig'ini yaxshi o'tdi, ko'pchilik ijobiy fikrda va eng asosiysi murabbiylar ishimizdan qoniqdi. 


- Yangi mavsumga oz qoldi. Javohir Ilyosov bilan bo'ladigan raqobat haqida nima deya olasiz?

- Men o'zimga ishonganim uchun ham "Lokomotiv"ga o'tdim. Javohir Ilyosov juda yaxshi darvozabon va yaxshi inson. U bejizga milliy terma jamoaga chaqirilayotgani yo'q. Endi raqobat hamma joyda bo'ladi. O'z navbatida men ham, u ham o'zimizni ko'rsatishga harakat qilyapmiz. To'g'risi, raqobatdan hech qachon qo'rqmaganman. Samimiy raqobat bor joyda doim xursand bo'laman. 


- Birga ishlagan darvozabonlarga hamkasb sifatida qaraysizmi yoki raqobatchimi?

- Maydon tashqarisida hamma bilan yaxshi munosabatdaman. Biz bitta jamoamiz va maqsad sari hammamiz bir bo'lib intilamiz. Mashg'ulot paytida boshqalar kabi men ham raqobatchimdan yaxshiroq ishlashga va o'zimni ko'rsatishga harakat qilaman. Bu esa ishga professional qarash deyiladi. To'g'risini aytaman, menda hech qachon sherigim xato qilsa keyin menga ham imkoniyat beriladi degan fikr bo'lmaydi. Bu g'arazgo'ylikdan boshqa emas. Qaytanga darvozadan men turmasam ham, jamoamiz o'yinda yutsa  xursand bo'laman. Raqobatdoshim kim bo'lishidan qatiy nazar, har doimni o'zaro hurmatni saqlayman va shu bilan birga mashg'ulotlarda o'zimni ko'rsatishga harakat qilaman.


- Siz birga o'ynashni havas qilgan, lekin shu paytgacha amalga oshmagan darvozabon bormi? 

- To'g'risi, bunaqa fikr hali bo'lmagan ekan. O'z paytida Ignstiy Nesterovga havas qilganim rost. Men "Paxtakor" maktabida shug'ullanib yurgan kezlarim, Nesterovning o'yinlarini ko'rib unga o'xshashni niyat qilardim. SHu o'rinda aytib ketay, men "Paxtakor" tarbiyalanuvchisiman, 2014 yil o'rinbosarlardan "Neftchi"ga ketganman. Bir yil jarohat olib futbol o'ynay olmagan paytim Marat aka Galimov katta yordam bergandi. Professional darajaga chiqishimda ham Marat Galimovning qo'shgan hissasi katta. 


- Boshidan darvozabonlikni tanlaganmisiz? 

- Endi hammada har xil bo'ladi. Kimdir maydonda to'p tepgisi keladi, biroq qaysidir futbolchi kelmay qolsa murabbiy uni darvozaga qo'ydi va shu bilan darvozabon bo'lib ketadi. Menda darvozabon bo'lish qonda bor, chunki o'z vaqtida dadam ham darvozabon bo'lganlar. Yoshlikda dadamning qo'lqop kiyib tushgan suratlarini ko'rsam, men ham dadamga o'xshashga qiziqardim. Bilasiz, hammaning o'z otasiga havasi keladi. "Paxtakor" mashg'ulotiga birinchi marta kelganimda Aleksey Evstafeev kim bo'lmoqchisan deb so'ragan, men esa o'ylab o'tirmay darvozabon deb javob bergandim. Ishonasizmi, umuman maydonda to'p tepgan emasman, faqat darvozada turganman. 


- Professional darvozabon bo'lganingizdan beri bir yilda nechta qo'lqop almashtirasiz? 

- Mashg'ulotda kiyiladigan qo'lqoplar ko'pga bormaydi va ikki yarim - uch oyda almashtirib turaman. O'yinda kiyiladigan qo'lqop  ancha chidamli bo'ladi va ikki juft qo'lqop menga bir mavsumga etadi deb o'ylayman. Umumiy hisobda bir yilda o'ntaga yaqin qo'lqop ketadi. 


- Javohir Ilyosovning qo'lqopida 35 raqami bilan Ilyosov yozuviga ko'zim tushdi. Keyin so'rasam, u faqat o'sha firma bilan shartnoma imzolagan ekan. Sizda ham shunaqami?

- Men ko'pincha eksperiment qilaman. CHunki hozir ko'p firmalar qo'lqoplarni xuddi butsiga o'xshab har xil chiqaryapti. Masalan, bitta joydan qo'lqop olsangiz va keyinroq yana olaman desangiz, boshqacha bo'ladi. Men hech qachon brendga qiziqmaganman, muhimi qo'limga qulay tursa bo'lgani. Hammaning qo'li har xil, kimgadir og'ir, kimga engil qo'lqoplar yoqadi. Men o'yin payti ko'proq yuqaroq, mashg'ulotlarda esa qalin qo'lqoplardan foydalanaman. 


- Qo'lqoplarning narx-navosi qanaqa? 

- O'rtacha narxi 70 dollar. Sifatiga qarab 150-200 dollargacha bor. SHunisi aniqki, sifati yaxshi qo'lqoplar ko'pga chidamaydi, tez yirtiladi.


- Terma jamoamiz darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov bilan gaplashganimda, "Darvozabonlarning o'z olami bor, ularni har kim ham tushunmaydi" degandi. Bu fikrga qanday qaraysiz? 

- Juda to'g'ri aytilgan gap. O'ylab ko'rsak, biz "antifutbol" kishilarmiz, yani aytmoqchi bo'lganim muxlis stadionga kelganidan keyin chiroyli gollar ko'rgisi keladi. Darvozabonlar esa aksincha gol o'tkazmaslikka harakat qiladi. SHu bois bizning dunyomiz boshqacha, formamiz rangi ham, tuzilishi ham boshqa. Darvozabon ehtimol o'yin payti kam yugurar, lekin masuliyat har doim yuqori bo'ladi. Darvozabonlarga eng kerakli xislat bu - o'ziga bo'lgan ishonch. Qolaversa gol o'tkazganidan keyin bahona ham ketmaydi. Ko'ziga qo'yosh tushdi, shamol bu tomonga esdi, futbolda bunday gaplar ham bo'ladi, lekin darvozabon gol o'tkazdimi, baribir aybdor bo'ladi. Aytib o'tganimdek, masuliyat va talab juda yuqori. Keyin etibor bersangiz, ko'p darvozabonlar o'zini og'ir-bosiq va vazmin tutadi. 


- Quyosh va shamolga qarshi o'ynash qanchalik tasir qiladi? 

- Endi baribir tasiri bor. Masalan, himoyachi to'pga sakraganda quyosh nuri ko'zga tushib to'pga etmay qolsa yoki qaytara olmasa, buni hamma tushunadi. Lekin darvozabon bilan shunday holat yuzaga kelsa, odamlar boshqacha qaraydi. To'g'risi, quyosh ko'zga tik tushgan mahal havodan kelayotgan to'pni ilg'ab olish oson emas. Bazan to'pni ko'rmay qolasiz, xuddi nuqtaga o'xshab ko'rinadi. Lekin aytib o'tganimdek, shamol va quyosh professional darvozabon uchun sabab bo'lmasligi kerak. 


- Malumki, o'yindan oldin jamoa sardorlari o'yinni kim boshlashi va maydon qismini tanlashadi. Siz uchun maydonning qaysi tomonida o'yinni boshlash muhimmi?

- Bu ham rol o'ynaydi, albatta. "Bunyodkor"da o'ynagan paytim Abdusattor aka Rahimov quyosh yo'q joyni tanla derdilar. Lekin men maydonning falonchi qismini tanlab yoki bo'lmasa doim bir qo'lqopda o'ynab irim qilmayman.


- Siz uchun eng noqulay zarba?

- Ko'p narsa to'pning qandayligiga bog'liq. Hozirgi ko'p to'plar havodan kelayotganda o'ynab o'z traektoriyasini o'zgartiradi. Bu esa darvozabonlar uchun noqulayliklarni keltirib chiqaryapti. Masalan, o'tgan yil Superligada o'ynalgan to'plar menga yoqmadi.


- Siz uchun eng alamli gol o'tkazish? 

- Iloji boricha jarima maydonchasi tashqarisidan gol o'tkazmaslikka harakat qilaman. CHunki ko'pchilik aytadi, jarima maydonchasi tashqarisidan tepilgan to'pni qaytarishing shart deb. 


- Hozirgacha eng noqulay hujumchi? 

- Noqulay deya olmayman-u, lekin "qo'pol" hujumchi bor, bu - "Metallurg"dagi Zohid Abdullaev. Menimcha, unga qarshi o'ynash hech bir darvozabonga yoqmasa kerak.


- Sizga eng ko'p yordam bergan himoyachi?

- "Bunyodkor"da paytim Anvar aka G'ofurovdan ko'p narsa o'rgandim. G'ofurov o'z paytida terma jamoada va Osiyo chempionlar ligasida o'ynagan, tajribasi ham yuqori. SHu bois u kishining maslahatlariga amal qilganman. 


- Faraz qiling, ertaga muhim o'yin bor. Bo'lajak bahsga qanday tayyorlanasiz? 

- O'zimni xotirjam tutishga harakat qilaman. Lekin o'ta jiddiy bo'lib oshib yuborishni ham xohlamayman. Eng muhimi, miya tayyor bo'lishi, chunki fizikani bir hafta ichida olib bo'lgan bo'lasiz. O'yin kuni stadionga borguncha musiqa eshitmayman, nonushtadan keyin uxlab olishga hamda o'yin kuni ko'p ovqat emaslikka harakat qilaman. Darvozabonlar uchun etiborli bo'lish juda muhim, shuning uchun qorinni to'ydirib olmayman.


- Rejimga qanchalik amal qilasiz? 

- Har kuni kechqurun 22:00da uxlash oson emas, lekin kechasi bir-ikki ham bo'lib ketmaydi. Imkon qadar o'rtasini olaman. Nonushtani har doim uydagilar bilan birga, oila davrasida qilamiz. 


- Ko'chada yurganda gazli ichimliklar va fast-fud bemalolmi? 

- To'g'risi, fast-fud menga yoqadi, lekin juda kam istemol qilaman. Menda semirishga moyillik yo'q, ko'p ovqat esam ham o'zgarmayman. Gazli ichimliklarni esa unchalik xushlamayman.


- Siz uchun O'zbekistondagi eng kuchli darvozabon? 

- Ignatiy Nesterov. Men ko'rgan darvozabonlar orasida Nesterov shubhasiz eng zo'ri. SHuningdek, Temur Jo'raevga ham havas qilganman. Lekin Temur aka kam o'ynadi. 


- Jahonda kim?

- Men uchun Iker Kasilyas, uni juda hurmat qilaman. Birinchi futbolkam ham Kasilyasniki bo'lgan.


- Qaysi darvozabon bilan uchrashishni orzu qilasiz? 

- Manuel Noyer bilan. 


- Siz uchun jahon va O'zbekistondagi eng kuchli uchta darvozabon?

- Xo'sh, jahon darvozabonlaridan Yan Oblak, Tibo Kurtua va Alisson Bekkerni hozirgi paytda eng kuchlilari deb bilaman. O'zimizdagi posbonlardan O'tkir Yusupov, Eldor Suyunov va Javohir Ilyosov.


- Siz yoshsiz, shunga qaramay darvozabon bo'lmoqchi bo'lgan bolakaylarga maslahatingiz? 

- Birinchi navbatda aytadigan gapim - hamma narsani ham yurakka yaqin olavermang. Ko'p tushkunlikka tushish ham faqat zararga ishlaydi. Ishtiyoqni esa umuman yo'qotib qo'yish kerak emas.


- Oilangiz haqida gapirib bersangiz.

- Dadam o'z paytida Jismoniy tarbiya instituti bilan Moliya universitetini tugatganlar. Hozir firmada ishlaydilar. Onam - uy bekasi, oldin maktabda adabiyotdan dars berganlar. Bitta opam bor, Jahon tillari universitetida ingliz tilidan dars beradi. 2019 yil uylanganman. Hozircha bir nafar farzandim bor, o'g'lim Abubakir bir yoshga to'ldi.   


- Suhbatimiz oxirida "Lokomotiv" muxlislariga tilaklaringiz?

- Birinchi navbatda hammaga sog'lik tilayman. Keyin esa ko'plab g'alabalarni.


- Abdumavlon, suhbat uchun rahmat. "Temiryo'lchilar" safidagi faoliyatingiz yorqin bo'lishini tilab qolamiz.  

X.Xoliqov suhbatlashdi.

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика