Jahon chempioni bo'lgan va yiliga 500 dan ortiq operaciya o'tkazadigan O'zbekistonning yangi tibbiyot mutaxassisi bilan tanishamiz
23 mar 12:00
Yangiliklar
Jahon chempioni bo'lgan va yiliga 500 dan ortiq operaciya o'tkazadigan O'zbekistonning yangi tibbiyot mutaxassisi bilan tanishamiz
O'zak hujayralari bilan davolash usulining kashshofi, xalqaro darajadagi mashhur jarroh, universitet professori va eng asosiysi, 2006 yilgi Germaniya mundialida jahon chempioni bo'lgan Italiya terma jamoasining sobiq bosh shifokori Enriko Kastellachchi o'z faoliyati haqida so'zladi.
Enriko Kastellachchini barcha 2006 yilning 9 iyul oqshomida, Berlin shahridagi stadionda Marchello Lippining yonida, qo'lida endigina qo'lga kiritilgan jahon kubogini tutib turgan holatida eslaydi. Ammo jamoaviy shodiyona aks etgan lahzalar ortida hikoya qilishga arziydigan yana ko'p voqealar bor. 1976 yil Piza universitetini tamomlagach, u ortopediya va travmatologiya, fiziokineziterapiya hamda sport tibbiyoti bo'yicha uchta mutaxassislikni egalladi. Shu tariqa o'zining muvaffaqiyatlarga boy karerasini boshladi.

"V" Seriya ishtirokchisi "Lukkeze"dan jahon chempionligigacha
Men ikki xil parallel hayotda yashaganman. Birinchisi – shifoxona va universitetdagi faoliyatim, u erda bo'lim mudiri lavozimiga tayinlandim, ikkinchisi esa – futbol olami. Bu sohada ishni Lukkada boshlaganman, chunki o'sha erda bosh shifokor edim va "Lukkeze"ga maslahatchi bo'lib ishlaganman. O'sha paytlarda jamoa "A" Seriyaga yo'l olish uchun kurashadigan katta klub edi. Keyin "Empoli"ga o'tdim, shu bilan birga "Yuventus"da ham maslahatchi sifatida faoliyat olib borganman. Bosh shifokor bo'lganim uchun o'sha hududlar bilan cheklangandim, yani biroz bog'lanib qolgan edim. Keyin terma jamoaga chaqirishdi, u erda ko'p yillarni o'tkazdim, ulkan quvonchli onlarni, shu bilan birga katta umidsizliklarni ham boshdan kechirdim. Bundan tashqari, Xitoyda Marchello Lippi bilan birga "Guanchjou"da ishladim, Osiyo Chempionlar Ligasida g'olib chiqdik, shuningdek, Xitoy milliy terma jamoasida ham bosh shifokor sifatida faoliyat yuritdim.
Mehnat faoliyati
Odatda, juda ko'p ishlar bilan band bo'laman, zerikishni yoqtirmayman. Bu erdan avval bir vaqtning o'zida San-Rossore klinikasida ortopediya, sport tibbiyoti va regenerativ tibbiyot bo'limi direktori; Liguriyaning Rapallo shahrida joylashgan Regenerativ tibbiyot va jarrohlik bo'yicha milliy markaz rahbari sifatida ishladim, shuningdek, Rimdagi Foro Italiko universitetida dars berardim hamda Toskana va Liguriyadagi bir nechta klinikalarda operaciyalar o'tkazardim. Bandligim yuqori bo'lishiga qaramay, yiliga 500 dan ortiq jarrohlik amaliyotini bajarardim.

Tibbiyotga bo'lgan qiziqish
Shifokorlar oilasida voyaga etganman, shu bois kasbga bolaligimdanoq mehr qo'yganman. Bolalikdagi orzularimda o'zimni yo harbiy, yoki shifokor sifatida tasavvur qilardim. Oxir-oqibat, hayot menga ikkinchisini taqdim etdi. O'qish davrida katta qiziqish bilan sport tibbiyoti yo'nalishini tanladim va Lionda sportchilar, xususan, o'z ishining ustasi bo'lgan professor Alber Triyya qo'l ostida tajriba orttirishdek ulkan baxtga muyassar bo'ldim. O'sha yillari dunyoning qaysi burchagida xochsimon pay operaciyasiga muhtoj futbolchi bo'lsa, aynan unga murojaat qilardi. Franciya terma jamoasida ham faoliyat olib borgan ushbu haqiqiy dahoning yonida ishlash professional jihatdan favqulodda davr bo'lgan. Oradan yillar o'tib, uning izidan borishimni kim ham o'ylabdi deysiz.
Germaniyadagi zafarli onlarga 20 yil to'ldi
Bunga ishonish qiyin, go'yoki hammasi kechagina sodir bo'lgandek. Insoniylik va kasbiy nuqtai nazardan aql bovar qilmas tajriba bo'lgan. O'sha kunlarning har bir lahzasi yodimda, biroq birortasini tanlash kerak bo'lsa, Berlindagi final emas, Dortmunddagi yarim finalni afzal ko'rardim. Menimcha, o'sha jahon chempionatining asl durdonasi mana shu o'yindir. Germaniya o'sha vaqtga qadar ushbu stadionda hech qachon yutqazmagan edi: biz esa ularni munosib ravishda mag'lub etdik. O'yindan keyin hamma kiyinish xonasiga yo'l oldi, men esa o'rindiqda yolg'iz qolib, ichimda "Enriko, sen jahon chempionati finalida ishtirok etasan" deb o'zimga-o'zim ishonqiramay so'zlardim. Ichkariga qaytayotganimda zinapoyada o'sha paytdagi nemislar bosh murabbiyi Yurgen Klinsmannga duch keldim: u albatta juda tushkun holatda edi. Men unga taskin berishga harakat qildim, u esa meni quchoqlab, sof italyan tilida: "Sizlar eng kuchlisisizlar", – dedi. Ajoyib xotira.

Terma jamoa shifokori sifatidagi o'n to'rt yilda olti nafar bosh murabbiy bilan ishlagan Italiya terma jamoasining tirik enciklopediyasi
Italiya libosi mangu mehr uyg'otadi. Agar terma jamoaning bir bo'lagiga aylansangiz, unga umrbod bog'lanib qolasiz. Natijalar borasida doim hammasi silliq kechmagan, buni tan olish kerak. Germaniyadagi muvaffaqiyatni boshdan kechirdim, shu bilan birgalikda 2012 yilgi Evropa chempionati finalidagi mag'lubiyat va 2018 yilgi jahon chempionatiga chiqa olmaganimizni ko'rdim. Xullas, sportdagi umidsizliklar etarlicha bo'lgan, biroq professional va texnik tomondan ajoyib futbolchilar va murabbiylar bilan ishlash baxtiga muyassar bo'lganman.
Birga ishlagan murabbiylar ichida eng yaxshisi
Marchello Lippini aytgan bo'lardim. Bu tanlov uning yaqin do'stim bo'lgani uchun emas. Men ishlagan barcha bosh murabbiylar juda katta qobiliyatga ega edi, ammo Marchelloda o'z xarizmasi orqali jamoaga singdira oladigan ruhiyat – o'xshashi yo'q va engib bo'lmas kuch bor edi.

Futbolchilarning tiklanishidagi mashaqqat
Hayotimda nimalar bo'lmagan deysiz?! Qirq yillik faoliyatim davomida turli xil vaziyatlarga duch kelganman. Tiklanishda muammo yuzaga kelgan paytlarda eng yaxshi yo'l – usulni o'zgartirish va mosroq davo chorasini topish.
Haqiqiy iroda jarohat olgan payt namoyon bo'ladi
Professional olamda futbolchiga hamma narsani berishga harakat qilishadi, balki bazida bu muammolarni o'z tanasida his qiladigan havaskorlar olamiga qaraganda biroz ortiqcharoq ham bo'lishi mumkin. Ko'p narsa shaxsning o'ziga va uning xarakteriga ham bog'liq; kimdir kuchliroq, yana kimdir tasirchan va ruhiy jihatdan beqaror bo'ladi, shuning uchun uni bir necha oy maydondan chetda qoldiradigan jarohat ham tushkunlikka tushirib qo'yishi mumkin. Bunday holatlarda unga imkon qadar yaqin bo'lishga harakat qilinadi. Ruhiy qo'llab-quvvatlash shifokor tomonidan, shu bilan birga, do'stlari va oilasi, qolaversa, uning o'zi tomonidan ham bo'lishi kerak. Men jarohat olgan sportchiga doim aytaman: haqiqiy iroda hamma narsa yaxshi bo'lganda va hech qanday muammo yo'qligida emas, aynan mana shunday paytlarda ko'rinadi. Aynan jarohat olgan paytingda o'z kuchingni ko'rsatishing kerak!

Tig'iz taqvim – jarohatlarning asl sababchisi
Joriy yil jahon chempionati bor va shu sababli o'yinchilarni boshidanoq maksimal darajada tayyorlashga qaratilgan boshqacha tayyorgarlik olib boriladi; ikkinchidan, top-klublar darajasida har uch kunda o'yin o'tkaziladi va shuning uchun aql bovar qilmas zo'riqish yuzaga keladi. Majburiy tayyorgarlik va g'ayritabiiy zo'riqish hozirgi barcha jarohatlar va mushak muammolariga olib keladi. Bu tasodif emas, balki shu sabablarning to'g'ridan-to'g'ri oqibatidir. Bunday paytda rotaciya qilish kerak, murabbiy o'zi ishongan 12-13 ta futbolchini o'ynatishda davom etishsa, jarohat kamaymaydi.
Futbolda o'yinchining sog'lig'idan boshqa hamma narsaga etibor qaratilgan
Murabbiy muammolarni tushuntirish uchun bo'lsa ham, doimo shifokorlarning yordami va aralashuviga tayanishi kerak. Shifokorlarni faqatgina qiyinchiliklar yuzaga kelgandagina eslashadi va ko'pincha g'alabalardan so'ng ularni maqtashmaydi. Jarohatlarning oldini olishda shifokorlarning mehnati o'ta muhim rol o'ynaydi. Jismoniy tayyorgarlik murabbiylari va texnik shtab o'rtasida doimiy muloqot bo'lishi shart. Murabbiyning shifokorlardan doimiy yordam so'rashini faqatgina olqishlash kerak.
O'yinlar soni keskin ravishda oshib ketdi. Futbol bu – shou-biznes. Unda futbolchining sog'lig'idan boshqa hamma narsaga etibor qaratiladi. Shubhasiz, tayyorgarlik jarayonlariga o'ta etiborli bo'lish kerak. Menimcha, yaqin kelajakda individual tayyorgarlikka o'tiladi, yani har bir o'yinchining o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda alohida yondashiladi.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
Суперлига. "Нефтчи" захирадан тушганларнинг самарали ҳаракатлари эвазига "Локомотив"дан устун келди
ЛаЛига. Араухонинг голи "Барселона"га уч очко келтирди
Суперлига. Икки гол бекор қилинган ва уч пенальти белгиланган ўйинда "Пахтакор" "Сўғдиёна"ни мағлуб этди
Англия Лига кубоги. "Манчестер Сити" "Арсенал"ни мағлуб этди, Ҳусанов Англиядаги илк совринини ютди!
Fikrlar