ECHL. “Real” – “Borussiya”. Prevyu
02 apr 2014 16:45
Yangiliklar


ECHL. “Real” – “Borussiya”. Prevyu
Bugun Evropa CHempionlar Ligasi, chorak finali doirasidagi navbatdagi o'yinlar bo'lib o'tadi. "Santyago Bernabeu"da Madridning "Real"i, Dortmundning "Borussiya"sidan o'tgan yilgi mag'lubiyat uchun revansh olishga urinib ko'radi.
Madridning “Real” klubi har doim CHempionlar Ligasida g'olib chiqish vazifasini o'z oldiga qo'yadi. Ayniqsa 10 yillardan buyon ushbu turnirni yuta olmay kelayotgan bir paytda bu vazifa yanada aktualroq, yanada muhimroq bo'lib boryapti jamoa uchun.
Ushbu o'yinda esa madridliklar nafaqat uzoq kutilgan natija tomon yana bir qadam tashlash uchun, balki Dortmund jamoasidan revansh olish motivaciyasi bilan ham harakat qilishadi.
“Borussiya” va “Real” qarama-qarshiligi tarixi u qadar boy emas. Jamoalar o'tgan mavsumda aynan shu musobaqaning yarim final bosqichida to'qnash kelishgan va o'sha o'yinda ko'pchilik tomonidan ushbu juftlik autsayderi hisoblangan nemislar ishonchli g'alabaga erishib, Madrid jamoasini musobaqadan chiqarib yuborgan.
“Qaymoqranglilar” ketma-ket ikki o'yinda mag'lubiyatga uchradi va o'sha bahslarda jamoa o'yinidagi muammolar yaqqol ko'zga tashlanib qolgandi. Ayniqsa “Barselona” Anchelotti shogirdlarining nozik nuqtalarini ko'rsatib bergandi. Biroq Ispaniya CHempionatining so'nggi turida “Rayo Valekano”ga qarshi uchrashuvda ishonchli g'alabaga erishib, bugungi o'yin oldidan ancha bosimdan o'zlarini halos qilib olishdi.
Hech shubha yo'qki, tarkibdagi muammolarga qaramay, “Real” bugungi o'yinga juda yaxshi tayyorgarlik bilan tushadi. Arbeloa va Marselo maydonga tusha olmaydi. SHanba kungi o'yinda jarohati tufayli ishtirok eta olmagan Modrich esa tuzalib, safga qaytdi va bugungi to'qnashuvga tayyor. “Rayo”ga qarshi o'yindagi tarkib bilan faqat ikkita farq bo'lsa kerak bugun. Biri Ilyaramendi o'rniga Modrichning tushirilishi bo'lsa, ikkinchisi, albatta, Diego Lopes o'rniga Kasilyas darvozani qo'riqlashi.
Yurgen Kloppda esa bunday muammolardan e-xe-e qancha... U butun mavsum davomida zahiradan asosiy tarkibga tortadigan futbolchi topish bilan mashg'ul bo'lib kelyapti. Bu safar ham barcha chiziqlarda yo'otishlar... Hujum chizig'idagi eng asos yo'qotish – Robert Levandovski. Kimsan “Realga qarshi o'tgan safargi bahsda poker sohibi bo'lgan forvard. Uni odatda SHiber almashtirardi. Biroq bunday muhim o'yinda u asosiy tarkibga kiritilmasligi ehtimoli yuqori.
Hujumda bugun uch futbolchi – Obameyang, Mxitaryan va Roys navbati bilan, o'rin almashib harakat qilishsa kerak. Ularning hech biri haqiqiy hujumchi bo'lmasa-da, bu nuqtadagi bo'shliqni to'ldirishga qodir.
Umuman olganda, “Borussiya”ning o'tgan yilgi g'alabasi sensaciya sifatida qabul qilingan bo'lsa, bu safar yana shu natija takrorlangan taqdirda, yana-da shov-shuvliroq, yana ham kutilmaganroq voqelikdek bo'ladi jamoatchilik uchun.
Taxminiy tarkiblar:
“Real”: Kasilyas - Karvaxal, Pepe, Serxio Ramos, Fabiu Koentrau - Xabi Alonso, Modrich, Di Mariya - Beyl, Benzema, Ronaldu
“Borussiya”: Vaydenfeller - Pishhek, Papastatopulos, Xummels, Durm - Kel, SHaxin - Obameyang, Mxitaryan, Grosskroyc - Roys
Jarohatlanganlar: Xedira, Arbeloa, Marselo, Xese - Gyundogan, Bender, SHmelcer, Blashhikovski, Subotich
Diskvalifikaciya: Levandovski (“Borussiya”)
Abror Qodirov tayyorladi

Fikrlar