So’nggi yangiliklar

17:06"Бавария" Тео Эрнандес ва Раумга қизиқиш билдирмоқда  0 16:11"Барселона" сардорларидан бирини сотиб юбориши мумкин  5 15:59ПРО-Лига. "Бухоро" сафарда "Олимпик-MobiUz"га ютқазиб қўйди, "Машъал" — чемпион!  3 15:19Расман: Фрэнк Лэмпард ўзига янги жамоа топди  2 14:18Исмоилов 3 та, Бошкович 2 та ўйинга четлатилди. Тартиб-интизом қўмитасининг қарорлари  2 14:15Одилжон Ҳамробеков "Насаф"га ўтдими?   11 13:58"Арсенал" "Аталанта" ҳужумичисига эътибор қаратди  1 13:34Ди Мария ЕЧЛдаги ассистлар бўйича 2-ўринга чиқиб олди  5 13:07Де Йонг "Барселона"нинг янги шартнома борасидаги таклифини қабул қилмади  11 12:26Слот: "Ливерпуль" бундан ҳам яхшироқ ўйнаши мумкин эди"  14 11:51Бэйл: "Бугунги кунда Килиан Мбаппе — дунёнинг энг яхши футболчиси"  25 11:38Эшитдик-да! Ўзбекистон миллий терма жамоаси аъзоси "Нефтчи"га ўтади  22 10:55Лэмпард Чемпионшип жамоасини бошқаришга рози бўлди  2 10:45"Пахтакор" раҳбариятига таклиф: Қарс икки қўлдан чиқади. Черан клубни чиройли ва муносиб тарк этиши керак   16 10:28Анчелотти кечаги мағлубиятга изоҳ берди  40

Davlat Turdialiev tavalludiga 62 yil to'ldi Yangiliklar

Davlat Turdialiev tavalludiga 62 yil to'ldi

1962 yilning 25 aprel sanasida Farg'ona viloyati Rishton tumanida tug'ilgan sport sharhlovchisi Davlat Turdialiev agar hayot bo'lganlarida 62 yoshga to'lgan bo'lardilar.

Davlat Turdialiev nafaqat futbol, balki sportning ko'plab boshqar turlarini chuqur o'rgangani reportajlaridan yaqqol sezilib turardi. Poytaxtimizda o'tkazilgan dastlabki yirik tennis turnirlaridan bevosita jonli efirda reportajlari, boksga bag'ishlangan ajoyib ko'rsatuvlari, yozgi va qishki olimpiadalar, Osiyo o'yinlari davrida boshqa musobaqalardan sharhlari mikrofon qarshisida haqiqiy professional o'tirganidan dalolat berardi.




U mamlakatimizda sport jurnalistlarining yangi avlodi shakllanishiga katta hissa qo'shgani tahsinga loyiq. Bugun o'zlari yosh hamkasblariga ustozlik qilayotgan bir qator sharhlovchi va reportyorlar Davlat akaning maslahatlari, tavsiyalari, o'rinli tanqidiy fikrlari tufayli sport muxlislari auditoriyasida o'zlariga yarasha etiborga erishishdi. Davlat aka yoshlarning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashga harakat qilar, o'z navbatida, yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni birma-bir tahlil qilib, ularni tuzatish bo'yicha qimmatli maslahatlarini ayamasdi. SHu bilan bir qatorda, televideniega omma orasida obro' orttirish uchun kelganlarni, efirga tayyorgarlik ko'rishga erinadiganlarni xushlamasdi.

Davlat Turdialiev faoliyati davomida O'zMTRK telekanallarida sport sharhlovchisi sifatida ish olib borgan. Turli yillarda «Yoshlar», «Sport» telekanallarida futbolga ixtisoslashgan mualliflik ko'rsatuvlarini tayyorlagan.

2009—2013 yillarda O'zMTRK «Sport» telekanali direktori sifatida ish olib borgan Davlat Turdialiev 2014 yil yoz oylarida «Sport» telekanalida sharhlovchi va ko'rsatuv muallifi sifatida faoliyat yuritgandi.

Davlat Turdialiev mehnat faoliyati davomida ko'plab shogirdlarni tayyorlagan bo'lib, bugungi kunda ular O'zMTRKning «Sport» va boshqa telekanallarida, radiostanciyalarda, bosma va elektron nashrlarda faoliyat olib borishmoqda. U kishining o'g'li Hasan Turdialiev bugungi kunda «Sport» telekanalida sharhlovchi sifatida ishlab kelmoqda.





Ularning shogirdlaridan biri bo'lgan taniqli sport sharhlovchisi Davron Fayzievning 2016 yilda Kamoliddin Alimovga bergan intervyusini taqdim etamiz:


- 2010 yil. O'zim uchun ikkinchi uydek bo'lib qolgan, TV olamiga yo'l ochib bergan «Yoshlar» telekanalidan ketayotgandim, - deya so'z boshladi D.Fayziev. - Bir kun bunday qarorga kelishimni hech tasavvur qilmaganman. CHunki «Yoshlar» va u erda men bilan ishlaganlarni o'zimga juda yaqin ko'rardim. Ammo bir insonning taklifini rad etolmasdim. O'sha vaqtlardagi «Sport» telekanali direktori Davlat Turdialiev «Yordaming kerak. Kanalni kuchaytirish uchun yangi kuchlarga ehtiyoj sezyapmiz...», deb qoldilar. Yo'q deya olmadim. Rahbar va xodimlarning faolligi evaziga kanalda ijobiy o'zgarishlar ro'y berdi. Yangi dasturlar, translyaciyalar bo'yicha ishlar olib borildi.

Bir g'oya borasida bosh qotira boshlagandim. Qaysi davrada futboldan gap ochilmasin, qizg'in munozara kelib chiqishi aniq. Bazida bahs shu qadar qizib ketadiki, tortishayotganlarning asablari taranglashadi. Ayniqsa, qarama-qarshi klublarga muxlislik qiladiganlarning munozarasini kuzatishning o'zi bir o'zgacha manzara. Bu holatni dunyoning ko'plab futbol kanallari allaqachon ekranga olib chiqishgan. Bizda esa sport sharhlovchilari ofisida dahshatli qizg'in suhbatlar o'tkazilardi. Biroq tomoshabin ularni faqat efir orqali ko'rar, alohida ko'rsatuvlardagi yakka chiqishlarga guvoh bo'lardi. SHuncha diskussiya tashqarida qolib ketardi. SHu holatni efirga olib chiqishni maqsad qildim. CHunki futboldagi hafta voqealari borasidagi sharhlovchilarning o'zaro bahsi tomoshabin uchun qiziqarli bo'lishini taxmin qilgandim. G'oyani direktorga olib kirdim.




- Ruxsat bersangiz, bu dasturda asosan bahs bo'ladi, fikrlar qarama-qarshiligi, bazida esa asabiy holatlar ham ro'y beradi.

- Ishqilib, mushtlashib ketmaysizlarmi? (kulib)

- U darajaga bormas, lekin mikrofonlarni echib, tashlab chiqib ketilishi mumkin.

- Imkon qadar baribir, efir madaniyati, o'zaro hurmatni saqlagan holda qilsa bo'ladi. Oshirib yubormaslik kerak. G'oya yomonmas. Nima bilan boyitasiz? Faqat gap bilan tomoshabinni zeriktirib qo'yilmaydimi?

- Har bir muhim voqea haqida roliklar tayyorlanadi. Grafika yordamida ramziy terma jamoalar tuziladi, uchta chiroyli goldan eng yaxshisi studiyadagilar yordamida aniqlanadi. Va eng asosiysi, bo'lajak o'yinlar oldidan prevyu ko'rsatiladi, muxlislardan kichik intervyular olinadi, ularning o'yinoldi taxminlari bilan qiziqiladi. Agar yo'q demasangiz, hammasini jonli efirda o'tkazmoqchiman...




- Ohho, boshlanishiga balki yozib olarmiz. Efir vaqti katta, studiyada ishtirokchilar ko'p...

- Yuq, dasturning «fishka»si ham shunda: hammasi jonli efirda! Orada tug'iladigan noqulay holatlar ham shu g'oyaning bir qismi. Ishtirokchilarning hammasi professional sharhlovchi. Ko'rsatuv yaxshi o'tadi. Agar biror xato kuzatilsa, mayli, keyin o'zgartirishingiz mumkin.

- Xo'p. Mening ham bir shartim bor: faqatgina sharhlovchilarning o'zi etmaydi. Mutaxassis chaqir. Murabbiylar, futbolchilar...

- Bilasiz-ku, mutaxassislarimizning aksariyati efirga chiqishdan o'zlarini olib qochishadi. Biroz muammo paydo bo'lishi mumkin.

- Muammo tug'ilsa, hal qilasizlar. Mening taklifim shu. Mutaxassis chaqir!

SHu tariqa «Turdan-turgacha» dasturi efirga chiqa boshladi. Dastlab uni hamkasblarim Zafar Imomxo'jaev va Dilshodbek To'xtabekovlar bilan, ke-yinchalik esa bir o'zim va taklif etilgan sharhlovchilar hamrohligida olib bordik. Tomoshabinlar bunga turlicha munosabat bildirishdi. Iliq fikrlar ham, tanqidlar ham uchradi, albatta. Asosli tanqidlarni inobatga olib, dasturni boyitib bordik. Telekanalimiz sharhlovchilarining ovozini asosan kadr ortida eshitgan tomoshabin bu dastur orqali ularning jonli efirdagi fikr-mulohazalarini ko'rdi, kuzatdi.

Faqat bir narsa doimo qiyinchilik keltirib chiqarardi. Har safar efirga mutaxassis chaqirish. Bazida biror murabbiy yoki futbolchining dasturda ishtirok etmaslik uchun turli bahonalarni ro'kach qilishi meni hayron qoldirardi: «Evropa futboliyam gapiriladimi? Men o'yin­larni umuman ko'rmayman» yoki «O'zbek futbolini gapirmaymizmi, ishqilib? Qo'ying, bazilarning ko'ziga ko'rinmay turay».




Lekin tan olish kerak, mutaxassislar va futbolchilar orasida bir guruh fidoyilari bor. Ular muxlislarga o'z fikrlarini etkazishdan aslo qochishmaydi. Qachon taklif etmaylik, kelib, efirlarda ishtirok etishardi. Ulardan alohida minnatdorman.

Afsuski, har ko'rsatuvda mehmon chaqira olmasdik. Aksariyat vaziyatlarda tig'iz vaqt muammosi qiynardi. SHunda direktorimizdan shu safar o'zimiz o'tkazib qo'ya qolaylik, deb so'rardim. Oladigan javobim esa o'sha-o'sha edi - «Mutaxassis chaqir!».

Oradan ancha muddat o'tdi. Dasturni yopdim. Direktorimiz salomatliklari yomonlashgani sababli rahbarlikdan sharhlovchilikka o'tdilar. 2014 yilgi jahon chempionatini sharhlab bordik. Musobaqa ajoyib tarzda o'tdi. Turnir yakunlangach, barchamiz uchun ustoz bo'lgan sobiq direktor mundial yakunlari haqida dastur tayyorlash niyatini bildirdilar.

- Davron, hafta davomida vaqting bormi? «Mundial yakunlari» dasturini tayyorlamoqchiman. Har sonida bitta guruh o'yinlari tahlilini o'tkazamiz. Men boshlovchilik qilaman, sen esa mehmon.

- Qandoq bo'larkin, balki biror murabbiyni chaqirarmiz. Siz olib borgan dasturning mehmoni bo'lish men uchun noqulayroq...

- Jahon chempionatini boshidan oxirigacha sharhlab bording, tahlil qila olasan. O'zimiz ham qiziqarli tarzda o'tkaza olarmiz. Mutaxassis chaqirib o'tiramanmi, o'zing kelaver. Hammasi tayyor. Birinchi efir ertaga. «A» guruhi haqida gaplashamiz. Bir soatcha oldin kelgin. Kech qolmagin-a, oxirgi payt sal bemalolxo'ja bo'lib qolibsan (kulib).

Hayron qoldim. SHu kungacha barcha efirlarimga mutaxassis chaqirishimni so'rardilar... doim murabbiy qidirib yurardim. O'zlari esa tinchgina meni chaqirib qo'ya qoldilar.

Efir kuni kelishganimizdek, bir soat avval studiyaga kirdim va ularni kuta boshladim. Odatda, kech qolmasdilar. Efir boshlanishiga yarim soat qolganda qo'ng'iroq qildim. Telefon o'chirilgan. Rejissyor xavotirlana boshladi. Ijodiy guruhni tinchlantirdim. Oxirigacha kutamiz. Juda bo'lmasa, bir o'zim boshlovchi sifatida o'tkazaman, dedim. Bir kun avval hammasini tushunib olgandim.

SHunday ham bo'ldi. Efirni olib bordim. Jahon chempionatining «A» guruhi o'yinlarini birma-bir tahlil qildim. Dasturni oxiriga etkazdik. SHundan so'ng malum bo'ldiki, ustoz sharhlovchi og'ir ahvolda ekanlar. Yana bir kun o'tgach, vafot etdilar...

Inson o'z hayoti poyoniga etayotganini turli belgilar orqali sezishi va sezdirishi haqida ko'p eshitganmiz. Oxirgi suhbatimizda meni hayron qoldirgan narsaning sababini tushundim. Tasavvur qiling, agar ular o'sha efirga meni emas, biror-bir mutaxassisni taklif etganlarida, qanday vaziyat kuzatilardi? Dasturda uzilish ro'y berardi, ko'rsatuvgacha bo'lgan harakatlar zoe ketardi. Ammo hayotini shu sohaga bag'ishlagan inson bunga yo'l qo'ya olmasdi.

Bu - ustozimiz bilan bog'liq bir kichik voqea, xolos. SHu kabi ibratli holatlarni ko'p eslashimiz mumkin", - Davron Fayziev.



Yana bir taniqli sport sharhlovchisi Xayrulla Hamidov bugun telegramdagi o'z kanalida Davlat Turdialiev xotirasiga quyidagi postni joyladi.

USTOZ...

25 aprel. Bu kuni o'zbek futboli sharhlovchiligiga ulkan hissa qo'shgan, aksar sharhlovchilar ustozi Davlat Turdialiev tug'ilgan sana.

1962 yilning 25 aprelida Farg'ona viloyatida tug'ilgan insonning eng muhim jihati – shogirdlarini halollikka chorlagani, sharhlovchilikdan avval haqiqiy Inson bo'lishga undaganidir. Bu mehnatlarning mevasini bugungi kun tomoshabini ko'rib turibdi.

Iloyim, borgan joylari Robbimizning eng yaxshi maskanlaridan bo'lsin. Ustozimiz ko'ra olmagan baxtu iqbollarni oila azolarida, farzandlarida, nevara farzandlarida ko'raylik.

Doimo duodamiz...", - Xayrulla Hamidov





Yaxshi insonlar ko'proq umr ko'rishini xohlashimiz tabiiy. Davlat Turdialiev safimizda yurganida juda ko'p xayrli ishlarni amalga oshirgan bo'lardi. Lekin o'lim haq. Yaratganning irodasiga qarshi bora olmaymiz. Davlat Turdialiev o'zidan yaxshi nom, ajoyib farzandlar, istedodli shogirdlar qoldirdi. Barchaga mana shunday mazmunli umr nasib etsin! Davlat Turdialievning oxirati obod bo'lishini tilaymiz.

Material so'nggida 2008 yilgi O'zbekiston kubogi final uchrashuvi videosharhini taqdim etamiz. Tushunganingizdek o'sha o'yinni Davlat Turdialiev sharhlab borgan edi.



Reyting: +11   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика