O'zPFL namanganlik futbol muxlislariga murojaat qildi
09 mar 15:13
Yangiliklar


O'zPFL namanganlik futbol muxlislariga murojaat qildi
"Bugun — 9 mart kuni "Navbahor" Superliganing ilk turi doirasida "Dinamo" klubini qabul qiladi. Biroq uchrashuvni o'tkazish masalasida klub qator kamchiliklarga yo'l qo'ygan.
Klub mutasaddilari qatorasiga ikkinchi mavsum U21 jamoasi to'p tepadigan maydon bo'yicha Liga talabini paysalga solib keldi. Oqibatda Liga "Navbahor" U21 — "Dinamo" U21 o'yinida mezbonlarga texnik mag'lubiyat elon qilishga majbur bo'ldi. Liganing stadionlar uchun javobgar mutaxassislari Namanganga tashrif buyurganida, klub rasmiylari o'z vazifasiga bepisandlik bilan qaradi hamda ular uchun kerakli malumotlarni chala holda taqdim etdi. Hattoki maydon perimetri bo'ylab joylashtirilgan elektron reklama shitlarini yoqishning iloji bo'lmadi.
Shuningdek, faqatgina "Navbahor" reglamentning 10.18-bandi bo'yicha talabni bajarmadi. Shundan kelib chiqib, bugun "Navbahor" klubi 2002 yil va undan katta yoshli futbolchilar xizmatidan foydalana olmasligi kerak. Ammo afsuski, klub yosh futbolchilarini hozirga qadar Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rikdan o'tkazmagan va bu bilan "Superliga va Proliga reglamenti"ning 12.10-bandi talablarini buzgan. Liga uchun esa futbolchilar salomatligi birinchi o'rinda turadi.
Liga rahbariyati o'tgan yil yakunida viloyat rahbariyati bilan uchrashuvda yuqoridagi mavjud muammolarni ochiqlagan edi. Uchrashuv davomida tomonlar viloyat futbol akademiyasi hamda futbol maktabiga tashrif buyurib, u erda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishgan. Qayd etish kerak, bolalar futboliga berilayotgan etibor masalasida Namangan respublikaning eng oldi viloyatlaridan hisoblanadi. Poydevor va umuman infratuzilma masalasi viloyat hokimligi nazoratida bo'lib turibdi.
Biroq "Navbahor" futbol klubi haqida gap ketganda, klubda ayrim ishlar joyida emasligini qayd etamiz. Unda mehnat qilayotgan ikki-uch xodimni aytmasa, qolgan personal nima bilan mashg'ul ekani borasida Ligada qator savollar mavjud. Vaholanki, viloyatda o'z ishiga professional tarzda yondashishi mumkin bo'lgan kadrlar talaygina. Reglament haqida tasavvurga ega bo'lmagan, o'z ishini to'g'ri yo'lga qo'ya olmaydigan kadrlar esa Liga va "Navbahor" muxlislari o'rtasida qator tushunmovchiliklar keltirib chiqaradi. Liganing reglament asosida qo'yadigan talabi klub tomonidan viloyat hokimi va jamoa muxlislariga butkul boshqa ko'rinishda tadbiq etilishi oqibatida nafaqat holat o'nglanmaydi, balki asossiz ziddiyatlar yuzaga keladi.
Mavsumning ochilish uchrashuvi ekanligidan kelib chiqib, Liga ijobiy tibbiy xulosasi mavjud bo'lmagan futbolchilarning faqatgina 1-tur doirasida maydonga tushishini taminlashga tayyor. Biroq 2-turga qadar barcha masala hal etilmasa, Liga klubga nisbatan reglamentda ko'rsatilgani bo'yicha sankciya qo'llashi yuzasidan rasman ogohlantiramiz.
Izoh. Liga yuqoridagi masalalar yuzasidan klub rahbariyatini bir necha oylardan buyon ogohlantirib keladi. Buning foydasi bo'lmagach, futbol ishqibozlarining hurmati yuzasidan Liga to'g'ridan-to'g'ri ularga murojaat qilishga qaror qildi. Futbol aynan ular uchun o'ynaladi va ular bir qator shaxslarning masuliyatsizligidan aziyat chekishi Ligaga ham og'ir botadi", — deyiladi O'zPFL murojaatida.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar
HURMATLI FUTBOL ISHQIBOZLARI KELINGLAR USHBU RAMAZON OYI KUNLARIDA ARZIMAGAN NARSALAR DEB BIR-BIRINGIZNI ASABINGIZGA TEGMANG, HAQORATLAR BILAN DILLARINGIZNI OG'RITMANG, ILTIMOS. BU KATTA GUNOH!!!
JONKUYAR MUXLISLARNI HURMATI UCHUN MUROJAAT BILAN CHIQQAN PFL GA KATTAKON RAHMAT! AGAR SHU E'TIROZLAR TO'G'RI BO'LSA NAVBAHOR FC KAMCHILIKLARNI O'Z VAQTIDA BARTARAF QILADI DEGAN UMIDDAMIZ!
HURMATLI YURTDOSHLAR YANA BIR BOR ILTIMOS SIZLARDAN BIR-BIRINGIZNI DILINGIZNI OG'RITMANG!