Zepp Blatter Qrim klublari Ukraina ligalarida o'ynashi kerakligini ta'kidladi

Narzulla Saydullayev
12 iyun 2014
FIFA prezidenti Zepp Blatter tashkilotning San-Pauluda bo'lib o'tgan kogressi chog'ida Qrim futbol federatsiyasining Rossiya futbol ittifoqi tarkibiga qo'shilishi masalasi muhokama qilinmaganini ma'lum qildi. Bu haqda Sportbox xabar bermoqda.
Biz Qrim futbolining Rossiyaga qo'shilishi masalasini muhokama qilganimiz yo'q. Umuman, Qrim masalasi – murakkab, chunki xalqaro nuqtayi nazardan Qrim Ukrainaning hududiy birligi, – deydi Blatter.

Bu degani, agar Qrim futbol klublari professional ligalarda ishtirok etishni xohlashsa, u holda Ukraina ligalarida ishtirok etishlari mumkin, – deya qo'shimcha qildi FIFA prezidenti.

Avvalroq, Rossiya futbol ittifoqi Qrim va Sevastopol futbol federatsiyalarini o'z tarkibiga qo'shib olish to'g'risidagi qarorning qabul qilinishini kechiktirgani ma'lum bo'lgandi.

Eslatib o'tamiz, Ukrainadagi siyosiy inqiroz sabab, Qrim mart oyida referendum orqali o'z mustaqilligini e'lon qilib, Rossiya tarkibiga qo'shilish istagini bildirgan edi. Shundan so'ng Rossiya Qrimni o'z tarkibiga qo'shib olgan, hozirgi vaqtda Qrimni Rossiya bilan integraciya qilish bo'yicha faol harakatlar olib borilmoqda.

Biroq Qrimning maqomi yuzasidan o'tkazilgan referendum ham, uning mustaqillik e'lon qilgani ham, Rossiya tarkibiga qo'shilgani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan ham, amaldagi Ukraina rahbariyati tomonidan ham tan olingani yo'q.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: kun.uz