Xuanfre Sans: "Vinisiusni sotish - "Real" uchun eng to'g'ri qaror. U kiyinish xonasida bo'linish keltirib chiqardi"

Aslanov Jasurbek
22 apr 2026, 12:51
"El Chiringuito TV" jurnalisti Xuanfre Sans Madridning "Real" klubi vingeri Vinisius Juniorni jamoadagi muhitni buzishda aybladi va klub rahbariyatini braziliyalik futbolchini sotib yuborishga chaqirdi.

La Liganing 33-turidan o'rin olgan "Alaves"ga qarshi bahs (2:1) boshida "Santyago Bernabeu" muxlislari Vinisius va Kilian Mbappeni hushtaklar bilan kutib olishdi. Vinisius uchrashuvda g'alaba golini kiritgach, muxlislardan uzr so'rab, klub emblemasini o'pib qo'ygan bo'lsa-da, bu harakatlar hammani ham ishontira olmadi.

"Men "Real" uchun eng yaxshi echim - ushbu futbolchini sotish ekanligiga qatiy ishonaman. Chunki Xabi Alonso davridagi "Barselona" bilan o'yin kuni u kiyinish xonasida ichki bo'linish keltirib chiqardi, hokimiyatni o'z qo'liga oldi va hech kim uni to'xtatib qolmadi.

Bugungi ishoralari - uning xatolarini tan olish usuli, xolos. Lekin menimcha, u barcha imkoniyatlaridan foydalanib bo'ldi. "Madrid" uni faqat yaxshi o'yini uchun jamoada olib qolgan edi - bu klub uning xulq-atvori uchun to'lagan tovon puli edi.

U yaxshi o'ynagan vaqtda bazi ishlari kechirilgan bo'lishi mumkin, ammo ishlar yurishmay qolganda, uning salbiy xulq-atvori hamma narsadan ustun kela boshladi. Omadsiz mavsumlardan so'ng qatiy choralar ko'rish vaqti keldi", - dedi Sans.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: El Chiringuito TV