Xitoy terma jamoasi bilan o'yin o'tkazishni reja qilgan “Napoli”, “Spartak-Alaniya”ga yirik hisobda mag'lub bo'lgan “Neftchi”, 2006 yilgi JCHni o'zida qabul qilmoqchi bo'lgan JAR. O'zbek futboli gazetalari 27 yil avval nimalar haqida yozgan?

Og'abek Samisov
22 iyul 2023
Futbol – yildan yilga o'zgarayotgan, takomillashib borayotgan, millionlar emas, balki milliardlar o'yiniga aylanayotgan sport turi.

Internet nashrlar rivojlanib, yangiliklar turli tarmoqlarda uzatilishidan avval barcha sohalarga qatori futbolga oid yangiliklar ham insonlarga televidenie, radio va gazeta-jurnallar orqali etkazib berilgan.

Xo'sh, bundan 27 avval o'zbek futbol gazetalari nimalar haqida yozgan, mulohazalar qilgan, kimlar bilan intervyular uyushtirgan? Bularning barchasi “O'zbek futboli gazetalari tarixi” ruknida e'lon qilib boriladi.

1996 yilning 31 yanvar kuni nashr qilingan “O'zbekiston futboli” gazetasining ilk sahifasida e'tiborga molik bo'lgan yig'ilish bo'yicha xabar berilgan. Xususan, o'sha paytlardagi O'FF tomonidan klublar uchun yig'ilish tashkil qilingan. Unda chempionat Nizomiga o'zgartirishlar kiritish bo'yicha takliflar o'rtaga tashlangan. 

“Neftchi” Hamdo'stlik mamlakatlari kubogida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko'rayotgani haqida avvalgi maqolamizda xabar bergan edik. Klub endilikda Moskvaga yetib borgan. Kun sovuq, deyarli har kuni qor yog'sa ham o'yinlar issiq manejlarda (usti yopiq futbol maydoni) o'tkazilishi aytilgan. 

Ushbu maqola e'lon qilingunga qadar “Neftchi” ikki o'yinni o'tkazib bo'lgan. Dastlabki uchrashuvda “Zimbru” ustidan 2:1 hisobida g'alaba qozonilgan bo'lsa, keyingi o'yin Rossiya yoshlar terma jamoasiga qarshi bo'lgan, biroq 1:2 hisobida farg'onaliklar mag'lub bo'lgan. Uchinchi kunda esa farg'onaliklar “Skonto” klubiga qarshi uchrashuvda ishtirok etishgan, bu safar ham 1:2 hisobida mag'lubiyatga uchrashgan.

Hozirgi O'FA vice-prezidenti Ravshan Ermatovning otasi Sayfiddin Ermatov nafaqat hakam, balki bolalar murabbiyi sifatida ham kuchli mutaxassis bo'lgan. Gazetaning mazkur sonida u bilan intervyu tashkil etilgan. 

“Traktor” jamoasining yangi mavsumdan niyatlari jiddiy. Ular “kuchli oltilik”ni maqsad qilishgan. Murabbiy Viktor Borisov jamoasi 27 yanvardan 11 fevralga qadar Malayziyada o'quv-yig'in mashg'ulotlarini o'tkazishni aytib o'tgan. 

Murabbiy bo'lajak V chempionatdan nimalar kutmoqda? Avvalo, sport principlariga rioya etilishi, futbolchilar xohlagan vaqtida u yoki bu klubga o'tib yurmasligi, hamma jamoalarga bir xil munosabatda bo'lish hamda taqvim masalasida qulayliklar bo'lishini aytib o'tgan. 

Gazetaning 1996 yilning 7 fevral kungi sonida “Hamdo'stlik kubogi”ning so'nggi natijalari bo'yicha ma'lumotlar berilgan. “Neftchi” chorak finalda “Spartak-Alaniya” jamoasiga 0:9 hisobida mag'lub bo'lgani e'tiborga molik. 

Finalda g'olib bo'lgan Kievning “Dinamo”si safidagi yagona golni Andrey Shevchenko urgan.

1992 yili Olmaliq shahri nomidan Oliy liga musobaqalarida ishtirok etishni boshlagan “Kimyogar” jamoasi endilikda nafaqat Birinchi liga, balki viloyat birinchiligida ham oxirgi pog'onada bo'lib turibdi. 

Afrika kubogi musobaqasi Janubiy Afrika Respublikasida o'tkazilgan. 20 kun davomida bo'lib o'tgan musobaqa to'g'risida berilgan ma'lumotda JAR 2006 yilgi Jahon Chempionatini qabul qilishga tayyorgarlik ko'rayotgani aytilgan. Amalda esa, JAR JCH-2010 ni qabul qildi. 

Musobaqa chempioni ham mezbonlar. Ular finalda Tunisni mag'lub etishgan. 3-o'rin uchun o'yinda Zambiya Ganani 1:0 hisobida mag'lubiyatga uchratgan. 

Xorij xabarlaridagi yana bir e'tiborga molik jarayon Italiya klublarining Osiyoga tashrifi rejasi. Xususan, “Napoli” va “Lacio” Xitoy milliy terma jamoasi bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishni reja qilgan. 

Mavzuga doir: Futbolni rivojlantirish bo'yicha Vazirlar Mahkamasi qarori, Oliy Ligaga chiqolmayotgan “Metallurg”, Malayziyada yig'in o'tkazadigan “Navbahor”. O'zbek futboli gazetalari 27 yil avval nimalar haqida yozgan?


Og'abek SamisovMuallif
Manba: championat.asia