

Uchrashuvda mezbonlarga g'alaba keltirgan yagona golga Vladimir Bubanya mualliflik qildi. Uchrashuvdan so'ng uning fikrlari bilan qiziqdik.
- Vodiy derbisining har ikki jamoa uchun muhimlilik darajasi yuqori turgandi. Qimmatli uch ochkoga esa "Andijon" ega chiqdi. Uchrashuvning ahamiyati yana nimalarda edi? Umuman o'yin surati natijaga mos bo'ldimi?
- Muhim o'yinda zarur uch ochko olganimizdan xursandman. Biz bu ishni qo'limizdan kelishini isbotladik. Chunki uyda muxlislarimiz qarshisida xato qilishga haqqimiz yo'q. O'yinni nazorat qildik. Raqib ham etarlicha qarshilik ko'rsatdi.
- "Turon" safida Pro liga to'purari bo'lib turgan Humoyun Murtozaev bor edi. U har bir o'yinda gol urib kelmoqda. Himoyachi sifatida uni qanday zararsizlantirdingiz?
- Humoyun kuchli futbolchi. Lekin biz ham kam emasmiz (kuladi).

- "Andijon" brinchi davrada ham "Turon"ni Yaypanda mag'lub etgan edi. Oldinda kubok bahsi kutib turibdi...
- Umid qilamanki, kubokda ham ulardan ustun kela olamiz. Kim yaxshi ekanligini yana bir bor ko'rsatamiz.
- Bu g'alaba chempionlik yo'lida katta qadam tashlanganiga ishorami?
- Bo'shashish kerak emas. Oldinda o'yinlar ko'p. G'alabalarimizda muxlislarning ham hissasi katta bo'lmoqda. Ular bilan maydonda 12 kishi bo'lib to'p tepamiz. Qo'llab-quvvatlashayotgani uchun rahmat aytaman.
Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi



