Vladimir Bubanya: "Andijon"dan ketish? Futbolda uchrab turadi. "Xorazm" Superligada barqaror jamoa bo'la oladi"

Sherzod Nurmatov
24 fev 2025
"Xorazm" ayni paytda Antaliyada yangi mavsumga hozirlik ko'rmoqda.

Uzoq tanaffusdan so'ng elitada ishtirok etadigan jamoa tarkibini tajribali futbolchilar bilan kuchaytiryapti deya olamiz. Superligada 7 yildan buyon o'ynab kelayotgan serbiyalik himoyachi Vladimir Bubanya 2025 yil "Xorazm" mudofaa chizig'ini qo'riqlaydi. Futbolchi yangi jamoasi va Superligaga tayyorgarlik jarayonlari haqida fikrlarini bildirdi. 


"Andijon"da qolmasligim oydinlashgach, "Xorazm" klubi rahbariyati shartnoma taklif qildi. Yakunda bu chorlovni qabul qildim. Avvalgi jamoamga kelsak, futbolda bunday holat uchrab turadi. Shu bois bunga ortiqcha to'xtalishni lozim topmayman. 

"Xorazm"dagi ko'p futbolchilar menga begona emas, ular bilan avval ham birga to'p tepganman. Shu bois moslashib ketishda muammoga duch kelganim yo'q. Umid qilamanki, "Xorazm" Superligada barqaror jamoa bo'la oladi. Yuqori ligada munosib qatnashish uchun hozir kuchli tayyorgarlik olib bormoqdamiz. Hammasi yaxshi ketmoqda. 

Superligada jamoalar saviyasi deyarli tenglashgan. Hamma narsa jamoaning kayfiyati va ishtiyoqiga bog'liq", – deydi Vladimir Bubanya.

Abdulaziz Iskandarov yozib oldi


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia