“Vilyarreal” ustozi iste'foga chiqarildi

“Vilyarreal” klubi rasmiy sayti jamoa bosh murabbiyi Xaver Kalexa klub bilan xayrlashganligini e'lon qildi.

Mutaxassis 2017 yil jamoaga bosh murabbiyi etib tayinlangandi. 2018 yilning dekabrida u iste'foga chiqarilib, oradan bir yarim oy o'tgach, yana jamoa ruliga qaytarilgandi.

Xabarlarga ko'ra, “Vilyarreal” rahbariyati “Arsenal”, PSJ klublarining sobiq murabbiyi Unai Emeri bilan muzokaralarni boshlagan. Ispaniya OAVlari xabariga ko'ra, Emeri klub bilan tuziladigan shartnomaga, agar tomonlardan biri muddatidan oldin shartnomani bekor qilsa, katta miqdorda tovon puli to'lash lozimligi ko'rsatilgan bandni kiritmoqchi.

“Vilyarreal” joriy mavsumda La Liga bahslarida 38 bellashuvda 60 ochko jamg'arib, beshinchi pog'onani band etdi va Yevropa Ligasiga yo'llanmaga ega chiqdi.


Manba: "Вильярреал" клуби расмий сайти