

- Nima qilishni bilmayapman. Yana o'sha xatolarni takrorlayapmiz. O'yinni yaxshi boshlagandik, tashabbusga ham ega bo'lib turgandik. Keyin esa tajribali futbolchi to'pni darvozabonga qoldirish chog'ida xatolikka yo'l qo'ydi va maydondan chetlatildi. Achinishga vaqt bo'lmayapti, chunki ushbu mavsumda bunday holatlar ko'p bo'lmoqda. 2:0 hisobidan keyin ochko yo'qotish, albatta, achinarli. O'shanda qarshi hujumda raqibni ushlashimiz ham mumkin edi. Lekin bu amalga oshmadi. Keyin esa tashabbusni raqibga berib, hisobni ushlashga harakat qildik. Shundan so'ng markaziy himoyada xatoliklar boshlandi. Ikki markaziy himoyachi paslarda ko'p xatolar qilishdi. Keyin esa hisob 2:2 ko'rinishiga keldi.
- "Dinamo" ikkinchi bo'limda hujum ham qila olmayotgandi. Demak, Nurillo To'xtasinov yoki Hislat Halilov kabi futbolchilar o'rniga Til Mavretichni tushirsa bo'lmasmidi?
- Biz himoyalanish uchun markazga ikki futbolchini tushirdik. Bunday pallada himoyachilarni almashtirish o'rinli emasdi. Biz esa to'pni ushlab tura oladigan, to'p bilan qochib keta oladiganlarni maydonga tushirdik. Ular qarshi hujumlarda faol bo'lishlari kerak edi. Afsuski bu reja o'xshamadi. Agarda Siz aytgan futbolchini maydonga tushirsak, u befoyda bo'lib qolardi. Biz tezkor futbolchilarga umid bog'lagandik. Maqsad - to'pni ushlab turish va hujumlarga paslar oshirish bo'lgandi.
- Mahamadu Dembelening bugungi o'yinda yo'qligi sababi nima?
- Uning jarohati bor. Hozir u davolanmoqda.
- Firdavs Abdurahmonov hamda Anvarjon Hojimirzaevning maydondan chiqarilishi sababi nimada? Ular o'zlarini qanday his qilishmoqda?
- Qaynab turgan miyaga bir fikr kelishi ham qiyin. Vaziyatni kuzatishimiz kerak. Ularning jarohati bor edi va shu sababli almashtirdik.
- Bosh hakam haqida savol berish noo'rin. Uning qarorini shunchaki ko'rgan holda savol beraman. Qizil kartochkaga munosabatingiz qanday?
- Birinchi turdan beri ahamiyat bergan bo'lsangiz, bizda individual xatolar ko'p. Agarda kimdir bizdan o'yin jihatdan ustunroq bo'lsa, qo'l ko'tarib, tan olgan bo'lardim. Afsuski shunday, individual xatolar shunday asoratlarga olib keladi. Oddiy joyda qizil olib, keyin butun bir o'yin davomida bir kishi kam bo'lib o'ynash, albatta, og'ir. Nima bo'lganda ham 2:0 hisobida oldinda bora turib, tartibli o'ynashimiz kerak edi. To'pni egallab olgandan keyin shoshilish kerak emasdi. Biroq shunday bo'ldi.
- Demak, futbolchilarga e'tiborsizlik yetishmayaptimi?
- Shak-shubhasiz. To'pni raqibga osonlik bilan topshirib, to'psiz o'ynash juda qiyin.
- Jamoa yana g'alabani qo'ldan chiqardi. Biroq "Dinamo" mag'lubiyatli seriyaga tushib qolgandi. Shu tomondan olib qaraganda so'nggi o'yinlarni yaxshi o'tkazayotgan OKMK bilan durangni unchalik yomon natija demasak ham bo'ladimi?
- Agarda qizil kartochka bo'lmaganda o'yin taqdiri boshqacha bo'lardi. Birinchi bo'limda ko'plab vaziyatlarga ega bo'lgandik. Uchga ikki vaziyatga ham chiqib borgandik. Birinchi bo'limda vaziyatlardan foydalana olmaganimizdan keyin ikkinchi taymda hisobni ushlashga o'ynashga majbur edik. Lekin markaziy himoyadagi ikki xato sababli ikki gol o'tkazib yubordik va durang qayd etdik.
- Futbolchilarning bugungi o'yindan keyingi ruhiy holatini qanday baholaysiz?
- Barcha tushkunlikda. Huddi chempionatni boy bergandekmiz. Ochkolarni yo'qotyapmiz. Muammo shundaki, endi ularni qay tariqa qaytarib olamiz. Bunday o'yinlarni qo'yib yubormaslik va ochkolarni olish kerak. Biz esa qimmatli ochkolarni yo'qotyapmiz. Umid qilamanki, holatni yaxshilay olamiz.



