

"So'g'diyona"
Jizzaxliklar o'tgan yilgi tarkibni tubdan o'zgartirmaslikka qaror qilishdi. Sakkiz yil davomida "So'g'diyona" sharafini himoya qilgan Milan Mitrovich jamoani tark etdi. Uning o'rniga boshqa bir serbiyalik darvozabon – Nikola Mirkovich olib kelindi. U ham Mitrovich singari 34 yoshda. Mirkovich o'z vatanida ko'plab klublarda harakat qilgan, shuningdek, Bosniya, Gretsiya va Daniyada ham o'ynashga ulgurgan. Shu bilan birga, Sardor Rahmonov, Rubin Xebay va Behruz Jumatovlar ham "So'g'diyona"dan ketishdi.
Tarkibni kuchaytirish maqsadida "So'g'diyona" quyidagi futbolchilar bilan shartnoma tuzdi:
Feysal Mulich – bo'yi 203 sm bo'lgan 32 yoshli serbiyalik hujumchi. U faoliyatining katta qismini Janubiy Koreyada o'tkazgan, shuningdek, Germaniya, Belgiya, Sloveniya, Qozog'iston va Tailand chempionatlarida ham to'p tepgan;
Aleksandar Bolevich – 30 yoshli vinger, Chernogoriya terma jamoasining sobiq a'zosi. "PSV" yoshlar jamoasi, Belgiyaning "Eypen", "Standard" va "Vasland-Beveren", shuningdek, Bosniyaning "Jeleznichar" klublarida harakat qilgan;
Ollobergan Karimov – 19 yoshli yarim himoyachi, "Bunyodkor" tarbiyalanuvchisi. O'zbekiston o'smirlar va yoshlar terma jamoalarida to'p tepgan. "Bunyodkor"ning asosiy tarkibiga kira olmay qoldi va, aftidan, o'yin amaliyotiga ega bo'lish uchun "So'g'diyona"ga o'tdi;
Otabek Jo'raqo'ziev – 23 yoshli hujumchi, "Olimpik", "Paxtakor", "Andijon" klublari va O'zbekiston U-23 terma jamoasi sobiq a'zosi. So'nggi ikki mavsumda Superligada bor-yo'g'i ikkita gol urdi. Ehtimol, u Jizzaxda o'zini yangitdan kashf qila olar.
"Qizilqum"
"Qizilqum" ham o'tgan yilgi tarkib o'zagini saqlab qolishga qaror qildi. Klubni o'zini almashtirmoqchi bo'lishganida maydonni tark etishdan bosh tortgani bilan yodda qolgan Dilshod Komilov tark etdi. Shu voqeadan so'ng Komilov asosiy jamoa mashg'ulotlaridan chetlatilgan edi. Yakunda ushbu mojaroli himoyachi "Navbahor"dan qo'nim topdi.
"Qizilqum"dan Sanjar Quvvatov ketdi. Uning o'rniga OKMKda deyarli maydonga tushmagan Humoyunshoh Sayyotov olib kelindi. Sayyotov 2024 yilgi mavsumda "Qizilqum" safida o'ynagan edi (10 ta o'yin, o'tkazib yuborilgan 11 ta gol, 4 ta "quruq" o'yin). Himoyaning o'ng qanotiga Gruziya terma jamoasining sobiq a'zosi Grigol Chabradze (2021–2022 yillarda 9 ta o'yin) olib kelindi. Shuningdek, O'zbekiston U-20 terma jamoasi safida to'p tepgan G'iyosjon Rizoqulov bilan shartnoma imzolandi. Poziciyasiga ko'ra u ham Chabradze kabi o'ng qanot himoyachisi, ammo himoya markazida ham bemalol o'ynay oladi.
Yarim himoya markaziga Tojikiston terma jamoasi a'zosi Alisher Shukurov jalb qilindi. O'z milliy chempionatidan tashqari, u Gruziya va Rossiyada ham o'ynashga ulgurgan. Hujum chizig'ida Roman Papariganing o'rniga boshqa bir ukrainalik forvard – Aleksey Shebetun keldi. Shuningdek, Farhod Bekmurodov, Davron Anvarov va Dushan Miyichlar ham jamoa bilan xayrlashishdi.
"Surxon"
Termiz klubi o'tgan mavsumda raqib darvozasiga eng ko'p xavf tug'dirgan ikki o'yinchisini yo'qotdi – Rustam Turdimurodov ("Paxtakor"ga qaytdi) va Asilbek Jumaev ("Neftchi"ga o'tdi). Sunnatilla Hamidjonov, Muhammadali Abdurahmonov va Abdug'afur Haydarovlar ijaraga berib yuborildi. Shuningdek, Sherzod Komilov va Sunnatilla Poyyonov ham jamoani tark etdi.
"Surxon" jamoadagi to'rtinchi darvozabonga aylanadigan Otabek Boymurodov bilan shartnoma imzoladi. Boymurodovdan tashqari, tarkibda Artyom Potapov, Dilshod Yo'ldoshev va Davron Merganov bor. Ular o'yin vaqtini o'zaro qanday bo'lishib olishlari qiziq. "So'g'diyona"dan yosh markaziy himoyachi Behruz Jumatov olib kelindi. Tayanch zonasini gruziyalik yarim himoyachi Tornike Dzebniauri mustahkamlashi kutilmoqda. Himoyaning chap qanotiga O'zbekiston U-17 terma jamoasidan Muhammadali Musaxonov jalb qilindi.
Hujum chizig'iga kelsak, ushbu poziciyada bir nechta legioner bor. Richard Fraydey o'zbek futboli muxlislariga yaxshi tanish bo'lsa kerak – o'tgan yili u "Dinamo" safida harakat qilgan. Hujum markaziga yana bir nigeriyalik Stiven Chinedu olindi. "Surxon"ga kelguniga qadar u Xorvatiya, Albaniya, Bosniya va Serbiya chempionatlarida o'ynagan. Mahalliy yangi futbolchilar ham bor: Sunnatilla Abdullajonov (o'tgan mavsumda "Xorazm" safida 31 o'yin, "gol+pas" tizimi bo'yicha 3+7) va Farrux Qodirov (o'tgan yilgi U-21 birinchiligining eng yaxshi to'purari).
"Andijon"
"Andijon" tanib bo'lmas darajada o'zgardi. O'tgan mavsumga taqqoslaganda jamoada faqatgina Eldor Adhamov, Abduvohid G'ulomov, Muhammadkarim Toirov, Abdurahmon Komilov, Doniyor Abdumannopov, Usmonali Ismonaliev va Damir Temirovlar qoldi.
Klubni tark etganlardan birinchi navbatda Erjan Tokotaev, Islom Mamatkazin, Shahzod Azmiddinov ("Paxtakor"ga qaytdi), Oleg Zoteev va Bektemir Abdumannonovlarni ta'kidlab o'tish lozim. Boshqa futbolchilar ham ketishdi, ammo ular yoki asosiy tarkibning muqim o'yinchilari emasdi, yoki ularning o'rnini yangilar bilan bemalol "yopish" mumkin: Farhod Sohibjonov, Ilhom Abdug'aniev, Sunnatilla Hamidjonov ("Surxon"dan ijaraga olingandi), Otabek Jo'raqo'ziev, Ismoil Akinade, Muhammadali Usmonov, Muhammadyusuf Mirqodirov, Saidumarxon Saidnurullaev.
Yangi o'yinchilarning aksariyati mahalliy muxlislarga juda yaxshi tanish. Bular Dragan Cheran, Imeda Ashortiya (o'tgan yili "Bunyodkor" yetakchisi bo'lgan), Martin Boake, Po'latxo'ja Xoldorxonov, Humoyunmirzo Iminov, Aziz Turg'unboev, Jamshid Boltaboev, Ibrohim Yo'ldoshev, Mahmud Mahamadjonov, Islom To'xtaxo'jaev, Igor Golban, Odil Abdumajidov va darvozabon Rahimjon Davronov.
Shuningdek, yaqin kelajakni ko'zlab yosh futbolchilar – Nematullo Rustamjonov va Sayfiddin Sodiqovlar bilan ham shartnoma imzolandi. Avval Superligada o'ynamagan yangi legionerlar ham bor: o'z vatani Serbiyada, shuningdek, Portugaliya va Qozog'istonda o'ynashga ulgurgan markaziy himoyachi Nemanya Chalasan hamda gruziyalik tayanch yarim himoyachisi Aleksandre Andronikashvili.
"Qo'qon-1912"
Mavsum starti oldidan "Qo'qon-1912"ning bo'lajak mavsum uchun qo'ygan yuksak maqsadlari ma'lum bo'ldi. Jamoaga qiziqarli o'yinchilar keldi, biroq tarkib umumiy olganda yuqori o'rinlar uchun davogarlik qiladigan darajada o'zgarmadi.
O'tgan yili "Nasaf"ning asosiy tarkibidagi o'rnini yo'qotgan Javohir Sidiqov jamoaga qo'shildi. U 2016–2018 va 2022 yilgi mavsumlarda "Qo'qon-1912" safida o'ynagan edi. "Buxoro"dan Toma Tabatadze olib kelindi. "Neftchi"dan Silvanus Nimeli va Farhod Sohibjonov ijaraga olindi. Shuningdek, Farg'onadan G'ulomhaydar G'ulomov erkin agent maqomida yetib keldi.
Klubni tark etganlardan Jasur Xolto'raev, Kleydi Daci va Abror Karimovlarni ta'kidlab o'tish lozim. Biroq ularning ketishi "Qo'qon-1912" holatiga kuchli ta’sir qilishi dargumon.
"Mashal"
"Mashal" o'tgan mavsum Pro ligada "Aral" yetakchilaridan biri bo'lgan Izzatilla Abdulhaqovni o'z safiga qo'shib oldi. Shuningdek, "Andijon" sharafini himoya qilgan Ilhom Abdug'aniev hamda "Olimpik" va "Dinamo"da o'ynagan Maqsudxo'ja Aloxo'jaev ham jamoa tarkibini to'ldirdi. Hujum chizig'iga Makedoniya terma jamoasining sobiq o'yinchisi Vlatko Stoyanovski olib kelindi. Faoliyati davomida u hatto Fransiya 1-Ligasida "Nim" sharafini himoya qilishga ham ulgurgan. Himoya markaziga esa Rossiya MFL (FNL) va Belarus chempionatida o'ynagan Roman Xadjiev jalb qilindi.
Shuningdek, "Mashal" birdaniga uch nafar afrikalik legioner bilan shartnoma imzoladi:
Rafael Ayagva – 28 yoshli nigeriyalik yarim himoyachi. O'z vatanida, shuningdek, Norvegiya va Misrda o'ynagan;
Rashid Abubakar – 25 yoshli ganalik yarim himoyachi. Gana, Bosniya, Serbiya, O'mon, Moldova va Qozog'iston chempionatlarida to'p tepgan;
Agustin Chidi Kvem – 28 yoshli nigeriyalik hujumchi. JAR, Vetnam va Iroq klublarida harakat qilgan.
"Mashal"ni tark etganlardan markaziy himoyachi Dmitriy Yashin, darvozabon Umid Hamroev va yarim himoyachi Islombek Baratovlarni ta'kidlab o'tish lozim. Ularning ketishi "Mashal"ning o'yiniga salbiy ta’sir ko'rsatishi mumkin.
"Xorazm"
"Xorazm"ni Humoyunmirzo Iminov, Sunnatilla Abdullajonov, Hazrat Tursunqulov va Murod Bobojonov tark etdi. Ularning barchasi o'tgan yili jamoa o'yiniga katta ta’sir o'tkazgan edi. Shuningdek, Vladimir Bubanya, Ixtiyor Toshpo'latov va Iskandar Shoyqulov ham ketishdi.
Shu bilan birga, "Xorazm" ko'plab o'yinchilar bilan shartnoma imzoladi. Klub "Paxtakor"dan himoya markazi va tayanch yarim himoyachisi poziciyasida o'ynay oladigan Diyor Ortiqboevni sotib oldi. "Surxon"dan markaziy yarim himoyachi Nodirbek Abdixoliqov keldi. "Sho'rtan"dan ikki himoyachi – Shohjahon Sultonmurodov va Azizbek Pirmuhammedov bilan shartnoma tuzildi. Sunnatilla Hamidjonov esa ijaraga olindi.
Qiziqarli yangi legionerlar ham bor. Senegallik vinger Bubakar Traore "Torino" maktabini o'tagan, Shveytsariya va Ukrainada o'ynagan. So'nggi yillarda u Bolgariya chempionatida to'p tepgan. Kamida uchta poziciyada (o'ng qanot yarim himoyachisi, o'ng qanot himoyachisi va markaziy himoyachi) o'ynay oladigan sloveniyalik 27 yoshli universal Matiya Rom o'z vatanida "Domjale", Ukrainaning "Kolos", Xorvatiyaning "Shibenik", Gruziyaning "Telavi" va Qozog'istonning "Jenis" klublarida o'ynashga ulgurgan. 29 yoshli braziliyalik tayanch yarim himoyachi Rafael Sabino ham Ukraina va Qozog'istonda o'ynagan. Yana bir braziliyalik, 24 yoshli Elzio Loan "Xorazm"ga qadar Bosniya va Kiprda harakat qilgan. Darvozabon Nikola Stoshichni ko'pchilik "Buxoro"dagi o'yinlari orqali eslashi mumkin.
"Xorazm"ning eng qiziqarli yangi a'zosi – fransiyalik 22 yoshli vinger Yanis Leri. U akademiyasi Fransiya va butun Yevropada eng yaxshilaridan biri hisoblanadigan "Sent-Eten" tarbiyalanuvchisidir. "Sent-Eten"ning birinchi jamoasi safida u 7 ta o'yin o'tkazgan. So'nggi ikki yilni u Ispaniya uchinchi ligasida o'tkazdi. Yaqindagina, 2019 yilda Leri Fransiya o'smirlar terma jamoasida o'ynagan edi. O'shanda u bilan bir jamoada Malo Gyusto ("Chelsi"), Ele Vai ("Nicca"), Abdulla Ba ("Sanderlend") va Sumaila Kulibali ("Brest") to'p tepishgan.
"Buxoro"
"Buxoro" qiziqarli transfer kampaniyasini o'tkazdi. Ehtimoliy yo'qotishlardan – Izzatilla Po'latov, Azizbek Amonov va Toma Tabatadzening ketishini takidlash mumkin. Shuningdek, Marko Kolakovich, Frane Ikich, Yosip Tomashevich, Frane Chiryak, Bilol Tupliev va Otabek Boymurodov ham klubni tark etishdi, biroq ularning ketishi jamoa uchun katta muammo tug'dirishi dargumon.
"Buxoro" "Mashal" darvozaboni Umid Hamroev bilan shartnoma imzoladi. Himoya markaziga ikki nafar serbiyalik jalb qilindi: Velko Filipovich va Boyan Mladovich. Filipovich so'nggi bir necha yilni Tailandda o'tkazgan bo'lsa, Mladovich Qozog'iston, Gruziya va Kiprda o'ynagan. Himoyaning o'ng qanotiga "Paxtakor" tarbiyalanuvchisi Kirill Todorov, chap qanotiga esa tajribali Xurshid Muxtorov keldi.
Yarim himoya markazini "Akron"dan ketganidan so'ng Belarus chempionatida Brestning "Dinamo" klubida biroz o'ynashga ulgurgan Sherzod Esanov kuchaytirishi kerak. Shuningdek, gruziyalik tayanch yarim himoyachisi Mixail Basheleyshvili bilan shartnoma tuzildi. Hujumda kreativlikni oshirish vazifasi Chernogoriya terma jamoasining sobiq a'zosi, Serbiya, Shvetsiya, Daniya chempionatlari va hatto Evrokuboklarda o'ynash tajribasiga ega bo'lgan Vladimir Rodichga topshirilgan. 2023 yilgi mavsumda "Olimpik"dagi faoliyatidan so'ng samaradorligi keskin pasayib ketgan (Superligadagi uch mavsumda bor-yo'g'i bitta assist) Temur Mamasidiqov "Buxoro"da o'z faoliyatini qayta tiklashi mumkin.
Tabatadzening o'rnini Gruziyadan kelgan boshqa bir hujumchi – bo'yi qariyb 2 metr (198 sm) bo'lgan Nika Kacharava to'ldirishi ko'zda tutilgan. Kacharava Kipr, Gruziya, Polsha, Rossiya va Janubiy Koreya chempionatlarida o'ynash tajribasiga ega. Shuningdek, u Evrokuboklarda 19 ta o'yin (2 ta gol va 3 ta assist) hamda Gruziya milliy terma jamoasi safida 24 ta o'yin (3 ta gol va 2 ta assist) o'tkazgan.
"Lokomotiv"
"Temiryo'lchilar" Superligada jon saqlab qolishga jiddiy kirishishlari aniq. So'nggi to'rt mavsum davomida "Lokomotiv" goh yuqoriga ko'tariladi, goh yana Pro ligaga tushib ketadi. Ammo bu yil "Lokomotiv"da anchagina jangovar tarkib yig'ilgan.
Birinchi navbatda, sobiq o'yinchilar – Temurxo'ja Abduxoliqov, Sardor Mirzaev, Shuhrat Muhammadiev va Oleg Zoteevning klubga qaytganini takidlash lozim. Ularning barchasi o'z vaqtida "temiryo'lchilar" safida O'zbekiston chempioni bo'lishgan. Shuningdek, "Dinamo"dan Aleksandr Kucherenko, "Nasaf"dan Suhrob Nurullaev, "Mashal"dan Islombek Baratov, "Paxtakor"dan Nikita Shevchenko, "Buxoro"dan Bilol Tupliev, "Surxon"dan Sunnatilla Poyyonov hamda O'zbekiston yoshlar terma jamoalarida to'p tepgan Nurlan Ibraimov bilan shartnoma imzolandi. Lazizbek Mirzaev ham "Lokomotiv"ga qaytdi (u ijaraga olindi). "Temiryo'lchilar" O'zbekiston U-20 terma jamoasining asosiy o'yinchilaridan biri bo'lgan Muhammadali Reimovni ham o'z saflariga qo'shib olishdi. Natijada tajriba va yoshlikning qiziqarli uyg'unligi yuzaga keldi.
Legionerlarga kelsak, "Lokomotiv" quyidagi futbolchilar bilan shartnoma tuzdi:
Aleksandar Shushnyar – 30 yoshli markaziy himoyachi, Avstraliya terma jamoasining sobiq a'zosi. Avstraliya, Ruminiya, Chexiya, Slovakiya, Janubiy Koreya va Serbiya chempionatlarida o'ynash tajribasiga ega;
Yovan Nishich – 27 yoshli yarim himoyachi, Serbiya terma jamoasining sobiq o'yinchisi. O'z vatanida "Partizan", "Vojdovac" va "Radnichki Nish", shuningdek, Bosniyaning "Borac" hamda Fransiyaning "Po" klublarida harakat qilgan;
Nikolay Ivanov – 26 yoshli yarim himoyachi, Belarus terma jamoasi a'zosi. Belarus chempionatida o'z poziciyasidagi eng yaxshi o'yinchilardan biri bo'lgan;
Aleksey Kozlov – rossiyalik 27 yoshli darvozabon, Latviya, Litva, Belarus, Qozog'iston va Qirg'iziston klublari sharafini himoya qilgan.
"Lokomotiv" bilan xayrlashganlardan Rahimjon Davronov, Momchilo Rasho, Akaki Shulaya, Levan Arveladze va Davron Hoshimovlarni ta'kidlab o'tish lozim.

Muallif: Nikolay Egorichev



