U-23 Osiyo Kubogi oldidan: raqiblar va imkoniyatlar

Sherzod Nurmatov
29 dek 2026
Navbatdagi U-23 Osiyo Kubogi yangi yilning ilk xalqaro musobaqasi bo'ladi.

 2026 yilning 6-24 yanvar kunlari Saudiya Arabistonida U-23 Osiyo Kubogi bo'lib o'tadi. Ushbu musobaqada O'zbekiston U-23 terma jamoasi ham ishtirok etadi.

Ettinchi musobaqa

Bu hisob bo'yicha ettinchi Osiyo chempionati bo'ladi. Bungacha olti marta turnir tashkil qilingan bo'lib, OFK rejasiga binoan har ikki yilda bir marta o'tkazish belgilangan.

2013. Mezbon - Ummon. Chempion - Iroq

2016. Mezbon - Qatar. Chempion - Yaponiya

2018. Mezbon - Xitoy. Chempion - O'zbekiston

2020. Mezbon - Tailand. Chempion - Janubiy Koreya

2022. Mezbon - O'zbekiston. Chempion - Saudiya Arabistoni

2024. Mezbon - Qatar. Chempion - Yaponiya

2026. Mezbon - Saudiya Arabistoni. Chempion - ???



Ikkita shahar. To'rtta stadion

Aytib o'tganimizdek, navbatdagi musobaqa Saudiya Arabistonida bo'lib o'tadi. O'yinlar ikkita shahar (Ar Riyod, Jidda) va to'rtta stadionda tashkil etiladi. U-23 Osiyo chempionatini qabul qiladigan stadionlar: Prince Faisal Bin Fahd Stadium (Ar Riyod), Al Shabab Stadium (Ar Riyod), King Abdullah Sports City Hall Stadium (Jidda), Prince Abdullah Al Faisal Sports City Stadium (Jidda).

O'zbekiston U-23 terma jamoasi guruh o'yinlarini poytaxt Ar Riyodda joylashgan 22 ming o'rinli Prince Faisal Bin Fahd Stadiumda o'tkazadi.


Avvalgi ishtirok

O'zbekiston U-23 terma jamoasi shu paytgacha o'tkazilgan barcha 6 ta musobaqada ishtirok etgan bo'lib, 2018 yilgi musobaqada chempionlikni nishonlagan hamda 2022, 2024 yilgi kichik qita birinchiligida finalga yetib borgan. Yana bir ma'lumot shuki, ketma-ket oxirgi 4 ta musobaqada O'zbekiston U-23 terma jamoasi kuchli to'rtlikka kirishni udlalay olgan hamda barcha 6 ta musobaqada qatnashgan 7 ta jamoadan biri hisoblanadi.



Kerakli musobaqa

U-23 har doim 16 ta jamoa ishtirokida o'tkazib kelinadi va OFK ishtirokchilar sonini ko'paytirishni o'ylayotgani yo'q. Bunga sabab ehtiyoj yo'qligida. Aytib o'tganimizdek, U-23 Osiyo chempionati har ikki yilda bir marta o'tkaziladi va 2028 yilgisi Olimpiada yo'llanmasi uchun o'ynaladi.

Yevropada tarqalgan gap-so'zlarga qaraganda, Olimpiya o'yinlarida erkaklar futbolining nufuzi ancha tushishi kutilmoqda. Chunki shu paytgacha 16 ta erkaklar jamoasi Olimpiadada qatnashib kelgan bo'lsa, 2028 yildan boshlab 12 taga tushiriladi. Ayollar jamoalari esa aksincha 12 tadan 4 taga ko'payib? 16 taga etkaziladi.

Bu degani U-23 futbol turniridan Xalqaro Olimpiya qo'mitasi ham, FIFA ham manfaatdor emas. Va bu ketishda sekin-asta erkaklar futboli Olimpiya o'yinlaridan chiqib ketishi mumkin. Ammo ayollar futboli qoladi, chunki hozirgi paytda butun dunyoda ayollar futbolini ko'tarish siyosati ketmoqda.

OFK U-23 Osiyo chempionatini ushlab qolishga harakat qiladi. Chunki 23 yoshgacha futbolchilarning hammasi ham o'z milliy terma jamoalarida o'ynayotgani yo'q. Shu bois bu musobaqa ko'pchilik futbolchilarga tramplin bo'ladi. Aytaylik, U-17 va U-20 Osiyo chempionatlari bor. Undan keyin kattalar o'rtasidagi Osiyo Kubogi o'tkazilardi. 21-22 yoshli o'yinchilar birdaniga milliy jamoaga tusha olmasligini hisobga olib, OFK U-23 Osiyo chempionatini tashkil qilgan va bu bilan to'g'ri yo'l tutgan.


Guruhlar va jamoalar

16 ta jamoa to'rttadan to'rt guruhga bo'lingan. 

"A" guruhi: Saudiya Arabistoni, Vetnam, Iordaniya, Qirg'iziston.

"B" guruhi: Yaponiya, Qatar, BAA, Suriya.

"C" guruhi: O'zbekiston, Janubiy Koreya, Eron, Livan.

"D" guruhi: Iroq, Avstraliya, Tailand, Xitoy. 


O'zbekiston U-23 terma jamoasi "C" guruhida joy olgan bo'lib, kuchli raqiblarga qarshi bahs olib boradi. Ayniqsa Eron va Janubiy Koreya bilan bo'ladigan uchrashuvlar ancha qiziq kechishi aniq. Taqvim quyidagicha ko'rinish olgan: 

7 yanvar. O'zbekiston - Livan

10 yanvar. Eron - O'zbekiston

13 yanvar. O'zbekiston - Janubiy Koreya


Guruhdan chiqsak, kim bilan o'ynaymiz?

Musobaqa formatiga ko'ra, har bir guruhdan 2tadan jamoa keyingi bosqichga yo'l oladi. C guruhi jamoalari chorak finalni 17 yanvar kuni D guruhi vakillariga qarshi o'tkazadi. Ma'lumki, D guruhidan Iroq, Avstraliya, Tailand va Xitoy o'rin olgan.

O'zbekiston terma jamoasi ushbu Osiyo chempionatiga yaxshi tarkib bilan yo'l olmoqda. Bosh murabbiy Ravshan Haydarov Osiyo turnirlarida nihoyatda omadli hisoblanadi. Bu safar ham omad biz tomonda bo'ladigan degan niyatdamiz.


Xayrulla Xoliqov


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia