

21-turning eng yaxshi darvozaboni - Abduvohid Ne'matov (“Nasaf”)
“Nasaf” ortda qolgan turda “Neftchi”ni tor-mor etdi (6:2). Uchrashuv mobaynida Abduvohid Ne'matov ham o'zining ijobiy tomonlarini namoyish etdi. Xususan, 4 ta seyv qilgan bo'lsa, 2 marta havodan kelayotgan to'pni muvaffaqiyatli ilib oldi. Shunday qilib, aynan Ne'matov tur darvozabonligiga loyiq ko'rildi.

21-turning eng yaxshi murabbiyi - Ro'ziqul Berdiev (“Nasaf”)
“Nasaf” “Neftchi”ga hech qanday imkoniyat qoldirmasligida jamoa ustozi Ro'ziqul Berdievning o'rni beqiyos. U amaldagi chempion bilan to'qnashuvga jiddiy tayyorgarlik ko'rgani o'yinda o'z aksini topdi. Uning shogirdlari murabbiyning ko'rsatmalari to'la-to'kis ado etib, birin-ketin gollar urishdi. Championat.asia xodimlari aynan Berdievni tur murabbiyi sifatida etirof etdi.

21-turning eng yaxshi futbolchisi - Sharof Muhitdinov (“Nasaf”)
“Neftchi” bilan o'yin “Nasaf” chap qanot yarim himoyachisi Sharof Muhitdinovning benifisiga aylanib ketdi. U 6 ta goldan 5 tasida bevosita ishtirok etdi. Dastlab uning jarima zarbasidan yo'llagan kuchli zarbasidan keyingi vaziyatda hisob ochilgan bo'lsa, so'ngra 1 ta gol urdi va 3 ta golli pas uzatdi. Shunday qilib, aynan Muhitdinov so'zsiz tur futbolchisi bo'ldi.

21-turning eng chiroyli goli muallifi - Zabihillo O'rinboev (“So'g'diyona”)
“So'g'diyona” bu turda “Mashal”ni yirik hisobda dog'da qoldirdi (5:2). Uchrashuvning 40-daqiqasida Ivanovichning havolatib amalga oshirgan uzatmasidan so'ng mahoratli hujumchi Zabihillo O'rinboev to'pni to'xtatmasdan darvoza to'riga yo'lladi. Aynan shu gol turdagi eng chiroylisi deb topildi. Quyida mazkur golni tomosha qilishingiz mumkin.




