Tohir Shamsiddinov: Ashurmatovning taklifiga ko'ra Navbahorga o'tdim

Narzulla Saydullayev
25 fev 2014
"Navbahor" ham oliy liganing boshqa klublari qatori tarkibiga ko'plab futbolchilarni qo'shib olishda davom etmoqda.

Yaqinda namanganliklar safiga o'tgan mavsumni "Guliston"da o'tkazgan himoyachi Tohir Shamsiddinov ham qo'shildi. Namangan futboli tarbiyalanuvchisi faoliyati davomida "Guliston"dan tashqari "Paxtakor", "So'g'diyona" klublarida to'p surgandi. Navbatdagi mavsumda Shamsiddinov o'zi tug'ilgan viloyatning bosh jamoasi sharafini himoya qiladigan bo'ldi. Himoyachini "Navbahor"da to'p surishi oydinlashgach, u bilan suhbatda bo'ldik.


- Tohir, "Navbahor" safiga qay tarzda qo'shildingiz?
- "Navbahor" jamoasiga bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov taklif qildi. Yodingizda bo'lsa, o'tgan yili aynan Ashurmatov "Guliston"ga chaqirgandi. Endilikda, "Navbahor"ga ham taklif qildi. Aytishim kerakki, Baxtiyor aka katta ishonch bildirdi va yangi jamoasida birga faoliyat olib borishimni istadi. Shu bois ham jamoa yig'iniga qo'shildim.


- Jamoada qolishingiz aniq bo'lib ulgurdimi?
- Ha, bu yilgi mavsumda jamoa sharafini himoya qilishim aniq bo'lib ulgurdi. Bu erga ijara asosida o'tdim. Yangi jamoa safida o'zimni har taraflama ko'rsatishga harakat qilaman.


- Bu jamoada Sizni qanday kutib olishdi?
- Jamoada munosib tarzda kutib olishdi. Bu erdagi muhit ajoyib. Qolaversa, tarkibdagi ko'pchilik futbolchilar bilan avvaldan tanish ekanligim sababli, o'zaro til topishib ketishimizda hech qanday qiyinchiliklar yuzaga kelmadi. 


- Jamoaning poytaxtda o'tkazgan navbatdagi yig'ini tugadi. Mazkur yig'in xususida fikringiz qanday?
- Yig'in juda yaxshi bo'lib o'tdi. Jamoa safiga kechroq qo'shilgan bo'lsam-da, jamoaning qator nazorat-sinov uchrashuvlarida maydonga tushdim. Qolaversa, jamoamiz PFL kubogida ham to'p surdi. Xullas, yig'in ko'ngildagidek o'tdi. Jamoa murabbiylar shtabi qator o'yinchilarni sinovdan o'tkazib, maqul kelganlarni tarkibda olib qolishga harakat qilishdi. 


- "Navbahor"dan tashqari boshqa klublardan ham takliflar tushganmidi?
- "Andijon" va "So'g'diyona" jamoalaridan ham taklif tushgandi. Ammo, Baxtiyor akaning o'zi "Navbahor"ga chaqirganligi bois, boshqalardan bo'lgan taklifga e'tibor qaratmadim. Qolaversa, o'zim tug'ilib o'sgan ona shahrim jamoasida o'ynashni ko'proq istadim. Chunki, shu kungacha faoliyatimni boshqa viloyatlarning klublarida o'tkazganligim sababli, Namanganda to'p surish nasib qilmagandi. Shunday imkoniyat tug'ilgan edi, bundan oqilona foydalanishga qaror qildim.  


- Huquqiy jihatdan "Paxtakor"ga tegishlisiz? Aytingchi, "sherlar" bilan tuzgan shartnomangiz muddati qachon tugaydi?
- Nasib qilsa, 2016 yilda "Paxtakor" bilan tuzilgan shartnoma muddati o'z kuchini yo'qotadi. Hozircha "Navbahor"da ijara asosida o'ynab turaman.


- Tajribali himoyachi bo'lishingizga qaramay, "Paxtakor"ning asosiy jamoasida o'ynab keta olmayapsiz.
- Darhaqiqat, "Paxtakor"da o'z o'yinimni topa olmayapman. Buni tarkibdagi yuzaga kelgan raqobatni yuqori ekanligi bilan izohlayman. "Paxtakor"da raqobat doim kuchli bo'lib kelgan. Shu bois ham asosiy tarkibga qo'shilishim qiyin kechdi. Lekin, "Navbahor"da ishonchli to'p surib, "sherlar"ni asosiy tarkibida o'ynaydigan darajada bo'lib qaytishni rejalashtirib turibman.


- Ona shahringiz jamoasida to'p surish boshqacha bo'lsa kerak?
- Albatta, buni o'ziga yarasha tomonlari bor. Qolaversa, o'ziga xos mas'uliyatni ham yuklaydi. Boya aytib o'tganimdek, shu paytgacha Namanganda to'p surmadim. Endilikda bor kuch g'ayratimni sarflab, to'p surmoqchiman. Barchaga yaxshi ma'lumki, Namanganda futbolni juda sevishadi. O'yingohga ko'plab muxlislar kelishadi. Ularni qarshisida o'ynash baribir boshqacha. O'ylaymanki, bu klubga bejizga kelmaganligimni namoyish qilishga astoydil harakat qilmoqchiman.


- Avvalgi mavsumda "Guliston" safida 15 ta uchrashuvda maydonga tushgandingiz. O'tgan yili to'plagan tajribangiz "Navbahor"da asqotib qolishiga ishonasizmi?
- Chindan ham avvalgi mavsum men uchun yaxshi o'tdi. "Gulis-ton"da o'ynab, tajribamni oshirishga muvaffaq bo'ldim. 15 ta uchrashuvda maydonga tushib, oliy liga havosidan bahra olishga erishdim. Bunday imkoniyatni aynan Ashurmatov tuhfa etdi. Endilikda "Navbahor"da ham asosiy tarkibdan muqim joy olish uchun harakat qilaman. O'ylaymanki, o'tgan yili to'plagan tajribam asqotadi.


- Nima deb o'ylaysiz, Baxtiyor Ashurmatov "Navbahor"ni kuchaytirishni uddasidan chiqadimi?
- O'ylaymanki, buni Baxtiyor aka uddalay oladi. Ashurmatov juda yaxshi mutaxassis. Futbolchilar bilan qanday ishlash kerakligini yaxshi biladi. "Guliston"da ham yaxshi ish olib borayotgandi. Ammo, klubda yuzaga kelgan moliyaviy muammolar tufayli, natijalarimiz pasayib ketgandi. Bu yil yangi murabbiy qo'l ostida "Navbahor" o'zgacha futbol namoyish qilishga qodir. Qolaversa, avvalgi mavqeini tiklab, muxlislarni quvontiradi degan umiddaman.


- O'tgan yilning yozida Siz O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bilan Turkiyadagi jahon chempionatida to'p surgandingiz. Shundan so'ng, Rossiyaning "Rubin" klubi qiziqish bildirganligi haqida aytilgandi. Nimagadir, bu qiziqish jiddiy bo'lib chiqmadi. O'shanda rostdan ham "Rubin" jamoasi qiziqish bildirganmidi?
- To'g'risini aytsam, "Rubin" klubidan qiziqish bo'lganligi haqida hech qanday gap aytilmagandi. Shu sababli taklif ham bo'lmagan. Aks holda bu haqda OAV vakillariga aytgan bo'lardim.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: "Аср футболи" газетаси.