Timur Kapadze olimpiya shaharchasidagi muammolar haqida gapirdi

Khoja
25 iyul 2024, 09:25
O'zbekiston OTJ bosh murabbiyi Timur Kapadze olimpiya shaharchasida etarli darajada muammolar borligini ma'lum qildi.

Olimpiadadagi sharoitlarga keladigan bo'lsak, bu yerda qiyinchiliklar etarli ekan. Olimpiya shaharchasiga kelganimizdan beri har kuni qandaydir voqealar sodir bo'lmoqda. Xona masalasida, mashg'ulotga borib-kelish masalasida, hali avtobus kelmaydi, hali avtobuslar yo'lda adashib qolmoqda. Mashg'ulotlarga borib-kelishning o'ziga ko'p vaqt sarf qilmoqdamiz. Nafaqat biz, balki boshqa jamoalarda shunday muammolar bor.

 Musobaqa tashkilotchiligida ozgina muammolar borligi ko'rinib qolmoqda. Bu yerda faqat futbolga tayyorgarlik ko'rishni o'ylamas ekansiz. Yana boshqa masalalarni o'ylash kerak ekan. Birinchi kun kelganimizda bizni joylashtirishdi, biroq ertasiga bu sizlarni xonalar emas ekan deb yana bo'shattirishdi. Boshqa korpusga o'tadigan murabbiylar bo'ldi. O'ziga yarasha har kuni qandaydir vaziyatlar bo'lib turibdi. Hammamiz birgalikda bunday holatlardan chiqishga harakat qilmoqdamiz. Biroq shu mayda narsalar ham o'yinga tayyorgarlik olib borishga to'sqinlik qiladi.

 Futbol bahslarini boshqa shaharda o'tkazayotgan jamoalar mehmonxonada yashashmoqda, ularda biz kabi muammolar bo'lmayapti. Olimpiya shaharchasida yashashning o'ziga yarasha qiyinchiliklari bor ekan.

Yurtimizning boshqa sportchilari bilan gaplashsak, Tokioda o'tgan olimpiada bundan ancha tartibli o'tgan ekan. O'zimiz ishtirok etgan Osiyo o'yinlarida ham bunday holatlarni ko'rmagandik. Nima bo'lgan taqdirda ham keyingi uchrashuvlarga tayyorgarliklarni davom ettiramiz.


KhojaMuallif
Manba: championat.asia