Timur Kapadze: "G'alabani qanday qo'lga kiritganimiz sir bo'la qolsin. Besh nafar himoyachi bilan o'ynaganimizga qaramay, qarshi hujumda gol urishimiz kerak edi"

18 apr 2026, 01:13
Superliga 8-turidan o'rin olgan "Lokomotiv" - "Navbahor" (0:2) uchrashuvidan so'ng namanganliklar bosh murabbiyi Timur Kapadze o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Butun jamoani va muxlislarni tabriklayman. Qiyin o'yinda uch ochkoni qo'lga kiritdik. "Lokomotiv" tajribali va yosh o'yinchilar "miks" bo'lib jamlangan jamoa. Biz kerakli joyda bosim qilib gol urdik. Keyin esa "Lokomotiv" gol urishga harakat qildi. Oson bo'lmadi, endi keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz. Bu o'yinda natija uchun o'ynadik", - dedi Timur Kapadze.

- O'z fikrimni savol tariqasida bermoqchiman: "Navbahor" va "Lokomotiv"ning o'yin uslubi bir-biriga o'xshash: to'pni ushlab turishni va zarba berishni yaxshi ko'radi. Lekin "Loko"da asosan bir xil o'yinni ko'ryapmiz. "Navbahor"da esa "A", "B", "C" planlari bordek. Yani, jamoa istalgan holatga moslasha oladi. Savolim shunday: jamoaning taktikasi qanday - to'pni ushlab turishmi yoki vaziyatga moslashish?
- Asosiy uslubimiz uch ochkoni qo'lga kiritish. Kerakli vaqtda himoyalanyapmiz. Kerakli vaqtda esa hujum qilish kerak. Maydon holati yaxshi emas edi. Bu ikki jamoaga ham xalal berdi. Shuning uchun to'pni raqibga berib, ko'proq to'psiz harakatlandik. O'yin boshida ikkita gol urib olganimiz yaxshi bo'ldi. Asosiysi uch ochko, g'alabani qanday qo'lga kiritganimiz esa sir bo'lib qolsin.

- "Lokomotiv"da bir necha mavsum davomida Yyelichich qo'l ostida o'ynagansiz. Uning qaysi jihatlarini hozirgi kunda murabbiylikda ishlatyapsiz?
- Mirko bilan anchadan beri tanishmiz. U "Paxtakor" jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy bo'lib kelgan edi. Keyin esa terma jamoada ishladi. Jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiydan, bosh murabbiylikka o'tdi. "Lokomotiv"ning bir nechta o'yinlarini ko'rib chiqdim. Jamoa ko'p jihatlar ustida ishlagan. Yyelichichning imzosi ko'rinib turibdi. Har bir murabbiydan bir nima o'rganaman. Mirko "Loko"ni ilk marotaba chempion qildi. Bu klub unga begona emas. Hozirgi tarkibda yigitlar ham "Lokomotiv"da oldin o'ynashgan. Mirkodan ham kerakli narsalarni o'rganganman.

IMG_20260417_202814.jpg

- "Navbahor" 2:0 hisobida oldinga o'tib olganidan so'ng o'yinni tashlab yubordi degan fikrga qanchalik qo'shilasiz? 20 daqiqadan so'ng "Lokomotiv" ustunlik qila boshladi-ku...
- Shunday tuyulgan bo'lishi mumkin. Biz yana to'pni nazorat qilishimiz mumkin edi, ammo yigitlar biroz xotirjamlikka berilishdi. Maydon holati ham to'pga doim egalik qilib turishga xalal berdi. Tanaffusda yigitlar maydon sirpanchiq bo'lib qolganini aytishdi. "Lokomotiv"ga "Olimpiya" stadionida o'yinni o'tkazish taklifini bergan edik. Hisobda oldinga chiqib olganimizdan so'ng "Loko" katta kuch bilan oldinga o'tishni boshladi. Biz esa qarshi hujumlarni raqibni jazolash rejasiga o'tib oldik. Qayerdadir rejamiz ish berdi, qayerdadir esa yo'q. Yana bitta gol ursak, hammasi tugardi. "Lokomotiv" ham yaxshi imkoniyatlarga ega bo'ldi. Yusupov va himoyachilar ketma-ketlik bilan bizni qutqardi. Hisob yigitlarga xotirjamlik bergandir. Men bundan biroz asabiylashdim. Ikkinchi bo'limda taktik jihatdan o'zgarish qildim.
- Tanaffusda Aleks Fernandes o'rniga Dilshod Komilovni maydonga tushirdingiz va jamoa uch nafar markaziy himoyachi bilan o'ynashni boshladi. Bunga nima sabab bo'ldi?
- "Lokomotiv" hujumga zo'r berganidan so'ng qanotlarda kamchiliklar kuzatildi. Oldinda esa etarlicha pressing qila olmadik. Aleks "epizod"li o'ynadi degan bo'lardim. Bunday maydonda kurashuvchan o'yin namoyish etish kerak edi. Shuning uchun Diyor va Aleksni zaxiraga oldim. Qanotlarni esa yopdik. Qo'shamiz desak, yana qo'sha olardik. Besh nafar himoyachi bilan o'ynaganimizga qaramay, qarshi hujumda gol urishimiz kerak edi.

- Ruslanbek Jiyanov mart oyidagi yig'indan tushib qoldi. Jiyanovning hozirgi formasidan kelib chiqib Kannavaroning qarori to'g'ri bo'lgan deb hisoblaymizmi?
- Birinchidan, MTJda har doim tanlov katta. U kengaytirilgan ro'yxatdan bo'lgan. Murabbiylar shtabi oldida qiyin tanlov bor edi. Mavsum boshidagi o'yinlariga qarab, ikkilanishgandir. So'nggi o'yinlarda esa ancha yaxshi o'ynayapti. Endi navbatdagi yig'inga chaqirilishi mumkindir. Muhimi - futbolchilarimiz sog' bo'lishi. Terma jamoaga chaqirilish nasib narsa. Har bir da'vogar futbolchi chaqiruv olishga munosib. So'nggi uch o'yinda ancha o'zib kelib oldi. Dastlabki uch turdan so'ng unga savollarim ko'p edi. Ayniqsa to'psiz jabhada. Hozir esa sport formasini tiklab oldi.


Manba: championat.asia