

Va loyihaning ilk mehmoni o'laroq “Loko” to'purari Temurxo'ja Abduxoliqov taklif etilgandi.
Futbolchiga yuborilgan savollar orasidan jamoamizning Feysbuk ijtimoiy tarmog'idagi o'quvchisi Charos Tursunova tomonidan yo'llangan savol Temurxo'jaga ko'proq manzur bo'ldi. Natijada hujumchi eng yaxshi deb topilgan savol egasiga o'zining 11-raqamli futbolkasini berishni maqul topdi.
Kecha bo'lib o'tgan “Lokomotiv” – “Navbahor” uchrashuvidan oldin muxlisamiz Charos Tursunova TTYMI stadioniga tashrif buyurib, futbolchidan o'z sovg'asini qabul qilib oldi va futbolka uchun minnatdorchilik bildirdi.
“O'g'lim ham “Lokomotiv” futbol maktabiga qatnaydi, – deydi Charos Tursunova. – Feysbukda loyiha shartlari e'lon qilingach, men ham o'z savolim bilan ishtirok etdim. To'g'risi, men yuborgan savol Temurxo'ja Abduxoliqovga ko'proq maqul kelishini kutmagandim. Suhbat e'lon qilingach, ko'pchilik tanishlarim mendan “Rostdan sen yutdingmi? Futbolkani oldingmi?” deb so'ray boshladi, ammo ishlar bo'lib o'z vaqtida stadionga kela olmadim. Sovg'a uchun katta rahmat”.




