Tanaffusdan keyin: A Seriya 9-tur prevyusi

Omonjon To`xtamirzayev
21 okt 2023
Bugun terma jamoalar o'yinlari tufayli yuzaga kelgan tanaffusdan keyin Italiya chempionatining 9-tur uchrashuvlari start oladi.

Turni amaldagi chempion "Napoli"ning safarda "Verona"ga qarshi bellashuvi ochib beradi. E'tiboringizga turning eng qiziqarli bo'lishi kutilayotgan o'yinlariga tayyorlangan prevyuni taqdim etamiz.


"Verona" - "Napoli"

Hamon o'yinda Xeyn va Doygning ishtiroki so'roq ostida qolmoqda, Xrustich, Kabal, Braf va Davidovich esa jamoaga yordam bera olmasligi aniq. Hujumda Marko Baroni Jurich va Bonaccolidan birini tanlashi zarur. 

Rudi Garsiya uchun Osimxen va Angussaning jarohati jiddiy bosh og'riq bo'lishi aniq. Shunday ekan hujumda Simeone va orqaroqdan Politano hamda Kvaratsxeliya harakat qiladi. Lekin Rraxmani safga qaytgan va u himoya markazida Natan bilan tandemda harakat qiladi.

Ushbu jamoalarning oxirgi to'qnashuvida jamoalar hisobni ocha olishmagandi. Hozir favorit yana "Napoli". Jarohatlar va boshqa muammolarga hamda "Verona"ning qarshiligiga qaramay, "Napoli" g'alabali yo'lga qaytib oladi deb o'ylaymiz.


"Torino" - "Inter"

Sapataning jarohati Yurich uchun o'ta yoqimsiz yangilik bo'lgani turgan gap, shunday ekan hujumda Sanabriya maydonga tushadi. Unga Pellegri yordamlashadi. Yaxshi yangiliklardan Sazonov va Bellanovani aytib o'tish mumkin. Shuning uchun Tamez markazga qaytadi. 

Kuadrado hali ham jarohati bilan band. Arnautovich ham lazaretda. Shuningdek, Barellaning o'rnini Frattezi egallaydi. Hujumda esa Lautaro-Tyuram juftligidan boshqa variant yo'qdek.

"Inter" o'tgan safar 1-0 hisobida zafar quchgan. Hozir ham aynan "neradzurri" favorit sifatida ko'rilmoqda. Jamoalar darajasi o'rtasida sezilarli farq bor, yuzaga kelgan tanaffusda esa Inzagi kamchiliklar ustida ishlashi mumkin edi va "Inter" "buqalar" qarshiligini enga oladi.


"Salernitana" - "Kalyari"

Tabiiyki, yangi murabbiy Filippo Inzagi ma'lum o'zgarishlarga qo'l uradi. Qo'shimchasiga, tarkibning deyarli barcha a'zosi sog'lom va safda. Bu borada faqatgina Facio va Foriloning maydonga tushishi so'roq ostida qolmoqda. Hujumda Dia va Kabralga ishonch bildiriladi. Rog, Lapadulla va Mankozu hali ham jarohatini davolash bilan band. Luvumba va Dossena safga qaytgan, biroq ularni asosiy tarkibda ko'rmasak kerak. Hujumda katta ehtimol bilan Oristanoni ko'ramiz, unga Petanya yoki Shomurodov yordamlashadi.

Jamoalarning avvalgi bahsi 1-1 hisobidagi durang bilan yakunlangan. Hozircha, qog'ozda, favorit - "Salernitana". Barcha faktorlardan tashqari, Filippo Inzagi g'alaba bilan debyut qilishga urinishi turgan gap. Murabbiy almashgani futbolchilarga ham ta’sir ko'rsatishi turgan gap. Ammo "Kalyari" osonlikcha taslim bo'lmaydi va mezbonlar uch ochkoni qo'lga kiritish uchun ancha ter to'kishlariga to'g'ri keladi.


"Milan" - "Yuventus"

Pioli tarkib borasida jiddiy muammolarga duch kelgan. Krunich, Teo, Menyan, Benasser va Chukvueze ushbu bahsda ishtirok eta olmasligi aniq bo'lib ulgurgan. Kalulu va Loftus-Chik ham jamoadoshlariga yordam bera olmasligi mumkin. Milanliklar baxtiga hujumda Leao va Jiru juftligi bor. 

Ha, Allegrida ham muammolar etarli. Qo'shimchasiga Danilo jarohatlangan va uning o'rnini kim egallashini yoki taktikani alishtirish borasida bosh qotirish zarur. Yaxshi yangiliklardan Vlaxovich safga qaytdi. Agarda Allegri 4-4-2 sxemasidan foydalanishga qaror qilsa, hujumda aynan serbiyalik futbolchi Milik bilan juftlikda harakat qiladi.

Jamoalarning avvalgi to'qnashuvida 2-2 hisobi qayd etilgandi, ammo u o'yin o'rtoqlik maqomida kechgandi. Hozir esa o'rtada uch ochko turibdi. "Milan" imkoniyatlari biroz yaxshiroq deb baholanmoqda, lekin nazarimizda, "Yuventus" "rossoneri"ning muammolaridan unumli foydalana olishi hech gap emas. Qator yetakchilarisiz "Milan"ga oson bo'lmasligi aniq.


Sergey Rumyancev 

Nozima To'xtamirzaeva tarjimasi


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia