Shohmalik Komilov: "Turon"da ayni paytda ishtiyoq yuqori, jamoaga o'yinim bilan o'z hissamni qo'shmoqchiman"

Iskandarov Abdulaziz
28 iyul 2023
Kechadan e'tiboran Superliganing ikkinchi davra uchrashuvlariga start berildi.

Buxoroda "Buxoro" jamoasi mehmoni bo'lgan "Turon" so'nggi daqiqalarda gol urib 3:2 hisobida g'alaba qozondi. Shu kuni mehmonlar safida Shohmalik Komilov faolligi bilan jamoasini oldinga chorladi va asosiy figura bo'ldi. Mazkur uchrashuvdan so'ng uning fikrlari bilan qiziqdik. 

"Ikkinchi davraga yaxshi tayyorgarlik ko'rdik. "Rubin" bilan o'rtoqlik uchrashuvi barchamiz uchun yaxshi tajriba vazifasini o'tadi. Bu o'yindan ko'p narsa oldik. Ilk uchrashuvdanoq buning samarasi ko'zga tashlana boshladi. Jamoamiz yosh. Barcha o'zini ko'rsatishni istaydi. Ishtiyoq juda yuqori. Raqib maydonida faqat g'alaba uchun o'ynadik. Yakunda buning uddasidan chiqdik, deb o'ylayman. 

"Turon"ga har bir o'yinda yordam berishga harakat qilaman, to'xtab qolish xato hisoblanadi. Bundan ham yaxshi o'yin ko'rsatishimga ishongaman. Zaxiraga olinishim esa murabbiyning qarori. Bunga qarshi chiqib bo'lmaydi. Muhimi uch ochko o'zimizniki. 

Keyingi o'yin "Nasaf" bilan. O'yindan oldin biror narsa demagan bo'lardim. Shuni ayta olamanki, o'yindan-o'yinga qo'shib borishga, "Turon"ga oz bo'lsada hissamni qo'shishimni istayman",- deydi Shohmalik Komilov. 


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia