Sanjar Tursunov: "Yurakdan va chin dildan harakat qilsa, mundial chiptasini qo'lga kiritish mumkin"

Yaqindagina yangi hayotga qadam qo'ygan O'zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Sanjar Tursunov JCH-2018 saralash bosqichi oldidan o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"Terma jamoaning har galgi yig'iniga tashrif buyurayotganimizda albatta xursand bo'lamiz. Anchadan beri ko'rmagan o'rtoqlarimiz bilan ko'rishdik, ular bilan diydorlashamiz. Doimgidek terma jamoada muhit a'lo darajada. Endi barcha diqqat-e'tiborimiz Jahon chempionatining ikkinchi saralash bosqichiga qaratiladi. Xudo xohlasa ushbu bosqichdan o'tib olsak, yana o'z yo'nalishimizda davom etamiz. Hozirgi asosiy maqsadimiz avvalo guruhda birinchi o'rinni qo'lga kiritish. Barcha-barchaning istagi va orzusi bu mundialga yo'l olish. Yurakdan va chin dildan harakat qilsa, ushbu marrani zabt etsa bo'ladi. Oldimizda turgan har ikkala o'yinda kerakli natijalarni qo'lga kiritishimiz lozim. Yaqinda oila qurdim va yangi hayotga qadam qo'ydim. Har doim hayotda yangi voqealar, yangi rejalar bo'ladi. Xudoga shukur uylanib oldim. Endi bo'ynimdagi mas'uliyat yanada ortadi va buni his etib turibman. Terma jamoamiz bilan Eron va KXDRga qarshi o'yinlarda 100 foizlik natijani qayd etib, muxlislarni xursand etish va keyingi o'yinlarga ham puxta tayyorgarlik ko'rish", - deya fikrlarini bildirib o'tdi Sanjar Tursunov.

Klubdagi faoliyati haqida:

- O'ylashimcha, keyingi mavsumni ham "Vorskla" jamoasi safida o'tkazsam kerak. Hozirgi kunda bu narsa 95 foizga hal bo'lib turibdi.  Keyingi mavsumdan e'tiboran Yevropa ligasida ishtirok etamiz. Ushbu oy so'nggida klubga borib qo'shilaman va barcha masala o'shanda uzil-kesil hal bo'ladi. Ayni paytda esa bu haqida o'ylayotganim yo'q. Chunki bor e'tiborim terma jamoa ishtirokidagi o'yinlarga qaratilgan.


Shahboz Beg'amov suhbatlashdi.


Manba: championat.asia