Ro'ziqul Berdiev: "3:0 hisobida yutdik, ammo juda ko'p xato qildik. Traoreni yaqin orada ko'rasizlar. "Boksing dey"da maksimal ochko olishga urinamiz"

Narzulla Saydullayev
17 avg 2020, 21:12
"Nasaf" - "So'g'diyona" (3:0) uchrashuvidan keyin mezbonlar ustozi Ro'ziqul Berdiev o'z fikrlarini bildirdi.

"Uch ochko qo'lga kiritdik. 3:0 hisobida g'alaba qozonganimizga qarab xatolar bo'lmagan deb o'ylashingiz mumkin. Ammo xatolar ko'p bo'ldi. O'yinni yaxshi boshladik, vaziyatlar ham yaratdik. 2:0 hisobida oldinga o'tib olgach, to'p nazoratini yo'qotdik. Lekin oxirida raqib ko'proq hujumga e'tibor qaratgani bois uchinchi golni urdik", - deydi Ro'ziqul Berdiev. 

- "Dinamo"ga ijaraga berilgan legioner Faysal Traore "Nasaf"ga qaytarildi. Kecha u U-21 jamoasida to'liq harakat qildi. Uni qachon asosiy tarkibda ko'rishimiz mumkin?

- Uni tayyorlab boramiz. Kecha U-21 jamoasida yomon o'ynagani yo'q. Hali yosh futbolchi, universal o'ngda ham, chapda ham o'ynay oladi, chap qanot himoyada ham harakat qila oladi. Undan keyingi o'yinlarda foydalanishga harakat qilamiz.

- Avgust oyida Superliga klublarini o'ziga xos "boksing dey" kutib turibdi. "Nasaf" har 3 kunda o'yin o'tkazishga tayyormi?
- Bugungi o'yin ko'rsatdiki, ikkala jamoada ham kamchiliklar bor. Chunki o'yin tempi juda ham past bo'ldi. Bu xuddi kichik bir turnirdek gap, maksimal tarzda ochko to'plashga intilamiz.

- Klublarning Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o'tishi va OCHLga licenziya olishdagi muammo haqida eshitdingizmi? Bunga munosabatingiz qanday?

- O'yindan tashqari savol ekan. To'g'risi bu savolga javobim yo'q.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia