Rasman: Sherzod Esanov "Andijon"dan RPL klubiga o'tdi

Alisher
21 iyul 2024
"Andijon" yarim himoyachisi Sherzod Esanov faoliyatini RPLning "Akron" jamoasida davom ettiradi.

"Transfer oynasi ochilgan mahalda selekciya ishlari yanada jiddiy tus olgan.  Ma'lumki, Andijon tarkibida ko'plab iqtidorli, kelajagi porloq futbolchilar talaygina. Ular jamoamiz safida to'p surish orqali o'zlarini ko'rsatishmoqda va ko'plab skautlarning e'tiborini tortmoqda.

Qolaversa, jamoamizda transfer siyosati to'g'ri yo'nalishda olib borilayotgani o'z samarasini bermoqda. 

Jumladan, 21 yoshli yarim himoyachimiz, yoshlar terma jamoasi a'zosi Sherzod Esanovga Rossiyaning Akron jamoasidan jiddiy taklif tushdi. Natijada ikkala klub tomonidan olib borilgan muzokaralardan so'ng Esanov Akron jamoasiga transfer qilindi.

Shuni alohida takidlash joizki, Andijon klubidan ilk bor Rossiya premer-ligasiga o'yinchi transfer qilinishi hamda shu yilning o'zida jamoamizdan ikkinchi futbolchining (birinchi trasnfer Rubin Xebay) xorij klubiga sotilishi amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning mahsulidir.

Sherzod Andijon safiga 2022 yili qishda qo'shilgan bo'lib, qisqa fursat ichida o'z iqtidorini namoyish qila oldi. O'sha yilgi mavsumda Esanov Andijon safida chempionat va Kubok bahslarida hammasi bo'lib, 18 ta o'yinda maydonga tushib 3 ta gol urdi. O'tgan yilgi mavsumni ham jamoamiz bilan birga boshladi va 5 ta o'yinda qatnashdi. Ikkinchi davrada esa Olimpik klubiga ijaraga berildi. Joriy mavsum avvalida Esanov yana Andijonga qaytdi. Mavsumning birinchi qismida u chempionat va Kubokda hammasi bo'lib 15 ta bellashuvda ishtirok etib, 2 ta gol muallifiga aylandi hamda muxlislarning mehrini qozondi.

Sherzod bugun kechki payt Toshkent-Moskva yo'nalishida jo'nab ketdi. Faoliyatida ilk bor legionerga aylangan futbolchimizni yangi jamoasida katta qiziqish bilan kutishmoqda.

Uning yangi klubi Tolyattining Akron klubi ilk bor Rossiya premer-ligasida ishtirok etmoqda. Esanovga Andijondagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildiramiz va unga yangi klubida muvaffaqiyat tilaymiz", - deyiladi andijonliklar xabarida.


⚡️Sherzod Esanov tez orada Rossiya klubiga transfer qilinadi


AlisherMuallif
Manba: championat.asia