Qozog'istonning EVRO-2024ga chiqish imkoniyati, yangi mavsum qaysi klubda o'ynashi, "Ordabasi"dagi eng muhim goli haqida - Bobir Abdixoliqov bilan intervyu

Narzulla Saydullayev
4 noya 2023, 17:00
O'zbekiston milliy terma jamoasi va "Ordabasi" klubi hujumchisi Bobir Abdixoliqov kuni kecha championat.asia saytiga intervyu bergandi.

- "Ordabasi"dagi mavsum qanday o'tdi?
- Mavsum yaxshi o'tdi deb o'ylayman. Sababi klub bilan birga Qozog'iston chempioni bo'ldik, mamlakat kubogi finaliga chiqdik (suhbat 3 noyabr kuni bo'lgan). Konferenciyalar ligasida ham guruh bosqichiga chiqa olmagan bo'lsak ham munosib qatnashdik.

- Bu klub oldiga mavsum boshida chempionlik vazifasi qo'yilgandi. Shaxsan o'zingiz chempion bo'lishiga qanchalik ishongandiz?
- Chempion bo'lishimizga boshidan ishongandim. Sababi mavsum oldidan tarkibga jalb etilayotgan futbolchilar, legionerlarni ko'rgandim. Bir qator Qozog'iston milliy terma jamoasi a'zolari tarkibga qo'shib olingandi.




- Belarus chempioni to'purari sifatida Qozog'istonga ko'chib o'tdingiz. Ammo "Ordabasi"da ko'p gol ura olmadingiz. Buning sababi nimada?
- Birinchidan, ko'p imkoniyatlardan foydalana olmadim. Ikkinchidan, yangi jamoaga kelganim uchun baribir futbolchilar bilan til topishib ketishda biroz qiynaldim. Lekin asosiysi jamoamiz yakunda o'z oldiga qo'yilgan vazifalarni bajara olganidan xursandman.

- Ikki chempionatni taqqoslay olasizmi?
- O'xshash tomonlari ko'p. Farqi esa Qozog'istonda ko'p klublar besh himoyachi bilan o'ynar, asosiy urg'uni standart vaziyatlarga qaratar ekan.

- Qozog'iston stadionlari haqida nimalar deya olasiz? O'ziz o'ynagan eng yaxshi stadion qaysi bo'ldi?
- Qozog'istonda Belarusa nisbatan sun'iy maydonlari ko'proq ekan. "Qayrat" va "Tobol"ning uy stadionlari yaxshi holatda edi. Sun'iy maydon tabiiyga nisbatan qattiqroq bo'ladi, bu esa jarohat olish uchun xavfni oshiradi.

- Bu yil Qozog'iston chempionatining eng yaxshi futbolchisi kim bo'ladi deb o'ylaysiz?
- Menimcha "Ordabasi" yetakchisi Asxat Tagribergen eng yaxshi futbolchi bo'lsa kerak. Sababi u nafaqat klubda, balki Qozog'iston terma jamoasida ham yaxshi o'ynadi.

- "Ordabasi" safida eng muhim golingiz qaysi?
- Menimcha "Maqtaaral" bilan o'yinda urgan golim bo'lsa kerak. Sababi o'sha uchrashuvdan avval ikkita o'yinda yutqazib qo'ygandik va taqibchilarimiz ancha yaqinlashib qolishgandi. "Maqtaaral"ga uran golim jamoamga 3 ochko keltirdi va "Astana", "Aktobe" bilan farq yanada kamayib ketmasligiga zamin yaratdi.




- Qozog'iston milliy terma jamoasi Evro-2024 saralashida ajoyib ishtirok etmoqda. Qo'shnilarimizda Yevropa chempionatiga chiqish imkoniyati qanchalik deb o'ylaysiz?
- Yevropa chempionatiga chiqish imkoniyati yaxshi. So'nggi turda Sloveniyaga qarshi safardagi bahs barchasini hal qilib beradi.

- Bobir Abdixoliqov yangi mavsumda ham "Ordabasi"da qoladimi?
- Barchasi Qozog'iston kubogi finalidan keyin hal bo'ladi. Vaqt ko'rsatadi.

- Terma jamoamiz noyabr oyida JCH-2026 saralashidani o'z yurishini boshlaydi. Turkmaniston va Eron bilan bahslardan g'alaba kutsak bo'ladimi?
- Albatta, Turkmaniston va Eron bilan o'yinlarda g'alaba uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Nasib qilsa muxlislarni xursand qilamiz

- Qozog'istonda futbol jurnalistikasi qay darajada ekan?
- To'g'risi umumiy futbol OAVga e'tibor qila olmadim. Ammo o'z klubimizda ishlagan matbuot xizmati ajoyib ishladi deya olaman. Chunki "Ordabasi" klubi hayoti ijtimoiy tarmoqlarda a'lo darajada yoritib borildi.



O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia