

Sir emaski, O'zPFL o'z taqvim rejasini ancha avval e'lon qilgan bo'lib, unda barcha tur o'yinlari dam olish kunlariga rejalashtirilgan. Shuningdek, JCH-2026 saralashiga milliy terma jamoaning puxta hozirlik ko'rishi inobatga olinib, O'FA va O'zPFL kelishgan holda Superliganing 1 ta turini iyul oyiga qadar qoldirgandi. Buning evaziga milliy terma jamoa Abu Dabidagi hal qiluvchi o'yinga ertaroq jo'nab ketish va tayyorgarlik ko'rish imkoniyatiga ega bo'lgandi. Yani, JCH yo'llanmasi qo'lga kiritilishi uchun barcha 16 klub iyul oyidagi issiq ob-havoda tur o'yinlarini o'tkazishga rozi bo'lgan.
FIFA kunlaridan tashqarida o'tkaziladigan o'yinlarga esa legioner futbolchilarni jalb qilishning imkoni yo'q. Malayziya aynan shu sabab tufayli CAFA musobaqasida ishtirok etmaydigan bo'ldi. Eron esa mazkur musobaqaga legioner futbolchilarsiz kelishni rejalashtirmoqda. PFL talqiniga ko'ra, bunday holat O'zbekiston milliy terma jamoasi uchun ham manfaatli emas. Ikki yil avval FIFA kunlaridan tashqarida o'tkazilgan musobaqa hattoki Srechko Katanetsning ham etiroziga sabab bo'lgani borasida bizda ma'lumotlar bor. Sababi Katanets daraja jihatdan yuqoriroq turuvchi UEFA terma jamoalari bilan o'rtoqlik o'yinlari tashkil qilishni CAFA musobaqasidan foydaliroq deb hisoblagan.
Kuz oyida bir emas 3 ta FIFA kuni borligi, shuningdek, "Nasaf", "Andijon" kabi klublar xalqaro musobaqada ishtirok etishi taqvim tuzishni biroz murakkablashtiradi. O'zPFLga ko'ra, agar FIFA kunlariga qatiy amal qilinmasa, bu bora-bora Superliga dekabr oyining keyingi 10 kunligiga qadar cho'zilib ketishiga olib kelishi mumkin. Iqtisodiy holatdan kelib chiqib, Superliga klublari o'z futbolchilari bilan noyabr oyi so'ngiga qadar shartnoma tuzadi. Biroq o'yinlar dekabrga qadar qolib ketsa, shartnomalarga qo'shimcha o'zgartirishlar kiritish Superliganing har bir klubi uchun taxminan 70-90 ming AQSH dollariga tushishi mumkin. Umumiy hisobda 1 million dollardan oshib ketishi mumkin bo'lgan kompensaciya klublarga CAFA tomonidan to'lab berilmasligi tabiiy.
Shundan kelib chiqib, PFL har qanday holatda ham masalaga professional nuqtayi nazardan yondashish va FIFA nizomlarini hurmat qilishni talab qilmoqda.



