O'zbekiston ayollar termasi ustozi Midori Honda: "Raqiblarimizni kuchsiz hisoblamaymiz"

Sherzod Nurmatov
4 apr 2023
Parij-2024 Olimpiya o'yinlarining ayollar futboli bo'yicha Osiyo mintaqasi saralash bosqichi oldidan O'zbekiston terma jamoasi ustozi Midori Honda va hujumchi Kamila Zaripova ishtirokida matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Dastlab O'zbekiston ayollar termasi bosh murabbiyi Midori Honda fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

Saralash bosqichi haqida

- Biz bu o'yinlarga qadar bir yil mobaynida o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazdik. O'rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdik. Umuman olganda, bu bosqichga etarlicha tayyorgarlik ko'rdik, deb o'ylayman. 

Raqiblar haqida

- Raqiblarimizni o'rganib bordik va futbolchilarga ular haqida ma'lumotlar berib keldik. Xorijda tajribali jamoalarga qarshi o'yin o'tkazdik. Doimiy ravishda o'yinimizni tahlil qilib bordik. Bu o'yinlar bizga mazkur bosqichda yordam beradi. 

Raqiblarimizni kuchsiz hisoblamaymiz. Menda raqibni mensimaslik, degan tushuncha yo'q. Xususan, qizlarimiz ham bunday fikrda emas. Ular bu o'yinlarda raqiblarni hurmat qilgan holda maydonga tushadilar. 

Tarkib haqida

- Bizda yo'qotishlar yo'q. Jarohat olganlar ham sekin-astalik bilan tarkibga qaytmoqda. O'yinlarga tayyormiz. Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni qizlarimizni qo'llab-quvvatlash va motivaciya berish uchun uchrashuvlarga taklif qilib qolaman.   


So'ngra terma hujumchisi Kamila Zaripova fikrlari bilan bo'lishdi.

Saralash bosqichi haqida

- Murabbiy aytganidek, saralash bosqichiga qadar biz etarli tayyorgarlik ko'rdik deb o'ylayman. Xorijda ham o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazdik va ko'plab kuchli jamoalarga qarshi o'ynadik. 

Jamoaning ichki muhiti haqida gapirsam, hammasi yaxshi holatda. Biz bir-birimizni qo'llab-quvvatlagan holda harakat qilmoqdamiz. Barcha o'yinlarda g'alaba qozonishni maqsad qilganmiz.


Eslatib o'tamiz, Olimpiya o'yinlarining Osiyo mintaqasi saralash bosqichi "A" guruhidan o'rin uchrashuvlarga O'zbekiston mezbonlik qilmoqda. Bahslar 5, 8 hamda 11 aprel kunlari bo'lib o'tadi.


5 aprel | 17:00

O'zbekiston – Butan 

"Paxtakor" stadioni


8 aprel | 17:00

Timor Leste – O'zbekiston

"Paxtakor" stadioni


11 aprel | 17:00

O'zbekiston – Iordaniya 

"Paxtakor" stadioni


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ЎФА матбуот хизмати