OFK kubogi. Bugun "Nasaf" "Oltin Asr"ga qarshi o'ynaydi. Jamoa pley-offga chiqishga yaqin

Aziz Tukhtamuradov
20 may 2021, 07:32
Bugun OFK kubogida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan "Nasaf" jamoasi 3-tur doirasida Turkmanistonning "Oltin Asr" jamoasiga qarshi o'yin o'tkazadi.

Qarshiliklar 1-turda Qirg'izistonning "Oloy" jamoasini 4:0 hisobida mag'lub etgandilar. 2-turda esa mezbon "Xo'jand" jamoasi 3:0 hisobida taslim etildi. "Oltin Asr" esa bungacha 1 ta g'alaba va 1 ta durang qayd etgan. 

Bugun g'alaba yoki durang hamyurtlarimizni pley-off bosqichiga olib chiqadi. Turkmanistonliklarni esa faqat g'alaba qoniqtiradi. Mazkur bahs guruh g'olibi nomiga aniqlik kiritib beradi. 

Eslatib o'tamiz, OFK kubogida o'yinlar 3 ta turdan iborat va faqatgina birinchi o'rinni egallagan jamoalar avgust oyida o'tkaziladigan pley-off bahslariga yo'llanma olishadi. 

"Nasaf" ishtirokidagi o'yin bugun bizning vaqt bilan soat 17:00 da boshlanadi. Uchrashuv championat.asia saytida matnli translyatsiya qilinadi va "Uzreport" telekanali orqali jonli efirda namoyish etiladi. 


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: championat.asia