O'FF prezidenti “Metallurg-W” jamoasining taqdirlash marosimida qatnashdi

Narzulla Saydullayev
2 dek 2017
Xabaringiz bor, “Metallurg-W” ayollar futbol jamoasi 2017 yilda mamlakat chempionligi va O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritib, o'ziga xos “oltin dubl” qayd etdi.

Mana shu munosabat bilan bugun  Bekobod shahridagi metallurglar madaniyat saroyida jamoa a'zolari, klub murabbiylari va rahbarlarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

Marosimda O'zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov ishtirok etdi.


Umid Ahmadjonov “Metallurg-W” jamoasini yuksak natija bilan qutlar ekan, jumladan, shunday dedi
: “Bugungi kunda ayollar sportiga Jahon miqyosida juda katta e'tibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas albatta. Chunki kelajak avlod salomatligi ayollarimizga bog'liqdir. O'zbekiston Futbol Federatsiyasi oldida turgan asosiy vazifalardan biri mamlakatimizda ayollar futbolini rivojlantirish, ular o'rtasida futbolni yanada ommalashtirishdan iboratdir. Federatsiya bu borada barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib bermoqda.

Qo'lga kiritilgan yuksak natija bilan “Metallurg” ayollar jamoasini O'zbekiston futbol federatsiyasi va o'z nomimdan tabriklayman. Jamoa a'zolariga, murabbiylariga, klub homiysi hisoblangan “O'zbekiston Metallurgiya Kombinati” Akcionerlik jamiyatiga alohida o'zimni tashakkurimni bildiraman. Ishonamanki, bu qizlarimiz kelajakda Olimpiya terma jamoasi tarkibida xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini, uning obro'sini munosib himoya qiladilar”.


Shundan so'ng “Metallurg-W” jamoasi a'zolari, murabbiylar va klub rahbarlariga  chempionatning oltin medallari va O'zbekiston Kubogi topshirildi. Shuningdek, O'zbekiston Futbol Federatsiyasi va klub homiylari tomonidan qimmatbaho sovg'alar taqdim qilindi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com