

Avval xabar berganimizdek, ertadan olimpiyachilarimiz musobaqaga tayyorgarlik doirasidagi so'nggi yig'inga kirishadi.
Yig'in oldidan esa O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi va O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati Olimpiya terma jamoamiz murabbiylar shtabi bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuv davomida terma jamoa oldiga qo'yilgan vazifalar, oldindagi yakuniy o'quv-mashg'ulot yig'ini, Osiyo chempionatiga olib borilgan tayyorgarlik jarayoni muhokama qilindi. MOQ prezidenti Rustam Shoabdurahmonov va O'FA Birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov Lyubinko Drulovich boshchiligidagi murabbiylar shtabi bilan do'stona muloqot qilib, terma jamoadagi ichki muhit, futbolchilarning jismoniy hamda ruhiy tayyorgarligi bilan qiziqishdi. Terma jamoa a'zolariga zarur barcha shart-sharoit yaratib berilishi, ularning bor diqqat-e'tiborlari faqat va faqat oldindagi mas'uliyatli musobaqaga qaratilishi lozim ekani takidlandi.
O'z navbatida O'zbekiston olimpiya terma jamoasi murabbiylar shtabi bunday qo'llab-quvvatlashdan mamnun ekanliklarini bildirib, terma jamoaning barcha a'zolari Osiyo chempionatiga jiddiy tayyorgarlik olib borayotgani va zimmalaridagi ulkan mas'uliyatni his etib turishganini, nasib etsa qita birinchiligida bor mahorat ishga solinishini takidlashdi.




