OCHL. Yarim final. Lippi xulosa chiqarishga hali erta deb hisoblayapti

Narzulla Saydullayev
26 sen 2013, 12:20
Yarim finalning birinchi o'yinida “Guangju Evergrand”dan yirik g'alaba. Xitoyning “Guangju” klubi safarda to'p surgan bo'lishiga qaramay, 4:1 hisobidagi g'alabani qo'lga kiritdi.
Buning ustiga raqib kimsan Yaponiyaning eng nomdor jamoalaridan biri “Kashiva Reysol” edi.

Bahs yakuniga etgach, “Guangju” bosh murabbiyi Marchello Lippi o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi:

“Biz birinchi bo'lib to'p o'tkazib yubordik, buning ustiga jarima zarbasidan. Tanaffusdan keyin esa tezda o'zimizga kelib oldik va to'rtta gol urishga muvaffaq bo'ldik. To'g'ri, raqib tezkor futbol namoyish etdi, lekin shu kuni biz kuchliroq edik”.

“Men 64 yoshdaman va 30 yildan beri murabbiylik bilan shug'ullanib kelyapman, ammo shunga qaramay, javob bahsida nimalar ro'y berishini bilmayman. Futbolda oldindan nima bo'lishini hech kim aytib berolmaydi. Lekin OCHLni yutish uchun bor kuch bilan kurashishimiz shart”.

Eslatib o'tamiz, Marchello Lippi 1996 yil “Yuventus” bilan Yevropa chempionlar ligasini qo'lga kiritgan. Agar italiyalik mutaxassis “Guangju” bilan Osiyo chempionlar ligasida zafar quchadigan bo'lsa, ham Yevropada, ham Osiyoda klublar bilan eng nufuzli musobaqada zafar quchgan ilk murabbiyga aylanadi.

X.Xoliqov tayyorladi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia