OCHL qur'asi oldidan: "Paxtakor" nega 3-savatchada? Buning sababi shundaki...

Xayrulla Xoliqov
22 yanv 2021
Bugun saytimizda Osiyo chempionlar ligasi qur'asidan oldin jamoalar tushgan savatchalar e'lon qilindi.

Ma'lumki, 27 yanvar kuni bu yilgi OCHLga qur'a tashlanadi. Pandemiya tufayli barcha ishtirokchi klublarni bir joyga yig'ishning imkoni yo'q. Shu bois qur'a onlayn tartibda olib boriladi. 

Qur'a mexnazmiga ko'ra, har bir klub o'ziga tegishli savatchadan joy olgan. Ma'lumki, bu yildan boshlab OCHL guruh bosqichida 32ta emas, balki 40ta jamoa qatnashadi. Shunda G'arb mintaqasida 5ta, Sharq mintaqasida ham 5ta guruh bo'ladi. G'arbdagi guruh o'yinlari 14-30 aprel kunlari bo'lib o'tadi. 

OCHL-2021 musobaqasida "Paxtakor" O'zbekiston chempioni sifatida to'g'ridan to'g'ri guruhda o'ynaydi. "Paxtakor" garchi o'tgan yil chorak finalga qadar yetib borgan bo'lsa-da, uchinchi savatchadan joy olgan. Tabiiyki savol tug'iladi: nima uchun?

Keling, bu savolga javob berishdan oldin yana bir bor savatchalar bilan tanishib chiqsak. 

1-savatcha: "Al-Duhayl" (Qatar), "Al-Hilol" (Saudiya Arabistoni), "Persepolis" (Eron), "Sharja" (BAA), "Al-Sadd" (Qatar).

2-savatcha: "Al-Nassr" (Saudiya Arabistoni), "Traktorsozi" (Eron), "Shabab Al-Ahli Dubay" (BAA), "Al-Rayyan" (Qatar), "Al-Ahli" (Saudiya Arabistoni).

3-savatcha: "Paxtakor" (O'zbekiston), "Al-Vihdat" (Iordaniya), "Goa" (Hindiston), "Istiqlol" (Tojikiston), "Istiqlol" (Eron).

4-savatcha: "Al-Shorta" (Iroq), "Al-Garafa" (Qatar)/AGMK (O'zbekiston) g'olibi, "Al-Vahda" (Saudiya Arabistoni)/"Eyr Fors" (Iroq) g'olibi, "Fulad" (Eron)/"Al-Ayn" (BAA) g'olibi, "Al-Vahda" (BAA)/"Al-Zavra" (Iroq) g'olibi.

O'tgan mavsum "Paxtakor"dan past natija ko'rsatgan "Sharja" 1-savatchada, lekin "Paxtakor" 3-savatchada, nega? Muxlislarda shu kabi savol yuzaga kelishi tabiiy. Buning javobi shundaki, OFK klublarni savatchalarga bo'lib chiqishda eng avvalo mamlakatlarning reytingda tutgan o'rniga qaragan. 

Bu esa 1 va 2-savatchadagi jamoalar reytingda O'zbekistondan yuqorida turganini bildiradi. O'zbekiston OFK reytingida 6-o'rinda turibdi. Bizdan yuqorida Qatar, Saudiya Arabistoni, Eron, BAA va Iroq bor. BAA reytingda bizdan tepada bo'lgani uchun ham "Sharja" 1-savatchadan joy olgan. Xullas 1 va 2-savatchadagi jamoalarning hammasi reytingda bizdan baland. Shu bois shunday holat yuzaga keldi. 

Shu o'rinda OFK reytingiga ko'ra, G'arb va Sharq mintaqasining kuchli o'ntaligini keltirib o'tamiz. 

G'arb mintaqasi

1. Qatar

2. Saudiya Arabistoni

3. Eron

4. BAA

5. Iroq

6. O'zbekiston

7. Iordaniya

8. Hindiston

9. Tojikiston

10. Turkmaniston


Sharq mintaqasi

1. Xitoy

2. Yaponiya

3. Janubiy Koreya

4. Tailand

5. Avstraliya

6. Filippin

7. KXDR

8. Vetnam

9. Malayziya

10. Singapur


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia