

Sir emaski Farg'onaning “Neftchi” jamoasi o'zining eng yorqin damlarini mutaxassis Yuriy Sarkisyan davrida o'tkazgan.
Uning boshqaruvida klub ichki chempionatda sovrindorlar qatoridan joy olish barobarida xalqaro maydonda ham yomon taassurot qoldirmas edi.
Farg'onadagi eski stadionning o'zgacha fayzi bor o'yingoh klublar ishtirokidagi xalqaro o'yinlarni boshqa qabul qilmadi. So'nggi marotaba stadion 2012 yil OFK kubogi doirasidagi bahsga mezbonlik qilgandi.
Unda “Neftchi” Hindistonning “Salgaokar” klubini qabul qilgandi. Farg'onaliklar 2011 yil Oliy Ligada to'rtinchi o'rinni egallab OCHLdan keyingi o'rinda turuvchi musobaqaga yo'llanmani qo'lga kiritgandi. Esingizda bo'lsa o'sha vaqtlarda O'zbekiston uchun OFK kubogiga ham ma'lum bir kvotalar ajratilardi.

Xullas, qur'aga ko'ra yurtimiz sharafini himoya qilayotgan “Neftchi” “D” guruhida “Al-Vihdat” (Iordaniya), “Al-Oruba” (Ummon), “Salgaokar” (Hindiston) jamoalari bilan guruhdan chiqish uchun kurashishni boshladi. Keyingi bosqich yo'llanmasini qo'lga kiritish uchun so'ngi turda g'alaba qozonish yoki durang qayd etish talab etilardi. Chunki, bu paytga kelib vakillarimizda 8 ochko to'plab navbatdagi raund masalasini deyarli ijobiy tomonga hal qilib qo'yishgandi. Oxirgi turdagi g'alaba esa ortiqcha gap so'zga, hisob-kitobga o'rin qoldirmasdi. Raqibda esa yo'qotadigan hech narsasi yo'q edi.
2012 yilning 8 may kuni “Markaziy” stadionga 14 mingdan oshiq muxlislar o'z suyuklilarini qo'llab-quvvatlash uchun tashrif buyurishgandi. Stadionda haqiqiy futbol muhiti yuzaga kelgandi. Hozirda ko'pchilik o'sha damlarni qo'msashi tabiiy.
Uchrashuvdagi birinchi gol ishqibozlarni ko'p kuttirmadi. Hakam hushtagi yangrashi bilan tezkor hujumga o'tgan mezbonlar birinchi daqiqada Pavel Smolyachenkoning tezkor goli evaziga hisobni ochishadi. Ushbu futbolchi keyinchalik ham “Neftchi”da harakat qildi. Faoliyati davomida legioner sifatida horijda o'ynadi, Bekobodning “Metallurg” jamoasida to'p tepdi. Birinchi bo'limda darvozalarga boshqa to'p kiritilmadi. Ikkinchi bo'limning 50-daqiqasida Smolyachenko yana bir raqib posbonini bezovta qilishga majbur bo'ldi va ikkinchi to'pni kiritdi. O'yinda yetakchilikni qo'liga olgan Sarkisyan shogirdlari 77-daqiqada uchinchi golni urib amalda o'yin taqdirini uzil-kesil hal qildi. Gol muallifi – Anvar Berdiev. Mahoratli hujumchi 2012 yil jamoadagi so'ngi mavsumini o'tkazadi. Yil yakunida 19ta gol bilan chempionat to'purari bo'lgan Berdiev 2013 yil “Bunyodkor” jamoasining taklifini qabul qildi va Toshkentga yo'l oldi. Klub afsonasi endi murabbiy sifatida xizmat qilmoqda.
Ha, bugun biz yodga olgan OFK kubogi bahsi hozirgacha Farg'ona mezbonligida o'tgan so'ngi xalqaro bahs bo'ldi. Sababi "Neftchi" bitta uchrashuvdan iborat 1/8 finalni "Arbil"ga qarshi safarda o'tkazib mag'lub bo'lib musobaqani tark etadi. O'sha mavsumdan so'ng “Neftchi”ning ishlari ortga keta boshladi, turnir jadvalida quyi o'ringa sho'ng'idi. 2013 yil “Guliston” bilan bahsdan so'ng Sarkisyan iste'foga chiqarildi. Afsuski, 2012 yil “Neftchi”ning xalqaro maydonda ishtirok etgan so'nggi mavsumi bo'ldi.
Oradan 14 yil o'tib esa klub yana o'zining shonli muvaffaqiyatlarini takrorlashni boshladi, O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritdi va Elit OCHLga yo'llanma oldi. “Eyr-Fors” bilan bo'ladigan o'yin tarixiy qaytish bo'ladi.
OFK kubogi. Guruh bosqichi. 6-tur
“Neftchi” (O'zbekiston) – “Salgaokar” (Hindiston) 3:0
08.05.2012. Farg'ona Qirguli, “Markaziy” stadion. 14000 tomoshabin.
Bosh hakam: Muhtar Al Yarimi (Suriya)
Gollar: Pavel Smolyachenko 1, 50 Anvar Berdiev 77.
“Neftchi”: Hislat Chilmatov, Shavkat Nasibullaev, Muhsin Nizomiddinov, Iqbol Boboxonov, G'ayrat Jumaev, Sardor Mirzaev (Otabek Isroilov, 85), Sherzod Hakimov, Pavel Smolyachenko (Izzat G'aniev, 67), Anvar Berdiev, Fahriddin Xolmurodov, Sardor Soibov, Anvar Berdiev.
Bosh murabbiy: Yuriy Sarkisyan.
Abdulaziz Iskandarov tayyorladi



