"Navbahor" – "Qo'qon-1912" uchrashuvida bosh hakam namanganliklar foydasiga penalti belgilamagani uchun ogohlantiriladi

Sherzod Nurmatov
17 mar 2022
Coca-Cola Superligasining 3-turidan o'rin olgan "Navbahor" – "Qo'qon-1912" (2:0) uchrashuvida hakamlar tomonidan qabul qilingan qarorlar bo'yicha O'FA Hakamlar bo'limining xulosasi ma'lum qilindi.

"34-daqiqada "Navbahor" vakillari hujum uyushtirgan vaqtda namanganlik hujumchi (Zoran Marushich – tahr.) tepgan to'p "Qo'qon-1912" futbolchisi (Murod Xolmuhamedov – tahr.)ning o'ng qo'liga tegib, maydonni tark etdi. Mazkur vaziyatda bosh hakam (Rahimbek Karimov – tahr.) burchak to'pi belgiladi. 

Ushbu holatda himoyachining qo'li tabiiy ravishda emas va to'p undan o'tganda bo'sh qolgan darvozaga kirar edi. Mutaxassislar fikriga ko'ra, mazkur holatda penalti va yaqqol goldan mahrum qilgani uchun himoyachiga nisbatan qizil kartochka ko'rsatilishi kerak edi. 

Yuqoridagi vaziyat o'yin taqdiriga emas, balki hisobiga ta’sir ko'rsatgani inobatga olinib, bosh hakamga nisbatan ogohlantirish va o'yinda ishlagani uchun past baho beriladi", – deyiladi rasmiy xulosada.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ЎФА матбуот хизмати