Zayniddin Tojiev: "Diyor Tojiev hozir Portugaliyada, yanvarda transfer masalasi hal bo'ladi"

6 sen 2026, 19:23
Proliganing 18-turidan o'rin olgan "Lochin" - "G'azalkent" (1:1) uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev matbuot anjumanida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- Uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan bo'lishsangiz... 

- O'yinga keladigan bo'lsak, juda qiyin uchrashuv bo'lishi kutilgan edi. Bolalar birinchi bo'limda berilgan ko'rsatmalarni bajarishdi, o'yin strukturasini buzib qo'yishmadi. Keyin gol urdik. O'tkazib yuborgan golimizga to'xtaladigan bo'lsak, endi hakamlarni tanqid qilish emas-u, lekin  bizning o'yinchimizga nisbatan raqib o'yinchisi qo'pol ravishda qoidani buzgandi. O'sha yerda yon hakamning shundoq ko'z oldida bo'lgan narsa. O'sha yerda o'yinni to'xtatganda, bu vaziyat ham bo'lmasdi. Umuman olganda, o'ynadik. Biz ham, "Lochin" jamoasi ham bu natijadan qoniqmagan bo'lsa kerak.

- Zaxiradan tushgan futbolchilar o'yinga qanchalik kuch bag'ishlay olishdi? 

- Baribir zaxiradan qo'shilgan o'yinchilarga, yoshlarga imkoniyat berdik. Bugun 99-raqamda tushgan o'yinchimiz, keyin hujumga Alievni ham tushirdik. Yoshlarga imkoniyat beryapmiz. Mana shunday tajriba orttirib, ularning kelajakda o'sishiga, o'ziga bo'lgan ishonchni ortirishiga juda qo'l keladi deb o'ylaymiz. Oldimizda muayyan bir  maqsad yo'q, shuning uchun yosh bolalarni o'ynatish, tajriba to'plash va ularni kelajakda yaxshi jamoalarga kuzatish kabi vazifamiz bor. Shu vazifaga tayanib, qo'rqmasdan yosh bolalarni tushiraveramiz - o'yin amaliyotiga ega bo'lishlari uchun. Endi kuchaytirdimi-kuchaytirmadimi, baribir kimdir tushib ketolmadi, kimdir kuchaytirdi. Buni tahlil qilgan holda bolalarga sekin-sekin tushuntiramiz. Yaxshi tomonini ham, xato qilgan tomonlarini ham - bu faqat ish jarayonida bo'ladigan narsa.

- "G'azalkent" hozir mehmon jamoasi bo'lib qolgan: mehmondagi o'yinlarda natija yaxshiroq bo'lmoqda. Bu nimaga bog'liq?

- Bu narsani biz ham izlanyapmiz. O'zimizning maydonimiz yo'qligi sababi ham bordir. Lekin biz ham izlanishdamiz, bolalar bilan gaplashyapmiz. "O'yinga tayyormiz" deyishadi, lekin uyda o'ynaganda kichik xatolar, detallar mag'lubiyatga olib kelyapti. Shuning uchun oldimizda rivojlanish uchun ishlaymiz, bolalarga xatolarini ko'rsatib, ularni takrorlamaslikka harakat qilamiz. Bu oddiy jarayon, xato qilmaydigan o'yinchining o'zi yo'q. Qancha ko'p xato qilishsa, shuncha ko'p bizga ish bo'ladi - o'shalarni bartaraf qilib, ularni katta futbolga yaxshi futbolchi qilib tayyorlab bera olamiz.

- Jamoaga o'yinchilarni yetishtirib sotish bo'yicha yillik reja qo'yilganmi?

 - Yo'q, endi bu narsa, bu yillik… Biz xususiy jamoamiz,  misol uchun hozir biz o'zimizning rahbarimizga yordam qilamiz desak, biz qancha ko'p futbolchi tayyorlab bersak chetga ketadigan qilib, shuncha bu katta loyiha o'zini oqlaydi. Endi baribir yilni boshladik, yilni tugatamiz, keyin xulosa qilamiz. Yilning boshida kelgan, qanaqa darajada kelgan bolalarning hamma narsasi bizda bor. Misol, birinchi davra tugadi, o'sish bormi-yo'qmi, bizda u narsalar bor. Hozir yilning oxiriga kelamiz, o'sish bormi-yo'qmi, keyin xulosa qilgan holda keyingi yilga reja tuziladi.

- Jamoa yetakchisi Diyor Tojiev bir necha o'yindan beri tarkibda ko'rinmayapti, bu nimaga bog'liq? 

Diyor Tojiev hozirgi paytda Portugaliyada. Bunga sabab: yanvar oyida, xudo xohlasa, uning transferi hal bo'ladi. Hozir u erga yuborilganining sababi - Portugaliya jamoasining iqlimiga, filosofiyasiga moslashishi, adaptaciya jarayonidan o'tishi uchun bu narsa reja asosida qilindi. Biroz vaqtdan keyin qaytadi, lekin transfer tafsilotlari yanvar oyida e'lon qilinadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia