Mxitaryan xavfsizlik sabab “Karabax”ga qarshi o'ynamaydi

Aziz Tukhtamuradov
1 okt 2018
“Arsenal” yarim himoyachisi Genrix Mxitaryan Yevropa Ligasi guruh bosqich 2-turidan o'rin olgan “Karabax”ga qarshi o'yinni o'tkazib yuboradi, deb xabar bermoqda The Telegraph nashri.

Armanistonlik futbolchi xavfsizlik nuqtayi nazaridan Ozarbayjonda o'tkaziladigan uchrashuvga bormaslikka qaror qildi. Ikki mamlakat mana bir necha yildirki, siyosiy ziddiyatlar og'ushida qolmoqda. Diplomatik aloqalar ham deyarli amalga oshirilmaydi. 

Takidlash joiz, joriy mavsum Yevropa Ligasining final uchrashuvi aynan Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo'lib o'tadi. Agar “Arsenal” finalga qadar yetib borsa, hal qiluvchi uchrashuvda Mxitaryanning xizmatidan foydalana olmaydi. 

Ma'lumot uchun, “Karabax” -“Arsenal” uchrashuvi 4 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 21.55da boshlanadi. Joriy mavsumda 29 yoshli Mxitaryan “Arsenal” tarkibida 7ta o'yinda maydonga tushib, bitta gol kiritdi va 3ta golli uzatmaga mualliflik qildi. 


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: