

Jahon futboli tarixida murabbiylar va futbol federatsiyalari o'rtasidagi moliyaviy mojarolar tez-tez uchrab turadi. Biroq 2019 yilda Eron futbol federatsiyasi va belgiyalik mutaxassis Mark Vilmots o'rtasida sodir bo'lgan voqea nafaqat Eron, balki butun Osiyo futboli tarixidagi eng halokatli va qimmatga tushgan shartnoma bekor qilinishi sifatida eslanadi.
Sakkiz yil davomida Eron terma jamoasini muvaffaqiyatli boshqargan Karlos Keyrush ketganidan so'ng, Eron futbol federatsiyasi uning o'rnini munosib to'ldira oladigan mashhur murabbiy qidiruviga tushdi. 2019 yilning may oyida tanlov Belgiya terma jamoasining sobiq ustozi Mark Vilmotsga tushdi. U bilan yiliga qariyb 2,2 million evrolik maoshni ko'zda tutuvchi ko'p yillik shartnoma imzolandi. Asosiy maqsad – Eronni navbatdagi Jahon chempionatiga olib chiqish edi.

Vilmotsning Erondagi faoliyati juda qisqa va omadsiz kechdi. U terma jamoani bor-yo'g'i 6 ta o'yinda maydonga olib tushdi (shundan faqat 3 tasi rasmiy o'yin edi). Jamoa Jahon chempionati saralashi doirasida Bahrayn va Iroqqa kutilmaganda mag'lub bo'ldi.
Ammo muammoning ildizi maydondagi natijalarda emasdi. AQSH tomonidan Eronga nisbatan joriy qilingan qattiq bank sankciyalari tufayli futbol federatsiyasi Vilmotsning maoshini uning xalqaro hisob raqamlariga o'tkaza olmay qoldi. Maoshi bir necha oylab kechikkanidan g'azablangan murabbiy shartnomani bir tomonlama bekor qildi va 2019 yilning noyabr oyida Eronni tark etdi.
Vilmots ketgach, FIFAga murojaat qilib, shartnoma oxirigacha bo'lgan barcha pullarni tovon puli sifatida undirib berishni talab qildi. Bundan tashqari, u Eron tomonini shartnoma shartlarini buzganlikda aybladi.
2020 yilda FIFA Eron futbol federatsiyasini Vilmotsga 6,1 million evro to'lashga majbur qiluvchi qaror chiqardi. Eron tomoni bu hukmdan shokka tushdi, chunki bu miqdor mamlakat sporti tarixidagi eng katta jarima edi. Federatsiya darhol Sport arbitraj sudiga (CAS) apellyaciya berdi. Uzoq davom etgan sudlashuvlardan so'ng, CAS jarima miqdorini biroz kamaytirib, taxminan 3,3 million evro (va kechiktirilgan kunlar uchun jarima foizlari) etib belgiladi, biroq bu ham Eron uchun ulkan yo'qotish edi.
Bu mojaro Eron futbolini tom manoda inqiroz yoqasiga olib keldi va maydondan tashqaridagi qator muammolarni keltirib chiqardi:
Sud xarajatlari va Vilmotsga tovon pulining bir qismini to'lash uchun federatsiya davlatga qarashli "Shasta" investiciya kompaniyasidan 2 million evro miqdorida qarz olishga majbur bo'ldi.
Federatsiya bu qarzni vaqtida qaytara olmagach, "Shasta" kompaniyasi sud orqali Eron futbol federatsiyasining Tehrondagi bosh binosini va hatto "Persepolis" klubiga qarashli bazi obektlarni musodara qildi.

Bu holat rahbariyatning shartnomalarni qanchalik xato tuzishini fosh qildi. Mahalliy OAV va muxlislar federatsiyani mablag'larni o'ta mas'uliyatsizlik bilan sarflashda ayblab, keskin tanqid ostiga oldi.
Ushbu shartnomani imzolagan federatsiya prezidenti Mahdi Toj tanqidlar ostida iste'fo berdi (go'yoki sog'lig'i sababli), ammo keyinchalik yana rahbarlikka qaytdi. Eron parlamenti va aksilkorrupsiya organlari ushbu shartnoma yuzasidan uzoq vaqt surishtiruv olib borishdi.
Xulosa qilib aytganda, Mark Vilmotsning Erondagi 6 ta o'yini mamlakat futboliga millionlab evrolarga tushdi. Bu mojaro infratuzilmani rivojlantirish yoki yoshlar futboliga yo'naltirilishi mumkin bo'lgan ulkan mablag'larning shamolga sovurilishi va sport menejmentidagi tarixiy xato sifatida darsliklarga kiritishga arziydi.
JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul
Promokodni faollashtirish HAVOLASI
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



