Muhsin Nizomiddinov: "O'rtaga Superliga yo'llanmasi tikilgani uchun yigitlarda bosim kuzatildi"

Sherzod Nurmatov
5 dek 2023
Superliga o'tish o'yini doirasidagi "Qo'qon-1912" – "Qizilqum" (1:2) uchrashuvidan so'ng qo'qonliklar bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinov fikrlarini bildirib o'tdi.


- O'yin haqida

- Muxlislarbop o'yin bo'ldi. O'rtaga Superliga yo'llanmasi tikilgani uchun yigitlarda bosim kuzatildi. Og'ir o'yin bo'lishini kutgandik. Ayrim futbolchilarda shamollash bor edi, lekin shunga qaramay, futbolchilar borlarini berib o'ynashdi. Hayot davom etadi. "Qizilqum" jamoasini Superligada qolgani bilan tabriklaymiz. Muxlislardan uzr so'raymiz. Ular qanday ob-havo kuzatilmasin, bir yil davomida bizni qo'llab-quvvatlab turishdi. 

- "Qo'qon-1912" nimaning hisobiga mag'lubiyatga uchradi deb o'ylaysiz? Tajribami yo charchoqmi? 

- Bitta o'yinda hamma narsa bo'lishi mumkin. Mag'lubiyat sababi ozgina diqqat-e'tiborli bo'lish etishmadi. Boshida diqqat-e'tiborni yo'qotib, kichik xatolarga yo'l qo'ydik.

- Sanat Shixovni nega asosiy tarkibda tushirmadingiz? Jarohati bormidi?

- Yo'q. Bir oyda 2 ta o'yinda qatnashdik xolos. O'rtoqlik o'yinlari ham bo'ldi, ammo bu rasmiy emas. Jamoamizda virus tarqalishi ro'y berdi. Sanat Shixov ham shamollab qoldi. Asosiy tarkibda o'ynashga kuchi yetmaydi deb, zaxiradan o'yinni kuchaytirishga tushirishni istagandim. 

- Anvar Hojimirzaevga boshqa jamoalardan takliflar bormi?

- Ko'ramiz. Yigitlar bilan shartnomamiz bor. Anvar Hojimirzaev boshqa jamoada bundan ham yaxshi o'ynay oladi, ammo "Qo'qon-1912"ning uni qo'yib yuborish niyati yo'q.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia