Muhammadali O'rinboev: "Yevropaga yana yo'l olish? Yaxshi yangiliklar bo'lib qoladi"

Оқил Абдубарноев
11 may 2025
Superliganing 9-turidan o'rin olgan "Paxtakor" – "Buxoro" (6:0) uchrashuvidan so'ng mezbonlar yarim himoyachisi Muhammadali O'rinboev o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"O'yin avvalida jarayonga kirishib ketishga qiyinchiliklarga uchradik. Guvohi bo'ldingiz, o'z darvozamizdan birinchi bo'lib to'p o'tkazib yubordik, ammo gol bekor qilindi (o'yindan tashqari holat sababli "Buxoro"ning goli inobatga olinmadi – tahririyat). O'zimizga kelib olishimizga ozgina vaqt kerak bo'ldi. Raqib darvozasini ilk marta ishg'ol qilganimizdan so'ng o'yin ochiq ruhda davom etdi va g'alabaga erishdik. 

Gollar urganimdan va o'zim kutgan o'yinni namoyish eta olganimdan juda xursandman. Bunda yangi murabbiyning ta’siri deya olmayman. Sababi, bizning vazifamiz maydonga tushib, o'z iqtidorimizni namoyon etish va g'alabaga hissa qo'shish hisoblanadi. Jamoa muxlislarini ham g'alaba bilan tabriklayman. 

Futbol shunday sport turiki, har doim bir tekislikda yurishning iloji yo'q. Nasib qilgani bo'ladi. Tayyorgarlik yaxshi bo'lyapti. Endi "Nasaf"ga qarshi o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz va faqat g'alaba uchun maydonga tushamiz. 

Yevropaga yana yo'l olish? Xudo xohlasa, shu ruhda davom eta olsam, yaxshi yangiliklar bo'lib qoladi", dedi 20 yoshli futbolchi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia