Mirziyod Mirodilov: “Agar imkoni bo'lganida, golimni jamoaning g'alabasiga almashgan bo'lardim”

Aslanov Jasurbek
3 iyun 2026, 17:32
Jamoamiz PRO-Liga 9-turi doirasida safarda "Sho'rtan" jamoasi bilan bahs olib boradi.

Mazkur bahsga tayyorgarlik jarayoni boshlab yuborilgan va biz esa o'tgan turda mavsumdagi ilk golini urishga muvaffaq bo'lgan himoyachimiz Mirziyod Mirodilovni suhbatga chorladik.

Avvalgi turda, “Kattaqo'rg'on” bilan o'yinda chempionatdagi birinchi golingizni urishga muvaffaq bo'ldingiz.

Ha, gol o'tkazib yuborgach, biz hisobni tenglashtirib olishimiz kerak edi. Shu sababli ikki hissa kuch bilan oldinga tashlandik. Ketma-ket hujumlar uyushtirdik va bo'lim oxirida raqib darvozasiga yo'l topdik. O'ng qanotdan Maksvel to'pni jarima maydonchasi tomonga uzatganda ichimdan qandaydir narsa o'tdiki, boshqacha ishonch bilan to'pga intildim va hattoki sheriklarimni ham ortda qoldirib, to'pni darvozaga yo'lladim. O'sha vaziyatda darvozabon ham buni kutmagan ko'rinadi, to'p yo'nalishini faqat tomosha qildi. Gol urishga erishganimdan juda xursand bo'ldim, ammo natija biz kutgandek bo'lmadi. Imkoni bo'lganida golimni jamoaning g'alabasiga alishgan bo'lardim.

Chempionat startida zaxirada qolib ketayotgandingiz, kubok bahslaridan boshlab maydonda ko'rinish beryapsiz...

Mashg'ulotlarda hamma astoydil ter to'kmoqda, mehnat qilmoqda. Albatta, istalgan futbolchi maydonga tushishni istaydi, ammo murabbiy ham jamoa uchun eng maqul variantni tanlaydi. Ulkan tajribaga ega Ilhom aka boshchiligidagi murabbiylar shtabi mashg'ulotlar, o'yinlardagi harakatlaridan kelib chiqib, kim qanday holatda ekanligini baholab borishadi. Biz futbolchilar esa imkoniyat berilganda tayyor bo'lib, undan unumli foydalanishimiz va jamoaga foyda keltirishimiz talab etiladi.

Murabbiyimiz kamroq o'yin amaliyotiga ega bo'layotganlarga kubok bahslarida imkon berilishi haqida ogohlantirgandi. Amalda ham shunday bo'ldi. Men esa maydonda o'zimning kuchli jihatlarimni ko'rsatishga harakat qilyapman xolos.

Oldinda “Sho'rtan” bilan yana bir muhim bahs kutib turibdi

Ha, raqib jadvalda bizdan bir pog'ona yuqorida joylashgan. Safarda bo'lishiga qaramay, biz g'alaba uchun maydonga tushamiz. Jamoa a'zolari ham bu bahsga jiddiy tayyorgarlik ko'rishmoqda. Biz o'z kuchimizga ishonamiz va maydonda murabbiylarimiz ko'rsatmasini to'liq bajarishga harakat qilamiz.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: Металлург матбуот хизмати