"Milan" Menyanga klub tarixidagi eng yuqori maoshni taklif qildi

Sherzod Nurmatov
9 yanv 2026
"Milan" o'z darvozaboni Mayk Menyanga jamoa uchun rekord hisoblanadigan maosh bilan yangi shartnoma taklif etishni lozim topdi.

Bu haqda insayder Fabricio Romano ijtimoiy tarmoqlarida xabar qildi.

Manba ma'lumotlariga ko'ra, klub fransiyalik posbonga yiliga 5 mln evrogacha maosh to'lashga tayyor - bu "Milan"dagi maoshlar limiti doirasidagi eng yuqori oylik, shuningdek, salmoqli bonuslar ham nazarda tutilgan. Agar yangi kelishuv imzolansa, Menyan jamoaning eng ko'p maosh oluvchi futbolchilaridan biriga aylanadi va hujumchi Rafael Leau bilan teng darajada bo'ladi.

Muzokaralar hali yakunlanmagan, biroq klub rahbariyati optimistik kayfiyatda: hozircha "Milan" taklifini ortda qoldira oladigan boshqa klublar yo'q. Menyan yaqin vaqt ichida javob berishi kutilmoqda.

Darvozabonning amaldagi shartnomasi 2026 yilning iyunigacha amal qiladi. Joriy mavsumda u "Milan" safida 18 o'yin o'tkazib, 8 ta uchrashuvda darvozasini daxlsiz saqladi. Transfermarkt bahosiga ko'ra, Menyanning qiymati 25 mln evroni tashkil etadi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: x.com/FabrizioRomano