Marokash bosh murabbiyi – Senegalga qarshi mojaroli o'yin haqida: "Afrika futboli ko'rinishi juda sharmandali bo'ldi"

Khoja
19 yanv 2026
Marokash terma jamoasi bosh murabbiyi Valid Regragi Afrika Millatlar Kubogi finalidagi Senegalga qarshi o'yin (0:1) mojarosi haqida gapirdi.

"Biz yaratgan Afrika futboli ko'rinishi juda ancha sharmandali bo'ldi. Butun jahon ko'z o'ngida o'yinni 10 daqiqadan ortiq to'xtatish zarurati – bu juda ham chiroyli ko'rinmadi. Futbol bazan shafqatsiz bo'ladi va bugun biz mag'lub bo'ldik. Biz finalda imkoniyatlar kam bo'lishini bilamiz va ulardan foydalanish kerak. So'nggi soniyalardagi penalti bizga chempionlikni olib kelishi mumkin edi, ammo bu taqdirda yozilmagan ekan. Bu haqda soatlab gaplashish mumkin, lekin umid qilamanki, bu jamoa yanada kuchliroq qaytadi", - deya Regragining so'zlarini France24 nashri keltiradi.

Eslatib o'tamiz: Senegal darvozasiga qo'yilgan bahsli penaltidan so'ng senegallik bosh murabbiy Pap Tyav jamoani maydondan olib chiqib ketgandi. Keyinchalik Sadio Mane futbolchilarni qaytarib keldi va Braim Dias penaltini "panenka" uslubida tepdi, ammo to'p to'g'ridan-to'g'ri darvozabon Eduard Mendi qo'liga tushdi. Qo'shimcha vaqtda Pap Geye urgan gol Senegalga g'alaba keltirdi.


KhojaMuallif
Manba: France24