

Sababi, ularni yuqoridagi yulduzlarga qiyoslash boshlanadi va tarozi yangilar tomonga og'ishi mushkul. O'tgan yili ham legionerlar klubga katta yordam bergani yo'q: Emil Kenjisarievga birinchi davra tugamasdan javob berib yuborildi, Devid Karni davrlar oralig'ida ketdi, Slavolyub Jorjevich zahiraga mixlandi, Yan Kozak o'zimiznikilardan yuqori o'yin ko'satgani yo'q. Aniqrog'i, o'zimiznikilar yuksak shijoat namoyon etdilar va Mirjalol Qosimov jamoasi asosan mahalliy yigitlarga tayanib, Osiyo chempionlar ligasi yarim finaliga yetib bordi, O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritdi va milliy birinchilikda vice-chempion unvoniga sazovor bo'ldi.
Bu yil ham klub legionerlar hizmatiga muhtoj emasdek ko'ringandi, sababi qishki o'quv-yig'inlarda horijliklardan bir nechtasi ko'rikdan o'tgan bo'lsa-da, ular bilan shartnoma imzolashga shoshilinmadi. Faqatgina OCHLga yuboriladigan ro'yhatning yakuniy qismida 2 legioner nomi qayd etildi: serbiyalik yarim himoyachi Marko Blajich hamda ukrainalik hujumchi Oleksandr Pishur. Ukrainalik hujumchi birinchi davrada asosiy ishi, yani to'purarlik qobiliyatini namoyon etdi. U milliy chempionatning 13ta o'yinida maydonga tushib, 12 gol muallifiga aylandi hamda jamoaning birinchi davra bo'yicha to'purari maqomini qo'lga kiritdi. Blajich esa ikki tomonlama taassurot qoldirdi. Vaqtida asosiy tarkibning ajralmas qismiga aylandi, bazida esa xatto zahiradan bo'lsa ham maydonga tushirilmadi. “Bunyodkor”ning so'nggi, kubok bahsidagi Muborakdagi o'yinda Blajich asosiy tarkibda maydonga tushdi, Oleg Zoteevni gollik pas bilan taminladi va uchrashuvning eng faol o'yinchilaridan biri bo'ldi. Muborak-Buxoro-Toshkent yo'nalishida klubning serbiyalik legioneri bilan dildan suhbatlashish imkoniyati paydo bo'ldi.
“TAN JONINGIZ SOG' BO'LSIN!”
Marko bilan ilk marta ko'rishganimda, yuqoridagi jumlalar bilan murojaat qilganida, quloqlarimga ishonmaganman. Keyin jamoadoshlarining “Qalay, zo'r o'rganib olibdimi?” degan hazilomuz so'zlaridan keyin, gap nimadaligini tushunganman. “Bunyodkor” asosiy jamoasida darvozabonlar murabbiyi Abdusattor Raximov, kim bilan ko'rishishidan qatiy nazar, “Tan-joningiz sog' bo'lsin!” deb so'rashishini barcha biladi. Yaxshimi-yomonmi, tanishmi-begonami, katta odammi-yosh bolami farqi yo'q, qo'lini ko'ksiga qo'yib “Tan-joningiz sog' bo'lsin” deydi. Uning bu odatni kanda qilmasligini ko'rgan Blajich, ushbu jumlaning manosi bilan qiziqibdi. Unga so'zma-so'z tarjima qilib berishgach, bir zumda yodlab olib, kim bilan ko'rishsa, shuni takrorlaydigan bo'lgan ekan.
“FUTBOL O'YNAB, PUL TOPISHGA MAHKUM QILINGANMAN...”
“Men Belgraddan uncha uzoqda bo'lmagan Mladenovac shahrida tavallud topganman” deya hikoya qilishni boshladi Marko. “Shahrimiz kichkinagina, 50 mingga yaqin axolisi bor xolos. Oilada 4 kishi bo'lganmiz: ota-onam, opam va men. Bundan 18 yil oldin, 38 yoshlarida onam bedavo dardga mubtalo bo'ldilar: qattiq qon bosimidan miya qon tomirlari yorilib ketdi. Shifokorlar volidamning hayotini saqlab qolgan bo'lsalar-da, to'shakka mixlanib qoldilar. Uy ichida xarakatlana oladilar, biroq tashqaridagi oddiy quyosh nuri ham ularga xavfli. O'sha paytda men 10 yoshda edim va mahalliy futbol maktabida shug'ullanardim. Ota-onamning kichik restorani bor edi va oilamiz ro'zg'ori o'shaning hisobiga tebratilardi. Keyinchalik opam turmushga uzatildi va otam restoranni sotib, onamga o'zlari qaray boshladilar.
Mening qo'limdan futbol o'ynashdan boshqa narsa kelmasdi va shukr qilaman, aynan shu soxada pul topadigan bo'ldim va baxoli-qudrat otamga yordam bera boshladim. Onamga qimmat dorilar bilan muloja qilshga to'g'ri kelardi. Otam restoranni sotgach, mablag' masalasida qiyinchilikka duch kelar va xar safar men uyga pul olib kelganimda ikkovimizdan baxtli odam bo'lmasdi. 20 yoshimda mahalliy “Mladenovac” klubiga qabul qilindim. 2 yil davomida 33 martta maydonga tushib, 6 gol muallifiga aylandim. Keyingi 2 yil “Chukarichki” sharafini himoya qildim va ko'rsatkichlarim 2 baravar oshdi: 64 o'yin, 11 gol. Va nihoyat bolalikdagi orzuim ushaldi – menga Belgradning “Crvena Zvezda” klubidan taklif tushdi...
“BLAJICHNING NARHI – 3 YARIM MILLION EVRO!”
“Crvena Zvezda” klubi evrokuboklarda qatnashgani uchun ham, u yerda mamlakatning boshqa jamoalariga qaraganda yaxshi maosh to'lanardi. Undan ham yaxshi tomoni, klub transfer bozorida faol ishlardi va o'zini ko'rsatgan o'yinchilarga horijdan yaxshi takliflar chiqib turardi. Bu borada bir kuni mening ham omadim chopishiga ishonardim. Va o'sha kun keldi! Shveytsariyaning “Son” klubi bilan murosasiz o'yin 3:3 hisobida yakunlandi. Men o'sha kuni “Crvena Zvezda”ning 2 goliga mualliflik qildim. O'yin tugashi bilan, shveytsariyaliklar mening transferim uchun 1 million evro to'lashga rozi ekanliklarini bildirishdi. Bunga javoban “Crvena Zvezda” prezidenti “3 yarim million to'langlar va Marko sizniki” deya javob qaytardi. “Son” o'z taklifiga yana yarim million qo'shdi – men uchun 1 yarim million evro taklif qilindi!
Afsuski, yurtdoshlarim mening taqdirimdan ko'ra o'z cho'ntaklarini afzal bilishdi va 3 yarim milliondan pastiga ko'nishmadi. Men darg'azab bo'lib, klub prezidentiga o'z etirozlarimni bildirdim. Evaziga zahira o'rindig'iga mixlandim va ko'p o'tmay Slovakiyaning “Rujomberok” klubi ixtiyoriga o'tdim. Shu tariqa baxt qushi boshimga qo'nmay uchib ketdi, xasis rahbar esa 1 yarim million evrodan quruq qoldi...
“BAXTIMNI TOPDIM – O'RNIMNI YO'QOTDIM...”
Slovakiyadagi bir yillik faoliyatimdan so'ng, meni Rossiyaning “Amkar” klubi o'z safiga qo'shib oldi. Permliklarning o'sha paytdagi murabbiyi Rashid Raximov menga uncha ishonqiramay qaragandi. Lekin jamoni Miodrag Bojovich qabul qilib olgandan keyin, hammasi o'z o'rniga tushdi. Men asosiy tarkibning ajralmas qismiga aylandim! Hayotim ham o'z iziga tusha boshladi: uyga yuborayotgan pullarim miqdori oshdi, bo'lajak umr yo'ldoshimni topdim va yozgi davralar oralig'iga to'y kunini belgiladik. “Amkar” bilan shartnomam yil so'nggida nihoyasiga yetishi kerak edi. Klub rahbariyati Bojovich tavsiyasiga binoan yarim yil oldindan menga yana 2 yillik shartnoma taklif qildi. Men Belgraddagi to'y va asal oyidan qaytib kelgach, bu masalaga alohida qaytishimizni aytdim. Sababi, bundan keyingi hayotim faqat o'zimga emas, ikkinchi yarmimga ham tegishli edi.
Xar bir inson uchun sevgan kishisi bilan visol oqshomi eng unutilmas lahzalardan biri bo'lishi tabiiy. Men ham ana shunday onlarni boshdan o'tkazganim uchun shukr qilaman. Lekin Permga qaytganimda yana hammasi ostin-ustun bo'lib ketdi. Davralar oralig'ida klubda murabbiylar shtabi almashgan, Bojovich jamoani tark etgan, yangi murabbiy Rustem Xuzin esa yangi jamoa tuzishga kirishgandi. Klubdagilarga yangi shartnoma haqidagi taklifni eslatsam, yangi murabbiy tavsiya bersagina degan iltifotli javob bilan cheklanishdi. Bu orada Rossiya futbolida legionerlarga cheklov haqidagi qoida kuchga kirdi va yana zahira o'yinchisiga aylandim...
“BRAZILIYADA MENGA NIMA BOR?”
2012 yilni kuzatish va 2013 ni kutib olish qandaydir mavhumlikda kechdi. Bir tomondan rafiqam menga farzand hadya qilib, dunyodagi eng baxtli otalar qatoriga qo'shdi. Boshqa tomondan, bundan keyingi faoliyatim qanday kechadi, endi qayerda o'ynayman degan savollar xavoda muallaq turardi. “Amkar” bilan baribir kelisha olmadim va shu yil boshida klub meni transferga qo'ydi. Endi o'zim bilmagan va tasavvur ham qila olmaydigan takliflarni o'rganishimga to'g'ri kelgandi. Shuning uchun ham tanishlarimdan biri "Ziko va Skolari ishlagan, Rivaldo o'ynagan jamoaga o'tishni istaysanmi?” deb so'raganida, “Braziliyada menga nima bor?” deb savolga savol bilan javob qaytarganman. Chunki ularni faqatgina Braziliyaning qandaydir klubi bog'lagan bo'lsa kerak deb tahmin qilgandim. Vaxolanki, gap “Bunyodkor” haqida borgan ekan. Kechasi bilan internetda O'zbekiston haqida ma'lumotlar to'pladim. Bir vaqtlar “Crvena Zvezda”da birga to'p surgan hamyurtim, hozirda Toshkentning “Paxtakor” klubi sharafini himoya qilayotgan Boyan Miladinovichning telefonini topdim va barcha savollarimga javob oldim. Endi eng asosiysi qolgandi – “Bunyodkor” meni tanlashi lozim edi...
Toshkentliklar safiga Turkiyadagi so'nggi yig'inda borib qo'shildim. Xali shartnoma to'g'risda gap ham yo'q, men 1-2 nazorat o'yinida o'zimni ko'rsatishim va shundan so'nggina shartnoma shartlari to'g'risida mavzu ko'tarilishi oldindan ma'lum edi. Men mashg'ulotlar va o'yinlarda shijoat bilan xarakat qildim, xar bir to'p uchun jon-jahdim bilan kurashdim. Lekin avvalgi yig'inlarda ishtirok etmaganim sababli, jismoniy xolatim qoniqarli axvolda emasdi. Shukrki, Mirjalol Qo'shoqovich menga ishonch bildirdi, lekin shart qo'ydi: ”Seni OCHLga ro'yhatdan o'tkazamiz, lekin barqaror o'yin ko'rsatmasang, bu yerda ham zahira o'yinchisiga aylanasan...”
TOSHKENTDAGI SERBLAR UYUSHMASI VA RASULNING OSHI
Toshkent menga juda ham yoqdi. Vatanim xali ham notinch, uyushgan jinoyatchilik avj olgan. Perm shahri tinch bo'lsa ham, qandaydir sovuq nigohlar va har kim o'z qobig'iga o'ranib olgan edi. Toshkentda esa mutlaqo boshqacha kayfiyat hukmron. Kishilar bir-biriga mehribon va xushmuomilali. Tinchliksevar el va fayzli mamlakat. Jamoadoshlarim ochiqko'ngil yigitlar, lekin ular bilan kuniga uzog'i bilan 3 soat birgaman. Qolgan vaqtlarda zerikib qolmaslik uchun, kunni yurtdoshlarim bilan birga o'tkazaman. Boyan Miladinovich bilan deyarli xar kuni, “Olmaliq” a'zolari Darko Stanoevich va Igor Petkovichlar bilan imkon bo'ldi deguncha uchrashib turamiz. Bu yerda o'ziga xos serblar uyushmasi tuzganmiz. To'g'ri, Serbiya tamomlariga ixtisoslashgan restoranni uchratmadik, lekin muhimi bu emas. Birinchidan, Toshkentda tanlov juda ko'p: Italiya va Fransiya restoranlari, Turk oshxonasi va o'zbek milliy taomlari. Ikkinchidan biz birga ovqatlanish uchun to'planmaymiz, balki bir piyola choy ustida gurung qilgani.
O'zbek milliy taomlari rang-barangligi va bir-biriga o'xshamasligi bilan ajralib turadi. Osh haqida alohida gapirmoqchiman. “Bunyodkor”da o'yindan bir kun oldin kechqurun albatta osh qilinishi ananaga aylangan ekan. Ochig'ini aytsam, boshida rosa qiynaldim. Organizmim o'rganmagani uchun hazm bo'lishi qiyin kechdi va anchagacha uxlolmasdim. Keyin esa nafaqat o'rgandim, balki osh eng sevimli taomlarimdan biriga aylandi. Qizig'i, palov xar xil joylarda turlicha tayyorlanarkan, ularning hammasi mazali. Lekin menga klub oshpazi Rasulning oshi juda yoqadi. Rasul bizga safar o'yinlarida hamroxlik qilgani uchun ham, qaerga bormaylik, o'zimizning tanish osh dasturxonga tortiladi. Shuning uchun ham men o'yindan oldingi kechki taomni intizorlik bilan kutishga odatlandim...
MEN ALBATTA “BUNYODKOR”DA QOLISHIM KERAK!
Davralar oralig'ida bizga 5 kunlik tatil berishdi va men bu orada Vatanimga borib kelaman. Oilamni juda sog'indim. Onamning yonlarida bir kun o'tiraman. Shuncha zo'rlasam ham, ota-onam mening Belgraddagi kvartiramga ko'chib kelishmadi va Mladenovacdagi qadrdon uylarida qolishdi. Mayli, qayerda bo'lishsa ham umrlari uzoq bo'lsin. Belim va oyoqlarimda kuchim bor ekan, ularni xech narsaga muhtoj qilmayman. Men yolg'iz o'g'ilman va buning mas'uliyatini juda yaxshi anglayman. Rafiqam qizalog'im bilan yaqinda Toshkentga kelib kyetishdi. Qizalog'im 10 oylik bo'lgani uchun ham mehmonxonada kichkintoylarga ovqat tayyorlash bir muncha qiyin kechdi. Lekin oilamga Toshkent juda ham yoqdi. Endi O'zbekistonga qaytgach, “Bunyodkor” bilan tog'dagi mashg'ulotlarni davom ettiraman. Mashg'ulotlar Toshkentga ko'chgach, ijaraga kvartira olaman va oilam bilan o'sha yerda yashayman.
“Bunyodkor”dagi faoliyatimdan juda ham qoniqdim deb ayta olmayman. Onamning og'irlashib qolganlari va ayolimni dard tutayotgan paytida qattiq ruhiy siqildim va bu maydonda ham ta’sirini ko'rsatdi. Lekin bularni bahona uchun keltirayotganim yo'q. Men professionalman va har qanday vaziyatda ham o'zligimni saqlab qolishim kerak. Oilam bu erga ko'chib kelgach, hammasi izga tushib kyetishiga ishonaman. Men o'zimning eng yaxshi o'yinlarimni “Bunyodkor” safida ko'rsatishim va murabbiylar ishonchini qozonib, shartnomam muddatini uzaytirishim lozim. So'nggi 3 yilda 4 jamoani almashtirdim va bu ijobiy holat emas. Endi “Bunyodkor”da muqim o'rnashib olish uchun bor imkoniyatlarimni ishga solishim kerak. Mirjalol Qo'shoqovich samimiy inson va mahoratli murabbiy. Birinchi bor uni ko'rganimda bu yosh murabbiy menga nimani o'rgatishi mumkin degan savol ham fikrimdan kechgandi. Bilishimcha, u o'z ishining ustasi va kasbining fidoyisi. Shunday mutaxassis qo'l ostida o'ynashni o'zimga sharaf deb bilaman. Meni zahirada qoldirganida undan emas, o'zimdan hafa bo'laman - murabbiy ishonchini qozona olmayotganim uchun. Lekin yana takror aytaman, men hali o'z so'zimni aytaman, “Bunyodkor”ning yorqin g'alabalariga o'z hissamni qo'shaman! “Bunyodkor” – yillar davomida men izlagan jamoa va men bundan-buyon ham uning bir qismi bo'lib qolishni istayman!”
Abror IMOMXO'JAEV yozib oldi.



