

Ushbu musobaqaga Avstraliya mezonlik qiladi va turnirda O'zbekiston ayollar milliy terma jamoasi ham ishtirok etadi.
Ma'lumot uchun, mazkur qita birinchiligida 12ta jamoa g'oliblik uchun kurash olib boradi. Jamoalar uch guruhga bo'lingan bo'lib, O'zbekiston ayollar terma jamoasi B guruhida o'z o'yinlarini o'tkazadi.
"A" guruhi: Avstraliya, Janubiy Koreya, Eron, Filippin.
"B" guruhi: O'zbekiston, KXDR, Xitoy, Bangladesh.
"C" guruhi: Yaponiya, Vetnam, Hindiston, Xitoy Taypeyi.



Terma jamoamiz taqvimi quyidagicha ko'rinish olgan:
3 mart. KXDR - O'zbekiston
6 mart. O'zbekiston - Xitoy
9 mart. Bangladesh - O'zbekiston
Xabaringiz bor, ayni paytda O'zbekiston ayollar terma jamoasini litvalik murabbiy Kotrina Kulbite boshqarib kelmoqda. Ushbu murabbiy qo'l ostida qizlarimiz o'tgan yil Osiyo chempionatiga yo'llanma olgani katta voqelik bo'ldi. Buning sababi O'zbekiston ayollar terma jamoasi 2006 yildan beri Osiyo chempionati final bosqichiga chiqa olmay kelayotgandi.


Tarixga yuzlanadigan bo'lsak, 1995-2003 yillar oralig'ida o'tkazilgan qita birinchiliklarida ayollar terma jamoamiz qatnashgan, lekin 2006 yilgi Osiyo chempionati saralash bosqichidan o'ta olmaganmiz va bu noxush holat shundan beri davom etib kelayotgandi.
2025 yilning 5 iyul kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston - Nepal uchrashuvi hammasiga nuqta qo'ydi. Hashamatli "Bunyodkor" stadionida kechgan ushbu bahsni ayollar futboliga befarq bo'lmaganlar juda yaxshi eslaydi. O'yin durang bilan yakuniga etadi va hayajonga boy penaltilar seriyasida qizlarimiz g'olib chiqib, uzoq yillik yo'llanmani qo'lga kiritishadi.
Mana endi biz ham Osiyo chempionatidamiz. OFK ushbu musobaqani juda chiroyli o'tkazishni maqsad qilgan. Ma'lumki, butun dunyoda FIFA, konfederatsiyalar va associaciyalar tomonidan ayollar futbolini ko'tarishga zo'r berib harakat qilinmoqda. OFK rasmiy sayti Osiyo chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoalar murabbiylari va yulduz futbolchilari bilan suhbatlar uyushtirmoqda.

Yaqinda O'zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Kotrina Kulbite OFK saytiga intervyu berdi. Quyida murabbiyning eng asosiy fikrlarini keltirib o'tamiz. Tabiiyki o'zaro muloqot Nepal bilan o'yinni yodga olishdan boshlandi.
- O'zbekiston ayollar terma jamoasining Osiyo chempionatiga chiqishi unutilmas voqea bo'ldi, - deya fikr bildirdi litvalik murabbiy. - Umuman olganda, O'zbekistonga kelganimdan beri har kunimni unumli o'tkazishga harakat qilyapman va har bir kun turli voqealarga boy bo'lyapti. Bir yil oldin O'FAdan taklif tushganida juda iliq qabul qildim. Mamlakatda ayollar futboliga e'tibor oshayotganini his qilib, men ham bu rivojlanishning bir bo'lagi bo'lishni istadim.
Kotrina Kulbitening aytishicha, terma jamoa Osiyo chempionati yo'llanmasiga ega chiqishi O'zbekiston ayollar futbolida yangi davr boshlanayotganidan darak beradi.
- Bu biz uchun katta voqea. Bu shunchaki natija emas, balki futbolga qiziqadigan minglab yosh qizchalar uchun katta futbol eshiklari ochilishi ham demakdir. Bu natija keyingi avlod faoliyatiga katta ta’sir qiladi deb o'ylayman. Bu faqat terma jamoa yoki o'yinchilar yutug'i emas, bu yutuq hammaniki. Qanday qilib O'zbekistonda ayollar futbolini ko'tarish borasida har kuni soatlab bosh qotiramiz. Turli rejalar va g'oyalar ustida ish olib boriladi. O'FA ayollar futboli bo'limi bu borada dadil ish olib boryapti deb ayta olaman. Men o'ylaymanki, O'zbekistonda ayollar futboli katta salohiyatga ega.
Shu yilning yanvar oyida 33 yoshni qarshilagan Kotrina Kulbite futbolchilik faoliyatini 24 yoshda yakunlagan bo'lib, shundan beri murabbiy sifatida ishlab kelmoqda. Darvoqe u 2025 yil yakunlariga ko'ra, o'z yurti Litvada "Yilning eng yaxshi ayollar murabbiyi" deb topildi. Va bu mukofotni qo'lga kiritish uning faoliyatida ketma-ket ikkinchi bor ro'y berdi.
- Men har doim muvaffaqiyat ortidan quvaman, - deydi yevropalik mutaxassis. - Futbolni tugatgach, o'zimni murabbiy sifatida sinab ko'rishga qaror qildim va bu kasb menga baxt keltirishini sezdim. O'ylashimcha, futbolda yosh muhim rol o'ynamaydi. Xuddi shuningdek nozik jins vakilasi bo'lish ham hech narsani anglatmaydi. Muhimi, o'z ishingizni astoydil bajarishda. Men har doim o'z ishimni tugatgach, bugun nima qildim, shogirdlarimga nimani o'rgatdim va ertaga nima bera olaman degan xayol bilan yuraman.

Yana bir ma'lumot shuki, Kotrina Kulbite murabbiylik faoliyatini turli akademiyalarda maruza o'qish bilan boshlagan, shuningdek Litva U-15 va U-17 qizlar terma jamoalarida yordamchi murabbiy bo'lib ishlagan. Keyinchalik u mamlkatdagi eng mashhur ayollar jamoalaridan biri FK "Vilnyus"ni uch yil davomida boshqardi. Shuningdek, 2021 yil Litva ayollar milliy terma jamoasida yordamchi murabbiy hamda U-17 qizlar jamoasida bosh murabbiy bo'lib ishladi. Osiyoga yo'l olishdan oldinroq esa Litva U-17 terma jamoasini boshqarayotgandi.
Kotrina Kulbite ingliz va rus tillarida erkin so'zlasha oladi. U 2023 yil UEFA Pro licenziyasini qo'lga kiritib, litvalik ayol murabbiylar orasida UEFA Prosi bor dastlabkisi bo'ldi. Shundan so'ng O'zbekistondan tushgan taklifni qabul qilib Toshkent sari parvoz qildi.
- Yangi taklif, yangi chaqiriq men uchun ajoyib bo'ldi, - deydi Kotrina. - O'zbekistonda odamlar juda yaxshi, xushmuomala va mehmondo'st. Men yangi muhitga tezda moslashib ketdim. O'zimni xuddi shu erlik deb his qila boshladim. Bu esa maydondagi ishimga ham yaxshi ta’sir ko'rsatmoqda. Aytib o'tganimdek, men bu erga ayollar futboli rivojiga hissa qo'shish maqsadida kelganman va oz bo'lsayam amalga oshirsam o'zimni juda baxtiyor sezaman.


Kotrina Kulbite boshchiligida O'zbekiston ayollar terma jamoasi oxirgi 9ta o'yindan beri mag'lubiyatga uchramay kelmoqda. Avstraliyada bo'lib o'tadigan Osiyo chempionatida ham ushbu yoqimli anana davom etishini hammamiz istaymiz. Buning uchun esa tayyorgarlik zo'r bo'lishi kerak.
- Musobaqaga tayyorgarlik yaxshi ketyapti, - deya aytib o'tdi terma jamoamiz ustozi. - Bir nechta yig'inlar tashkil etdik, o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazyapmiz, bu esa qita birinchiligida o'z mevasini berishi kerak. Hozir biz uchun eng muhimi kurashuvchan jamoani tuzib olish. Albatta, biz uchun guruhdan chiqish yaxshi natija bo'ladi. 23 yil deganda Osiyo chempionatiga chiqqan jamoa uchun bu katta voqea bo'ladi. Biz o'sishda davom etishimiz kerak. Biz har doim Ayollar Osiyo chempionatida qatnashishni xohlaymiz. Martga qadar bir nechta rejamiz bor: shularni navbati bilan amalga oshirishga harakat qilamiz. Keyin esa bor e'tiborni Avstraliyadagi turnirga qaratamiz.
Xayrulla Xoliqov tayyorladi.



