"Manchester Siti"ning yetakchi futbolchilari YCHLdagi mag'lubiyatdan so'ng, Norvegiyaga borgan muxlislarining harajatlarini qoplab berishga qaror qilishdi

Administrator
21 yanv 2026
"Manchester Siti" futbolchilari Chempionlar ligasining Norvegiyadagi "Bude-Glimt"ga qarshi o'yiniga borgan muxlislarga safar xarajatlari va chiptalar narxini qoplash taklifini ilgari surdi.

"Manchester Siti" noqulay sovuq ob-havoda kutilmaganda kamtar raqibiga 1:3 hisobida mag'lub bo'ldi. Bernardu Silva, Ruben Diash, Rodri va Erling Holand muvaffaqiyatsiz natijani inobatga olib, o'yinga tashrif buyurgan 374 nafar jamoa muxlislarining barcha xarajatlarini qoplashga qaror qilishdi.

"Muxlislarimiz biz uchun hamma narsadan qimmatli. Ular bizni qo'llab-quvvatlash uchun dunyoning turli burchaklaridan kelishlarini va bu qanday fidoyilik ekanligini yaxshi bilamiz. Buni hech qachon e'tibordan chetda qoldirmaymiz. Ular dunyodagi eng ajoyib muxlislar.

Shuningdek, maydondagi og'ir kechada, qahraton sovuqqa qaramasdan, bizni qo'llab-quvvatlash uchun uzoq yo'l bosib kelgan muxlislarimizning say-harakatlarini tan olamiz. Bodoga safar qilgan muxlislarimizning chiptalar uchun to'lagan pullarini qoplash - bu biz uchun ularning oldidagi eng kichik burch", deyiladi "Siti"ning asosiy futbolchilari bergan qo'shma bayonotda.

"Manchester Siti" Chempionlar ligasining asosiy bosqichida 7-o'rinni egallab turibdi va 1/8 finalga to'g'ridan-to'g'ri chiqish uchun davogarlik qilmoqda.


AdministratorMuallif
Manba: Sky Sports