"Manchester Siti" yetakchilaridan biriga yangi shartnoma taklif qiladi

Sherzod Nurmatov
5 avg 2025, 14:07
"Manchester Siti" rahbariyati yaqin vaqt ichida ispaniyalik yarim himoyachi Rodri Ernandesga yangi shartnoma taklif qilishni rejalashtirmoqda.

Nufuzli insayder Fabricio Romanoning so'zlariga ko'ra, Manchester klubi 29 yoshli ispaniyalik futbolchi bilan 2029 yilning yoziga qadar amal qiladigan yangi shartnoma imzolashga tayyor. Rodri norvegiyalik Erling Holanddan keyin "Siti"ning eng ko'p maosh oluvchi futbolchilaridan biriga aylanishi mumkin. 

Yarim himoyachining "shaharliklar" bilan amaldagi kelishuvi 2027 yilning iyuniga qadar mo'ljallangan. 

Avvalroq matbuotda "Real" Rodrini qo'lga kiritishni xohlayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Eslatib o'tamiz, Rodri xochsimon bog'lami uzilgani sababli deyarli butun mavsumni o'tkazib yuborgandi. Ispaniyalik futbolchi APLda atigi 3 ta o'yinda qatnashdi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: x.com/FabrizioRomano